Toshkent xalqaro investitsiya forumi — 2026: yangi iqtisodiy ufqlar va strategik sheriklik sari

Iyun 26, 2026 - 13:55
 0  4
Toshkent xalqaro investitsiya forumi — 2026: yangi iqtisodiy ufqlar va strategik sheriklik sari

Markaziy Osiyo iqtisodiy hayotida muhim o‘rin egallab borayotgan Toshkent yana bir bor jahon biznes hamjamiyatining diqqat markazida bo‘ldi. Joriy yilning 16–18-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimiz tarixidagi eng yirik va samarali xalqaro iqtisodiy tadbirlardan biri sifatida yakunlandi.

“Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi sheriklik” shiori ostida o‘tgan bu yilgi forum o‘z ko‘lami, mazmuni va erishilgan natijalari bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Tashkilotchilarning yakuniy ma’lumotlariga ko‘ra, forumda 10 ming 400 nafardan ziyod ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 3 ming 800 nafardan ortig‘i dunyoning 102 davlatidan kelgan xorijiy delegatlar edi. Bu ko‘rsatkich forumning xalqaro nufuzi yildan-yilga ortib borayotganini yaqqol namoyon etadi.

Forumning yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda tadbirkorlik va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay muhit, huquqiy kafolatlar, investitsiya xavfsizligi hamda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish borasidagi islohotlarning izchilligini alohida ta’kidladi.

Xorijiy hamkorlar O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi barqaror o‘sish sur’atlari, ochiq iqtisodiy siyosati va investitsiyalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholab, mamlakatimizni Markaziy Osiyodagi eng jozibador investitsion markazlardan biri sifatida ko‘rayotganliklarini bildirdilar.

Uch kun davom etgan qizg‘in muloqotlar, panel sessiyalari va B2B uchrashuvlari yakunida jami 43,1 milliard AQSh dollariga teng 166 ta yirik kelishuv va investitsiya shartnomalari imzolandi. Bu natija o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 41 foizga, 2023-yildagi darajadan esa qariyb 3,9 baravar yuqoridir. Taqqoslash uchun, 2023-yilda 11 milliard dollarlik 164 ta bitim tuzilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 26,6 milliard dollarga, 2025-yilda esa 30,5 milliard dollarga yetgan edi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, imzolangan hujjatlar faqat umumiy deklaratsiyalar emas, balki aniq muddatlari, moliyaviy manbalari va amaliy ijro mexanizmlariga ega bo‘lgan strategik loyihalardir. Investitsiyalarning asosiy qismi iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlariga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, yashil energetika sohasida quyosh, shamol va vodorod energiyasini rivojlantirish bo‘yicha yangi yirik majmualar qurish, infratuzilma va transport yo‘nalishida transchegaraviy transport yo‘laklarini kengaytirish hamda logistika markazlarini modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida esa sanoat tarmoqlariga raqamli yechimlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Bunday loyihalar mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, forum doirasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning xalqaro investorlar uchun ochiq, barqaror va ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi.

Xulosa qilib aytganda, beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekiston iqtisodiyotining jahon bozoriga integratsiyalashuvini yangi bosqichga olib chiqdi. Imzolangan shartnomalar yaqin yillarda mamlakatimizda minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ilg‘or texnologiyalar kirib kelishi va pirovardida xalqimiz farovonligining oshishiradi.

Xoldarova Fariza Tixtabayevna,
TDIU “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi dotsenti v.b., PhD