O‘zbekiston va Jahon banki: institutsional islohotlar, barqaror o‘sish va strategik hamkorlik istiqbollari

aprel 11, 2025 - 11:48
 0  50
O‘zbekiston va Jahon banki: institutsional islohotlar, barqaror o‘sish va strategik hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025–yil 10–aprel kuni Jahon banki guruhining operatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Bjerde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, xususan, mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli iqtisodiy islohotlarga ko‘mak berish, ularning samaradorligini oshirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Suhbat avvalida Anna Bjerde O‘zbekiston Prezidentiga Jahon banki prezidenti Ajay Banga nomidan samimiy salom va eng ezgu tilaklarni yetkazdi. Bu muloqot, albatta, ikki tomonlama strategik sheriklikning mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Ta’kidlash joizki, Jahon bankining 2024–yil uchun e’lon qilingan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi yil yakuniga kelib 6 foizga o‘sadi. Ushbu o‘sish ko‘rsatkichi mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning institutsional asosda bosqichma-bosqich mustahkamlanib borayotganini va iqtisodiy tizimda strukturaviy o‘zgarishlar samaradorligini tasdiqlaydi.

Jahon bankining prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025–yilda 5,8 foiz, 2026–yilda esa 5,9 foiz o‘sish sur’atini saqlab qoladi. Bu ko‘rsatkichlar Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yuqori iqtisodiy o‘sish darajalaridan biri sifatida qayd etilmoqda. 2024–yilda mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti hajmi 115 milliard AQSh dollariga yetgan bo‘lsa, 2025–yilda 43 milliard AQSh dollari miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu raqamlar O‘zbekistonning jahon miqyosidagi investitsion jozibadorligining oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, 2025–yil davomida O‘zbekiston eksport hajmini 30 milliard AQSh dollaridan oshirish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Bu tashabbus milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, tashqi savdo balansini mustahkamlash va eksport bozorlarini diversifikatsiya qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda Jahon banki O‘zbekistonning eng yirik moliyaviy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Uchrashuvda Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar portfeli hajmi 12 milliard AQSh dollaridan oshgani ta’kidlandi. Ushbu portfelga iqtisodiyotning strategik tarmoqlari, jumladan, energetika, infratuzilma, suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya tizimlariga doir kompleks dasturlar kiritilgan. Jahon banki mazkur yo‘nalishlarda moliyaviy, texnik va konsultativ yordam ko‘rsatmoqda. Bu esa O‘zbekistonning makroiqtisodiy barqarorligini ta’minlash, fiskal intizomni mustahkamlash va institutsional islohotlarni chuqurlashtirishga zamin yaratmoqda.

Uchrashuvda ijtimoiy davlat boshqaruvini takomillashtirish doirasida kambag‘allikni qisqartirish, ayollar va yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, davlat-xususiy sheriklikni (DХSh) rivojlantirish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning inklyuziv iqtisodiy modelga o‘tishida muhim bosqich hisoblanadi.

Shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Yashil iqtisodiyot – 2030” strategiyasi doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar ham batafsil ko‘rib chiqildi. Jumladan, uglerod chiqindilarini qisqartirish, urbanizatsiya jarayonlarini samarali boshqarish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, ekologik investitsiya muhiti va yashil moliyalashtirish tizimini shakllantirish, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sishiga, balki xalqaro maydondagi ishonch, institutsional salohiyat va iqtisodiy suverenitetning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Norboy KARIMOV
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini
oshirish tarmoq markazi direktori, iqtisod fanlari doktori, professor.