Renovatsiya tartib-tamoyillari davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida ilmiy-amaliy ijroga yo‘naltirildi

Yangi O‘zbekiston sharoitida keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik-innovatsion islohotlar bilan bir qatorda, shaharsozlik yo‘nalishida ham izchil va maqsadli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda shahar infratuzilmasini zamon talablari asosida yangilash, aholining turmush darajasini oshirish va barqaror shahar muhitini shakllantirish maqsadida renovatsiya jarayonlarini huquqiy va tashkiliy asosda yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 9-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaharsozlik renovatsiyasi bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishar ekan, ushbu jarayonning huquqiy asoslarini mustahkamlash, aholi uchun qulay, shinam va ekologik barqaror shahar muhitini yaratish borasida muhim vazifalarni belgilab berdi. Prezidentimiz shaharsozlikni innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlikni oshirish va fuqarolar uchun munosib turmush sharoitini ta’minlash zarurligini alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga, davlat rahbari so‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisi 6 million nafarga ko‘payganini va bu holat yangi xonadonlarga ehtiyojni keskin oshirganini qayd etdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, shu kunga qadar 500 mingga yaqin xonadon foydalanishga topshirildi. Jumladan, 2024-yilda 100 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli turarjoy binolari qurildi, joriy yilda esa 130 mingdan ortiq yangi xonadon barpo etilmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yaqin yillarda mamlakat aholisi soni 40 million nafarga yetishi kutilmoqda. Bu esa har yili kamida 140–150 ming xonadon qurilishini talab etadi. Aholi o‘sishi, demografik bosim va hududiy cheklovlar sharoitida har yili kamida 2 ming gektar maydonda qurilish ishlarini amalga oshirish zarurati tug‘iladi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari yer resurslaridan samarali foydalanish maqsadida renovatsiya dasturini keng ko‘lamda joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Renovatsiya dasturi doirasida mamlakatimizning turli hududlarida jismoniy va ma’naviy eskirgan 2–3 qavatli turarjoy binolarini zamon talablariga javob beradigan, ko‘p qavatli va “aqlli” infratuzilmaga ega binolarga almashtirish orqali aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari, issiq va sovuq suv ta’minoti, oqova tizimlari hamda tabiiy resurslarni tejaydigan, energiya samarador texnologiyalarni joriy etish maqsad qilib qo‘yilgan.
Shu nuqtayi nazardan, renovatsiya tartib-tamoyillarini joriy etishda ilg‘or xalqaro tajribalar o‘rganilgan holda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Mazkur hujjatda shahar renovatsiyasining huquqiy, moliyaviy va tashkiliy asoslari aniq belgilanib, aholi uchun qulay va samarali muhit yaratishni ta’minlash nazarda tutilgan.
Prezident ishtirokidagi taqdimotda shahar va tumanlar kesimida uch bosqichda amalga oshiriladigan renovatsiya jarayonlari belgilab berildi. Birinchi bosqichda renovatsiyaga mos hududlar aniqlanib, loyihalar ishlab chiqiladi va mulkdorlarga yangi uy-joy yoki adolatli kompensatsiya shakllari taklif etiladi. Barcha kelishuvlar shaxsan, yakka tartibda va notarial rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, har bir hududda maxsus renovatsiya jamg‘armalari tashkil etilishi belgilangan.
Ikkinchi bosqichda renovatsiya dasturi viloyat va respublika kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qurilish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot aniqlanadi. Uchinchi bosqichda esa yangi turarjoy binolari barpo etilib, foydalanishga topshiriladi.
Muhim jihat shundaki, renovatsiyaga tushgan hududlar infratuzilmasi jadal rivojlanadi. Jumladan, yangi quriladigan uy-joylarning 1–2-qavatlarida savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarish obyektlari joylashtirilishi nazarda tutilgan. Bunday yondashuv mahallalarni iqtisodiy faol hududlarga aylantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur tizimni joriy etish orqali 20 ming gektar yer maydonini tejash imkoni paydo bo‘lishi hisob-kitob qilingan.
Bugungi kunda birinchi bosqich doirasida 20 ming xonadon qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu loyihalarni amalga oshirishda eng avvalo aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish, adolatli va shaffof kelishuvlar asosida ish yuritish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, shaharsozlik renovatsiyasi milliy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida, aholiga munosib yashash sharoiti yaratish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va barqaror urbanizatsiya jarayonlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bunda developer va qurilish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, renovatsiya hududlarini to‘liq infratuzilma bilan ta’minlash dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Sanjar Mirzaliyev
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti izlanuvchisi