Arab dunyosi davlatlari bilan parlamentlararo hamkorlikning yangi bosqichi

Joriy yil 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida arab davlatlari parlamentlari rahbarlarini rasmiy ravishda qabul qildi.
Oliy darajadagi uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonning arab mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy, innovatsion-texnologik va parlamentlararo munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, mintaqaviy va xalqaro maydondagi, ayniqsa, iqtisodiyot sohasida hamkorlik salohiyatini yanada mustahkamlashdan iboratdir.
O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston va arab dunyosi davlatlari o‘rtasidagi aloqalar tarixiy hamkorlik va o‘zaro manfaatli munosabatlar ruhida rivojlanib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar Davlati, Saudiya Arabistoni, Misr Arab Respublikasi, Bahrayn Podshohligi va O‘mon Sultonligiga amalga oshirgan oliy darajadagi tashriflari bu jarayonda yangi sahifa ochdi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan arab mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi mazmun kasb etdi. O‘zbekiston bilan "yashil" iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energetika, savdo-iqtisodiy munosabatlar, logistika, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari yo‘nalishlaridagi aloqalar sezilarli darajada kengaydi. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar Davlati bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, Saudiya Arabistoni va Misr bilan keng qamrovli hamkorlik izchil yo‘lga qo‘yildi.
Binobarin, Bahrayn Podshohligi va O‘mon Sultonligi bilan har tomonlama hamkorlik salohiyati izchil rivojlanib bormoqda. Ikki tomonlama munosabatlar natijasida turli sohalarda qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Hozirgi kunda 50 milliard dollardan ortiq investitsiyalar jalb etildi. Salmog‘i katta mablag‘lar asosida "yashil" energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, IT, transport va logistika, infratuzilma hamda turizm yo‘nalishlarida yuqori qiymatli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Arab mamlakatlari bilan hamkorlik doirasida 500 ga yaqin qo‘shma korxona tashkil etildi. Havo aloqalari borasida ham ulkan yutuqlarga erishildi – to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar soni haftasiga 150 tadan oshdi. Bu esa ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, savdo va sayyohlik munosabatlarini faollashtirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur oliy darajadagi qabul joriy yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlikni ham qamrab oldi. Sammit doirasida innovatsion texnologiyalar va raqamli transformatsiyaga doir masalalarni muhokama qilish, mintaqaviy barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi sheriklik istiqbollarini belgilash rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, mamlakatmiz va arab davlatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki zamonaviy global muammolarga innovatsion yechim topishd, barqaror rivojlanishda muhim platforma sifatida xizmat qiladi.
Zafar SHAKAROV
Iqtisodiyot fanlari doktori, PhD.