IKKINCHI IMKON: YOSHLARGA ISHONCH VA YANGI KASB

Iyul 23, 2026 - 20:54
 0  5
IKKINCHI IMKON: YOSHLARGA ISHONCH VA YANGI KASB

Mamlakat taraqqiyotini ta’minlaydigan eng muhim omillardan biri — inson kapitalidir. Har bir insonning bilim, kasb va mehnat salohiyati nafaqat uning shaxsiy kelajagini, balki jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligini ham belgilaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, jazoni o‘tayotgan yoshlarni jamiyatga qayta moslashtirish va ularning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi uchun sharoit yaratish zamonaviy davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ana shu maqsadga xizmat qiluvchi muhim hujjatlardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-martda qabul qilingan “Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–117-son qaroridir. Mazkur qaror jazoni ijro etish tizimi faoliyatiga yangicha yondashuvni joriy etib, yoshlarni jazolash emas, balki ularni mustaqil hayotga tayyorlash g‘oyasini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ozodlikka chiqqan yoshlar uchun eng katta sinov jazoni o‘tash muddatining tugashi emas, balki undan keyingi hayotda munosib ish topish, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish va jamiyat ishonchini qayta qozonishdir. Kasbsizlik hamda mehnat bozori talablariga mos ko‘nikmalarning yetishmasligi ko‘plab yoshlarning ijtimoiy moslashuvini murakkablashtiradi. Shu bois qarorda “Ikkinchi imkon” milliy ijtimoiy reabilitatsiya loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Loyihaning nomi ham uning mazmunini to‘liq ifodalaydi. U inson xatoga yo‘l qo‘ygan taqdirda ham uning kelajagiga nuqta qo‘yilmasligini, aksincha, bilim va kasb orqali hayotini yangidan boshlash imkoniyati yaratilishini anglatadi. Bunday yondashuv xalqaro amaliyotda keng qo‘llanilayotgan reabilitatsiya tamoyillariga hamohang bo‘lib, inson kapitaliga investitsiya kiritishning samarali shakllaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Qarorga muvofiq, dastur bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab 2026-yil 1-iyundan boshlab Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida joriy etiladi. To‘plangan amaliy tajriba asosida esa 2027-yil 1-martdan respublikaning barcha hududlaridagi tegishli muassasalarga tatbiq qilinishi rejalashtirilgan. Bunday yondashuv davlat boshqaruvida keng qo‘llaniladigan pilot loyihalar tamoyiliga asoslanib, islohotning samaradorligini baholash va zarur hollarda uni takomillashtirish imkonini beradi.

O‘quv jarayonining mazmuni ham zamonaviy mehnat bozori talablaridan kelib chiqib shakllantirilgan. Jazoni ijro etish muassasalari hududida tashkil etiladigan 8–12 oylik intensiv kurslarda ishtirokchilar raqamli texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya sohasiga oid zamonaviy kasblar hamda ingliz, rus, xitoy kabi xorijiy tillarni o‘rganadilar. Ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga elektron sertifikatlar berilishi ularning keyinchalik mehnat bozoriga kirishini yengillashtiradi.

Mazkur tashabbusning iqtisodiy ahamiyati alohida e’tiborga loyiq. Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Dasturlash, grafik dizayn, veb-ishlanmalar, raqamli xizmatlar va masofaviy mehnat kabi yo‘nalishlar geografik cheklovlarga deyarli bog‘liq emas. Demak, jazoni ijro etish muassasasida egallangan bilim va ko‘nikmalar ozodlikka chiqqan yosh uchun qisqa muddat ichida daromad manbaiga aylanishi mumkin. Bu esa uning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash bilan birga, jamiyatga muvaffaqiyatli moslashuviga ham xizmat qiladi.

Inson kapitali nazariyasi nuqtai nazaridan ham mazkur qaror muhim ahamiyat kasb etadi. Jazoni o‘tayotgan yoshlar iqtisodiyot uchun yo‘qotilgan resurs emas, balki vaqtincha mehnat bozoridan chetda qolgan inson kapitalidir. Ularga zamonaviy bilim va kasb berish orqali davlat yangi iqtisodiy faol qatlamni shakllantirishga xizmat qiladi. Natijada mehnat bozori samaradorligi oshadi, bandlik darajasi ortadi hamda ijtimoiy xarajatlar qisqaradi.

Shuningdek, xalqaro tadqiqotlar kasb-hunarga o‘qitish va ta’lim dasturlarida ishtirok etgan mahkumlar orasida takroran jinoyat sodir etish holatlari sezilarli darajada kamayishini ko‘rsatmoqda. Bu esa reabilitatsiyaga asoslangan yondashuv nafaqat insonparvarlik nuqtai nazaridan, balki iqtisodiy samaradorlik jihatidan ham o‘zini oqlashini tasdiqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, PQ–117-son qarorni faqat jazoni ijro etish tizimiga oid normativ-huquqiy hujjat sifatida baholash yetarli emas. U inson kapitaliga sarmoya kiritish, raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash, ijtimoiy adolatni mustahkamlash hamda yoshlarni jamiyatga qayta integratsiya qilishga qaratilgan kompleks davlat siyosatining muhim tarkibiy qismidir. “Ikkinchi imkon” loyihasi esa har bir inson bilim va mehnat orqali o‘z hayotini yangidan qurish imkoniyatiga ega ekanini amalda namoyon etadi. Zero, taraqqiy etgan jamiyatning eng muhim belgisi xato qilgan insonni chetlatish emas, balki uni jamiyatning faol va foydali a’zosiga aylantira olishidir.

Akbarov Abdulhamid 
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta o‘qituvchisi,
iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)