TASHQI SAVDO VA TRANSPORT MASALALARI DAVR NIGOHIDA

2025-yil 23-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi savdo va transport-logistika sohalarida kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda so‘nggi kunlarda Yaqin Sharqda sodir bo‘lgan harbiy harakatlar mintaqadagi barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, bu esa O‘zbekistonning jahon bozorlariga chiqish yo‘llari va tashqi savdo aloqalariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmasligi qayd etildi.
Vaziyatdan kelib chiqib, tashqi savdo, investitsiyalar va transport yo‘nalishlarida tezkor choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yuklarni boshqa xavfsiz portlarga yo‘naltirish bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirish lozimligi belgilandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu tashish xarajatlarining 30 foizgacha oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, hamkor davlatlar bilan muqobil transport yo‘llari bo‘yicha kelishuvlar o‘rnatish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutasaddi idoralarga topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish davomida Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa tegishli idoralar rahbarlariga tadbirkorlik subyektlari bilan yaqin hamkorlikda ishlash, eksport-import jarayonlarini qulaylashtirish, mahsulotlar uchun qo‘shimcha bozorlar topish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, ichki ishlab chiqarish jarayonlarini uzluksiz davom ettirish va ichki bozor narxlari barqarorligini ta’minlashning muhimligi alohida ta’kidlandi.
Yaqin Sharq mintaqasi — O‘zbekistonning ko‘plab eksport-import yo‘llari, xususan, dengiz portlari orqali amalga oshiriladigan tashqi savdo operatsiyalari uchun muhim tranzit hududi hisoblanadi. Mintaqadagi harbiy harakatlar natijasida transport infratuzilmasiga xavf solinmoqda, yuk tashishning an’anaviy yo‘nalishlari bo‘yicha barqarorlikka putur yetmoqda. Shuningdek, tashish jarayonlaridagi noaniqliklar tashqi savdo shartnomalarining bajarilish muddatlari va xarajatlarini oshirishga olib kelmoqda.Transport xarajatlarining oshishi: Yuklarni xavfsizroq, ammo uzoqroq yoki qimmatroq yo‘nalishlar orqali tashishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, transport xarajatlari 30% gacha oshishi ehtimoli bor.Tashqi bozorlar bilan bog‘lanishdagi uzilishlar: Asosiy eksport portlari orqali yuk oqimi sustlashishi O‘zbekiston mahsulotlarining yetkazib berish muddatlarini uzaytiradi va raqobatbardoshligini pasaytiradi. Ichki bozor barqarorligiga xavf: Tashqi ta’minotdagi uzilishlar ichki bozor narxlarining beqarorligiga, xomashyo va iste’mol mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.
Tashqi savdo har qanday mamlakat iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Ayniqsa, iqtisodiyotni jahon bozorlariga integratsiyalashgan holda rivojlantirish yo‘lini tanlagan davlatlar uchun tashqi savdo aloqalari strategik ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Respublikasi ham mustaqillikka erishgandan so‘ng ochiq iqtisodiyot tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etib, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
So‘nggi yillarda Oʻzbekiston tashqi savdo siyosatini tubdan isloh qilib, proteksionistik (ya’ni o‘z ishlab chiqaruvchilarini haddan ortiq himoyalashga yo‘naltirilgan) yondashuvdan asta-sekin voz kechdi va jahon iqtisodiy tizimi bilan faol integratsiyalashishga intildi. Bu jarayon bojxona tariflarini soddalashtirish, savdo tartib-taomillarini raqamlashtirish, sarmoyadorlar uchun qulay muhit yaratish orqali amalga oshirildi.
Yaqin Sharqda yuzaga kelgan harbiy inqiroz va uning O‘zbekiston tashqi savdo va transport-logistika sohalariga bo‘lgan salbiy ta’siri mamlakatimiz oldida yangi chaqiriqlarni yuzaga keltirmoqda. Ushbu vaziyat O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini yanada barqaror va xavfsiz qilish zarurligini ko‘rsatib turibdi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ko‘rilayotgan tezkor choralar – eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, muqobil transport yo‘llarini aniqlash, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va ichki bozor barqarorligini ta’minlash – milliy iqtisodiyotimizni tashqi tahdidlardan himoya qilishga xizmat qiladi. O‘zbekiston uchun nafaqat muammolar, balki yangi imkoniyatlarni ham ochib bermoqda. Xususan, logistika infratuzilmasini rivojlantirish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va xalqaro bozorga chiqishning innovatsion yo‘llarini topish bo‘yicha salohiyatimizni ishga solish vaqti keldi. Mamlakatimiz ushbu tahdidlarni imkoniyatga aylantirib, barqaror va taraqqiyotga yo‘naltirilgan tashqi savdo siyosatini davom ettirishi lozim.
Ashirova Gulchexra Abdugʻani qizi