ILM BOR, AMALIYOT ESA KENGAYMOQDA – YANGI IMKONIYATLAR SARI YO‘L

Iyul 14, 2025 - 18:17
 0  4
ILM BOR, AMALIYOT ESA KENGAYMOQDA – YANGI IMKONIYATLAR SARI YO‘L

Zamonaviy dunyoda ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir vaqtda, oliy ta’lim muassasalarining roli ham kengayib bormoqda. Endilikda universitetlar faqat bilim beriladigan makon emas, balki ilmiy izlanishlar, innovatsiyalar, va real sektor ehtiyojlariga yo‘naltirilgan loyihalar uchun muhim platforma sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, har bir universitet kafedrasi negizida maxsus tadqiqot markazlari tashkil etish zarurati tobora dolzarb tus olmoqda. Bunday yondashuv fan va ta’lim integratsiyasini mustahkamlash, talabalarning amaliy bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda universitetlarni real iqtisodiyot bilan yaqinlashtirish imkonini beradi.

Nega aynan kafedra qoshida tadqiqot markazi kerak?
Sababi shundaki, kafedra — bu muayyan fan yo‘nalishining akademik va ilmiy yuragi hisoblanadi. Bu yerda tajribali professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanish olib borayotgan doktorantlar va ijodiy salohiyatga ega talabalar jamlangan. Aynan shu muhitda fanga oid g‘oyalar shakllanadi, takliflar ilgari suriladi, ilmiy yondashuvlar amaliyot bilan uyg‘unlashadi.

Agar har bir kafedrada o‘ziga xos, kichik ko‘lamli bo‘lsa-da, tadqiqot markazi faoliyat yuritsa, bu quyidagi ijobiy natijalarni berishi mumkin:

1. Ilmiy faoliyatda tizimlilik va natijadorlik oshadi

Tadqiqot markazlarining mavjudligi kafedra ish faoliyatini aniq reja, natija va mezonlar asosida yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Har bir loyiha maqsadli, amaliy va natijador bo‘lishi uchun tizimli yondashuv shakllanadi. Bu esa ilmiy-innovatsion muhitda faollik, intizom va ijodkorlikni kuchaytiradi.

2. Talabalar uchun amaliy tajriba maydoni shakllanadi

Nazariy bilimni amaliyotda sinab ko‘rish — bu zamonaviy ta’limning ajralmas qismidir. Tadqiqot markazlari orqali talabalar laboratoriya ishlarida, soha bo‘yicha tahlil va ekspertizalarda, innovatsion loyihalarda faol ishtirok etadi. Bu ularning o‘z sohasi bo‘yicha qiziqishini kuchaytiradi, kasbiy shakllanishiga yordam beradi.

3. Rag‘batlantirish va motivatsiya mexanizmlari kengayadi

Ayrim tadqiqotlar grantlar, ilmiy tanlovlar va xalqaro loyihalar asosida amalga oshiriladi. Bunday imkoniyatlar yoshlar uchun nafaqat bilim va tajriba, balki rag‘bat va moddiy manba sifatida ham xizmat qilishi mumkin. Ilmiy faoliyatning qadrlanishi, ularning kelajakdagi faoliyat yo‘nalishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

4. Universitet va real sektor o‘rtasida uzviy aloqalar kuchayadi

Kafedra negizidagi tadqiqot markazlari orqali universitetlar ishbilarmonlik muhiti, sanoat korxonalari, xususiy sektor va davlat tashkilotlari bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi uchun zarur poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Ish beruvchilar talabalar bilimini nafaqat nazariy darajada, balki amaliy tajriba asosida baholash imkoniga ega bo‘ladi.

5. Investitsiyalarni jalb etish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash imkoniyati

Yaxshi tashkil etilgan tadqiqot markazlari, albatta, grant ajratuvchi tashkilotlar, xalqaro donorlar, va xususiy investorlar e’tiborini tortadi. Moliyalashtirilgan ilmiy loyihalar orqali universitetlar zamonaviy jihozlar, texnologiyalar va ilmiy infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, talabalarga sifatli ta’lim berish va keng ko‘lamli amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi.

6. Talabalar uchun yangi imkoniyatlar ochiladi

Bugungi sharoitda talabalarning aksariyati o‘zining kasbiy sohasida ish boshlashdan oldin vaqtincha boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lmoqda. Bu holat ularning mutaxassis sifatida shakllanishini sekinlashtirishi mumkin. Ammo tadqiqot markazlari orqali talabalarga o‘zi o‘qiyotgan yo‘nalishda ishlash, tajriba orttirish va shu bilan birga daromad topish imkoniyatlari yaratilsa, bu ularning kasbiy faolligini oshiradi, iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydi va o‘z sohasiga bog‘lanishini mustahkamlaydi.

Tadqiqot markazlari oliy ta’lim tizimida muhim rol o‘ynovchi intellektual maydonlardir. Har bir kafedrada tashkil etiladigan bunday markazlar nafaqat ta’lim sifatini oshiradi, balki innovatsion muhitni rivojlantiradi, talabalarni mustaqil fikrlovchi, kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislarga aylantiradi. Universitetlar kuchini unga qabul qilingan talabalar soni bilan emas, balki u yerda shakllangan ilmiy muhit, yaratilgan imkoniyatlar va yetishib chiqayotgan malakali bitiruvchilar bilan o‘lchash maqsadga muvofiqdir.

Tadqiqot markazlari soni ortgani sayin, ilmiy salohiyat, ishonch, shaffoflik va taraqqiyot uchun mustahkam zamin yaratiladi. Zero, ilmga tayanilgan taraqqiyot — har qanday jamiyatning barqaror va izchil rivojlanish kafolatidir.

Qurolov M.O.
PhD, katta o‘qituvchi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti