Qo‘shimcha qiymatli investitsiyalar va barqaror rivojlanish sari xalqaro integratsiyalashuv

Joriy yil 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jahon banki guruhining operatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Berde boshchiligidagi delegatsiya bilan istiqbolli muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, xususan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy, texnik va institutsional ko‘makni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar portfeli hozirgi kunda 12 milliard dollardan oshib, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni qamrab olgan holda kengaymoqda. Bu O‘zbekistonning bank bilan strategik sherik sifatidagi o‘rni mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydi. Loyihalar qishloq xo‘jaligi, energetika, infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlarni samarali amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Xalqaro moliyaviy institutlar ishtirokidagi loyihalarni rejalashtirish va amalga oshirish mexanizmlari takomillashtirilib, ularning tezkorligi va sifat darajasi yuqori bosqichga chiqarilmoqda. Suhbat davomida keyingi yillarda O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi strategik hamkorlik yuqori sur’atlarda rivojlanib, amaliy natijalarga boy bo‘layotgani ta’kidlandi.
Kelgusida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan sheriklik doirasida qashshoqlikni kamaytirish, xususiy sektorni rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini faollashtirish, turizm sohasida xotin-qizlar va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Jahon banki bilan hamkorlikda uglerod chiqindilarini qisqartirish, urbanizatsiya va infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini tezlashtirish borasidagi dasturlar ustuvor yo‘nalish sifatida muhokama qilindi.
Bundan tashqari, mintaqaviy va transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash, yirik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Bu loyihalar nafaqat milliy, balki hududiy miqyosda ham iqtisodiy o‘sishga kuchli turtki bermoqda.
Hozirgi kunda Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiyalar viloyatlarda qo‘shma korxonalar, sanoat kooperatsiyalari, kichik va o‘rta biznes subyektlari faoliyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, aholining bandligini oshirish, mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish, eksport salohiyatini kengaytirish va daromad manbalarini diversifikatsiya qilishga zamin yaratmoqda.
Qishloq joylardagi infratuzilmaviy va agrosanoat loyihalar orqali zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlari shakllantirilmoqda. Bu jarayon oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozor barqarorligini kafolatlash va global iqtisodiy tizimda O‘zbekistonning nufuzini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi strategik hamkorlik nafaqat moliyaviy ko‘mak doirasida, balki barqaror iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik va xalqaro integratsiyalashuv maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar mamlakat iqtisodiyotida zamonaviy texnologiyalar, inklyuziv taraqqiyot va barqaror rivojlanish modellarini joriy etishga xizmat qilmoqda.
Mazkur sheriklik kelgusida ham O‘zbekistonni xalqaro moliyaviy maydonda ishonchli hamkor sifatida tanitish, xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish, eksport salohiyatini oshirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va mamlakatning raqobatbardosh iqtisodiy modelini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu jihatdan, Jahon banki bilan munosabatlarni strategik darajada davom ettirish — O‘zbekistonning global iqtisodiy tizimga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvida hal qiluvchi omillardan biridir.
Tulyaganov Abdumalik Abdirahimovich
Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti
"Moliyaviy hisоb va hisobоt" kafedrasi mustaqil izlanuvchisi, PhD.