Yangi O‘zbekiston: savdo-iqtisodiy va parlamentlararo hamkorlikning yangi bosqichi

aprel 9, 2025 - 11:54
aprel 9, 2025 - 12:02
 0  94
Yangi O‘zbekiston: savdo-iqtisodiy va parlamentlararo hamkorlikning yangi bosqichi

Yangi O‘zbekiston zamonaviy taraqqiyotning barcha yo‘nalishlarida, xususan, tashqi iqtisodiy aloqalar va parlamentlararo hamkorlikda ochiqlik hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik prinsiplariga tayandi. Mamlakatimiz yil sayin xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlab, ko‘p tomonlama va ikki tomonlama aloqalar doirasini kengaytirmoqda. Bunda, birinchi navbatda, iqtisodiy sherikchilikda sinalgan hamkorlar bilan uzoq muddatli va strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish orqali qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Investitsiyaviy jarayonda esa institutsional yondashuv, ya’ni mustahkam tashkiliy-huquqiy asoslarda hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtai nazardan qaralganda, joriy yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Parlamentlararo ittifoqning (PII) nufuzli delegatsiyasini qabul qilinishi Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol siyosiy va diplomatik mavqeini yana bir bor tasdiqlaydi. Delegatsiya tarkibida tashkilot raisi Tulia Ekson va bosh kotib Martin Chungong kabi yetakchi diplomatlar ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 2017-yilda Parlamentlararo ittifoqlardagi a’zolikni qayta tiklaganidan so‘ng, ushbu tuzilmaning ijro organlarida faol ishtirok etmoqda. Bu orqali mamlakatimiz xalqaro parlamentlararo muloqotning faol ishtirokchisi sifatida global parlament diplomatiyasida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

PII rahbariyati tomonidan Toshkent shahrida tashkilotning yubiley Assambleyasining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va ushbu nufuzli anjumanda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘zlangan dasturiy nutq yuqori baholandi. Bu kabi xalqaro forumlarning mamlakatimizda o‘tkazilishi, ularda ilgari surilgan tashabbuslarning keng qo‘llab-quvvatlanayotgani Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, parlamentarizm sohasidagi ilg‘or natijalarning xalqaro e’tirofi sifatida baholanmoqda.

Ittifoq bilan o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi, ularning amaliy va samarali tus olgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Haqiqatdan ham, keyingi yillarda PII bilan hamkorlik doirasida qator muhim tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha parlamentlararo forum, Toshkent shahrida esa parlamentlar ayol rahbarlarining XIV-sammiti yuqori saviyada tashkil etildi.

Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risidagi” maxsus rezolyutsiya bu boradagi muloqot va hamkorlikning institutsional shaklda mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.

Uchrashuv doirasida tinchlik va konstruktiv muloqotni mustahkamlash, “yashil” taraqqiyot, sun’iy intellekt sohasida qonun ijodkorligini rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarni parlament faoliyatiga yanada faol jalb etish kabi muhim yo‘nalishlarda PII bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Bunda parlament diplomatiyasi nafaqat xalqaro aloqalarni mustahkamlovchi vosita, balki global muammolar yechimini topishda muhim platformalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Uchrashuvda  parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash va global parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Yuksak mukofot bilan martabali mehmonni taqdirlanishi nafaqat shaxsiy xizmatning e’tirofi, balki O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi parlamentlararo aloqalardagi nufuzining yuksalayotganidan dalolat beradi.

Mohichehra Qurbonbekova
Ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar departamenti rahbari o‘rinbosari