Investitsiyaviy islohotlar – barqaror iqtisodiy o‘sishning kafolati

Joriy yil 21-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yilning birinchi choragida investitsiya sohasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama etildi.
Ma’lumki, rivojlangan mamlakatlar tajribasi investitsiya salohiyatini to‘liq ishga solish, investitsiya muhitini takomillashtirish, yillik dasturlarni maqsadli va natijador tayyorlash hamda xorijiy sarmoyalar uchun barqaror, qulay shart-sharoitlar yaratish taraqqiyotning muhim omili ekanini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi 8 yilda O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar moliyaviy tuzilmalari, yetakchi banklar va transmilliy kompaniyalar bilan hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirib bordi. Bu orqali chet el sarmoyalarini jalb qilishda institutsional yondashuv asosida tizimli choralar amalga oshirildi.
Xususan, yig‘ilishda Prezidentimiz joriy yil yanvar–mart oylarida 8,7 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 20 foizlik o‘sish ta’minlanganini alohida ta’kidladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan energetika, metallurgiya, kimyo, farmasevtika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal va ijtimoiy sohalarda qator yirik loyihalar amalga oshirilishi, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va yangi ish o‘rinlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda Prezident har bir loyiha bo‘yicha manzilli, aniq reja asosida ishlash zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, jahon iqtisodiyotidagi beqarorliklar sharoitida har bir investor bilan individual yondashuv asosida hamkorlik qilish, istiqbolli loyihalarni ilgari surish va sarmoyalar samaradorligini oshirish milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashda hal qiluvchi omil ekani qayd etildi.
Yangi investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish, sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish zanjirlarini takomillashtirish va mahalliy xomashyo asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Xulosa qilib aytganda, ulkan investitsiyaviy salohiyatni ro‘yobga chiqarishda tarmoq investitsiya dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan kompleks dasturlar, shuningdek, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirishga yo‘naltirilgan dasturlar asosiy ustuvorlik sifatida qaralmoqda. Yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi loyihalarni samarali amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, xalqaro kreditlar va moliyaviy-texnik ko‘mak shaklidagi mablag‘lar keng ko‘lamda tizimli jalb etish istiqbollidir.
Bobur OCHILOV