Tadbirkorlik ruhi va innovatsion faollik – Andijonning yangi qiyofasi

Joriy yil 15-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivojini oʻrganish, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar bilan bevosita tanishish va aholining turmush darajasini chuqur tahlil qilish maqsadida Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Andijon viloyatida tashkil etilgan hududiy sanoat yarmarkasida tadbirkorlar, yosh mutaxassislar hamda startap tashabbuskorlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Yarmarkada viloyatda faoliyat yuritayotgan 110 ta eksportbop sanoat korxonalarining 500 ga yaqin mahsulot turlari taqdim etildi.
Taqdimotlarda avtomobilsozlik, mashinasozlik, yengil sanoat, elektrotexnika, raqamli texnologiyalar, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati, guldorchilik, asalarichilik va baliqchilik yoʻnalishlaridagi innovatsion mahsulotlar ichki va tashqi bozorlarda keng xaridorgir boʻlib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Davlat rahbari yarmarka doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan mahsulotlar, yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlanmalar bilan tanishar ekan, ularning tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Muloqotlar chogʻida ilgʻor tajribalarni qoʻllab-quvvatlash va ularni butun mamlakat miqyosida keng ommalashtirish zarurligi qayd etildi.
Mazkur yarmarkaga ishtirokchilar oʻzaro hamkorlik, kooperatsiya, qoʻshma ishlab chiqarish va eksport-sotuv masalalarida fikr almashdi. Bu esa hududlararo sanoat integratsiyasi va investitsion sheriklik imkoniyatlarini kengaytiradi.
Taʼkidlash joizki, Andijon viloyati Oʻzbekistonning eng yirik sanoat markazlaridan biri sifatida shakllanmoqda. Viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan sanoat korxonalari soni 11 mingdan oshib, ularning umumiy respublika sanoatidagi ulushi 10 foizdan yuqorini tashkil etayotgani eʼtirof etildi.
Hududda 47 ta sanoat zonasi tashkil etilgan boʻlib, ular doirasida 2,3 trillion soʻmlik 1 000 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan va natijada 18 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilgan. 2024-yil yakuniga kelib, mazkur zonalarda ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 1 trillion soʻmga yetgan, eksport hajmi esa 31 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Bugungi kunda Andijon viloyatida umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollariga teng boʻlgan 288 ta yirik investitsiya loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Ular orasida xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida tashkil etilayotgan texnologik klasterlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
2025-yil yakunigacha 119 ta yangi loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlib, bu orqali 4 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi, sanoat mahsulotlari eksport hajmi esa 47 million dollarga yetkazilishi kutilmoqda.
Taʼkidlanishicha, oʻtgan yildagi prezident tashrifidan soʻng, Andijon viloyatining Oltiariq tumanida 16 gektar yer maydoni ajratilib, zamonaviy mebel ishlab chiqarish klasteri barpo etildi. Mazkur klaster tarkibida 100 dan ziyod ustaxona, 236 ta savdo shourumlari va chakana savdo maskanlari faoliyat yuritmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, Andijon viloyati – Oʻzbekistonning demografik jihatdan eng zich, resurslar jihatidan esa cheklangan hududlaridan biri boʻlishiga qaramay, aholining tadbirkorligi, yoshlarda intellektual salohiyatning yuksakligi va texnologik yangiliklarga ochiqligi tufayli bugungi kunda eng faol rivojlanayotgan hududga aylanmoqda. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning qoʻshilgan qiymati ortib borayotgani, innovatsion yondashuvlarning joriy qilinayotgani va sanoat kooperatsiyasi asosida yangi imkoniyatlar yaratilayotgani – Andijon modelining muvaffaqiyatli amaliy ifodasidir.
Umida ZAYNITDINOVA
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
i.f.n., dotsent