Inson ekologiyasi – atrof-muhit bilan o‘zaro institutsional munosabatlar tizimi

Joriy yil 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, “Global o‘zgarishlar instituti” raisi Toni Blerni qabul qildi.
Uchrashuv doirasida Yangi O‘zbekistonning global o‘zgarishlar strategiyasi bilan “Global o‘zgarishlar instituti” o‘rtasidagi amaliy hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Muzokaralarda, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, zamonaviy global muammolarni birgalikda o‘rganish va yechim sifatida ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqishda muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Yangi O‘zbekistonning mazkur nufuzli tuzilma bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan strategik yondashuvi ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro tajriba almashish, ekspert-analitik salohiyatni mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Fundamental hamkorlik orqali turli sohalarda, jumladan, iqlim o‘zgarishlari, ekologik barqarorlik, raqamli transformatsiya va ijtimoiy innovatsiyalarni keng joriy qilish yo‘nalishlarida faol ilmiy-amaliy harakatlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
“Global o‘zgarishlar” tushunchasi – bu insoniyat faoliyati tufayli yuzaga kelayotgan va butun Yer sharidagi ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy tizimlarga ta’sir ko‘rsatayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar majmuasidir. Iqlimdagi keskin o‘zgarishlar, suv va quruqlik muammolari, biohilma-hillikning kamayishi, tabiiy resurslarning tezkor tugab borishi kabi murakkab jarayonlar bugungi kunning dolzarb global muammolari qatorida turibdi. Shu sababli, ularni teran anglash va barqaror yechimlar ishlab chiqishda fanlararo yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi.
Toni Bler Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayoni va ularning qamrovini yuksak baholadi. Global o‘zgarishlar jarayonlarini yanada chuqurlashtirish doirasida xalqaro tajriba va mutaxassislarning bilimiga asoslangan ekspert-maslahat ko‘magini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida iqtisodiyot tarmoqlariga yirik strategik investorlarni jalb etish, texnologik modernizatsiya va raqamlashtirishni jadallashtirish, sun’iy intellektni joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bler tomonidan 2016–yilda tashkil etilgan “Global o‘zgarishlar instituti” – bu xalqaro notijorat tashkilot bo‘lib, u turli mamlakatlarga barqaror va innovatsion rivojlanishning yangi modellari shakllantirishda, iqlim o‘zgarishi va zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali strategiyalarni ishlab chiqishda ko‘maklashadi.
Global o‘zgarishlarni tadqiq qilish – bu faqatgina ma’lumot to‘plash emas, balki ularni chuqur anglash, qanday sabablar bilan yuzaga kelayotgan jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi, unda inson va jamiyat qanday rol o‘ynayotganini tahlil qilishni anglatadi. Global o‘zgarishlar jarayonida fanlararo hamkorlik, davlatlar o‘rtasidagi istiqbolli strategik muloqot va birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali barqaror yechimlarga erishish imkoniyati ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan, uchrashuv doirasidagi muzokaralarda yashil iqtisodiyot va inson ekologiyasi masalalari ham alohida muhokama etildi. Zamonaviy taraqqiyot kontekstida bu yo‘nalishlar nafaqat ekologik barqarorlik, balki ijtimoiy farovonlik, inson salomatligi va kelajak avlodlar uchun munosib hayot muhitini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Hozirgi kunda yashil iqtisodiyot konsepsiyasi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavflarni kamaytirish, uglerod izini qisqartirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishni nazarda tutadi. Bu esa ishlab chiqarish va iste’molda mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qiladi. Yashil iqtisodiyotga o‘tish – bu endi ixtiyoriy tanlov emas, balki global ekologik inqirozga qarshi kurashda institutsional, iqtisodiy va madaniy yangilanishning strategik yo‘lidir.
Muxtasar aytganda, inson ekologiyasi – ya’ni insonning tabiiy, ijtimoiy va psixologik muhit bilan o‘zaro munosabatlar tizimi, barqaror rivojlanishning o‘zagini tashkil etadi. Sog‘lom jamiyat va samarali iqtisodiyot faqat inson va atrof-muhit o‘rtasidagi muvozanat ta’minlangan holdagina yuzaga keladi. Binobarin, mazkur masalalarni davlat siyosati va xalqaro dasturlar darajasida institutsionallashtirish bugungi kundagi eng dolzarb vazifalardan biridir.
Toni Bler rahbarligidagi “Global o‘zgarishlar instituti” ana shunday dolzarb muammolarga innovatsion yondashuvlar taklif etish, ularga nisbatan fanlararo va transmilliy yechimlarni shakllantirish, jumladan, yashil iqtisodiyot va inson ekologiyasini rivojlantirishga qaratilgan strategik dasturlar orqali global miqyosda Yangi O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini pragmatik kengaytirishi atrof-muhit barqarorligini ta’minlashda ustuvor ahamiyatga ega.
Nazar HAKIMOV
Turon fanlar akademiyasi akademigi