O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi: iqtisodiy farovonlik sari qadam

aprel 22, 2025 - 12:39
aprel 28, 2025 - 10:25
 0  81
O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi: iqtisodiy farovonlik sari qadam

Markaziy Osiyoda muhim iqtisodiy resurslarga va strategik mavqega ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi oʻz taraqqiyotida muhim qadam – Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish ostonasida turibdi. 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va biznes yuritish shartlarini soddalashtirishga qaratilgan qator iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. JSTga a’zo bo‘lish bu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘lib, mamlakatning yangi bosqichga ko‘tarilishiga yordam beradi. Bu sarmoyaviy muhitni yaxshilash, xorijiy kapital va texnologiyalarni jalb etish, mahalliy tovarlarning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

Jahon savdo tashkiloti – davlatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlarini tartibga solishga mas’ul bo‘lgan nufuzli xalqaro tashkilotdir. Hozirgi kunda JSTga a’zo mamlakatlar soni 166 taga yetgan bo‘lib, global savdoning taxminan 95 foizi ushbu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Jahon savdo tashkiloti ko‘p tomonlama savdo tizimining huquqiy va institutsional asosini tashkil qiladi. U davlatlarga ichki savdo qonunlari va qoidalarini ishlab chiqish hamda joriy etishda yo‘nalish beradi, shuningdek, shartnomaviy majburiyatlarga asoslangan tamoyillarni taklif etadi.

O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi mamlakat uchun keng imkoniyatlar va afzalliklarni ochib beradi. Bu, birinchi navbatda, yanada shaffof va bashorat qilinadigan savdo va sarmoyaviy muhitni yaratishga xizmat qiladi, respublikaning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv jarayonini tezlashtiradi va O‘zbekiston tovar va xizmatlarining jahon bozorlariga erkin chiqishini ta’minlaydi.
JSTga a’zo bo‘lish sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosidagi tarif va tarifsiz to‘siqlarni bosqichma-bosqich kamaytirishni nazarda tutadi. Mazkur jarayon tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirish, halol raqobatni rivojlantirish va bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston umume’tirof etilgan tamoyillar asosida xalqaro savdo qoidalarini shakllantirishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa mamlakat ichki qonunchiligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish imkonini beradi. JSTga a’zolik savdo nizolarini hal etishning samarali mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini ham ta’minlaydi va tashkilotning o‘zidan mamlakat manfaatlari yo‘lida ko‘p tomonlama muzokaralar uchun platforma sifatida foydalanish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-iyundagi  “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ–181-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga( JST) a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish va sifatli amalga oshirishni ta’minlash maqsadida idoralararo komissiya tuzildi. 
Komissiyaga JSTga a’zo mamlakatlar bilan bozorga kirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining pozitsiyasini aniq belgilab berish hamda ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar jarayonida tashqi savdo rejimini tarif va notarif choralar orqali o‘zgartirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish, milliy qonunchilikni JST bitim, qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan takliflarni ko‘rib chiqish va milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yuzasidan qarorlar qabul qilish vazifalari yuklatildi.

Shu bilan birga JSTga a’zo bo‘lish jarayonida yuqori professional mahorat bilan materiallarni sifatli va o‘z vaqtida tayyorlash hamda muzokaralar natijadorligini ta’minlashda faollik ko‘rsatgan vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mas’ul xodimlarini moddiy rag‘batlantirish masalasi ham ushbu komissiya vazifalaridan biri hisoblanadi.

Jahon Savdo Tashkiloti 1995-yilda tuzilgan (JST 1947-yilda tuzilgan Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuv (GATT) negizida tuzilgan) va davlatlar o‘rtasidagi savdoni tartibga soluvchi xalqaro tashkilotdir. JSTning asosiy maqsadlari erkin savdoni rag‘batlantirish, barqaror savdo muhitini yaratish, savdo nizolarini hal qilish hamda rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 

JST da oxirgi bo‘lib 2015-yilda a’zo bo‘lgan davlat bu Qozog‘iston Respublikasi hisoblanadi. Ushbu nufuzli tashkilotga o‘tgan Qozog‘iston Respublikasining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini tahlil etasak. Qozog‘iston Respublikasining YaIM 2015-yilda  184.2 mlrd. AQSh dollarni tashkil etgan bo‘lsa 2024-yil yakunlariga ko‘ra 250,0 mlrd.AQSh dollarni tashkil etmoqda. Inflyatsiya darajasi esa 2015-yilda 13.6% ni tashkil etgan bo‘lsa 2024-yilga kelib 6.5%ni tashkil etmoqda. Ushbu davr ichida ishsizlik 0.4%ga, davlatning tashqi qarzi YaIMga nisbatan 5.9%ga pasayganini ko‘rishimiz mumkin. Qozog‘iston Respublikasining savdo balansi esa 2015-yilda +3.7 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa 2024-yil yakuni bo‘yicha +8,0 mlrd. AQSh dollarini tashkil etmoqda. Ushbu ma’ulmotlardan, Qozog‘iston Respublikasi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lganidan keyin davlatning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli ancha yaxshilashgani ko‘rishimiz bo‘ladi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishdan maqsad milliy iqtisodiyot salohiyatidan foydalanish, uning jahon ishlab chiqarish zanjiriga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish va qo‘shimcha qiymat yaratishdan iborat. Bu, shuningdek, erkin bozor amaliyotini kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishishni jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 3-iyundag “Bozor islohotlarini yanada jiddiylashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon imzoladi. 

Farmonga asosan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tartibga solinadigan korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi preferensiya hamda mahalliy ishlab chiqarilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarga nisbatan narx preferensiyasi bekor qilindi. Bu ham Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishdagi asosiy choralari hisoblanadi.

Shu sababdan JSTga a’zo bo‘lish boshqa rivojlangan va jadal rivojlanayotgan davlatlar bilan adolatli va teng asosda savdo qilish uchun sharoit yaratadi. Albatta, ba’zi qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Biroq, ishonchimiz komilki, JST  adolatli savdo qoidalarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadi. Shunday ekan, har bir o‘zbekistonlik tadbirkor ochiq va halol raqobat sharoitida biznes yuritishni o‘rganishi muhim. Dunyoning aksariyat davlatlari allaqachon JSTga a’zo bo‘lganini hisobga olsak, teng savdo qilish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun yurtimiz ham ushbu tashkilotning bir qismi bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv va barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lidagi zarur qadamdir. Bu mamlakatga o‘z resurslari va salohiyatidan maksimal darajada foydalanish, yangi bozorlarga chiqish va fuqarolarning turmush darajasini oshirish imkonini beradi. Bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik mamlakatimizning farovon kelajagini ta’minlash demakdir.

J.Ya.NURILLAEV 
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
 “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi professori