TOSHKENT INVESTITSIYA FORUMIDA IQTISODIY ISLOHOTLAR VA XALQARO SARMOYADORLAR UCHUN YANGI IMKONIYATLAR SARI QADAM

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – investitsiyaviy muhitni yaxshilash, xususiy sektorni faol qo‘llab-quvvatlash va xalqaro sarmoyadorlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Ayniqsa, oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida O‘zbekiston ochiq va inklyuziv iqtisodiyotni shakllantirish sari dadil qadam tashlamoqda. Shu jihatdan, Toshkent Investitsiya Forumi davlatning investitsion siyosatini global miqyosda ilgari surish, mamlakat iqtisodiy salohiyatini namoyish etish hamda sarmoyaviy sheriklikni chuqurlashtirishda muhim maydon sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent Investitsiya Forumi ilk bor o‘tkazilgan kundan boshlab mintaqada eng yirik investitsion tadbirlardan biri sifatida e’tirof etilib, mamlakatning yangi iqtisodiy modeli va islohotlar natijalarini xalqaro maydonga olib chiqishda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Forum doirasida O‘zbekiston hukumati, yetakchi xorijiy kompaniyalar, xalqaro moliyaviy institutlar va ekspertlar o‘rtasida ochiq muloqot, tajriba almashuvi, investitsiya bitimlari va strategik hamkorlik kelishuvlari amalga oshiriladi. Bunday muloqotlar natijasida nafaqat iqtisodiy aloqalar mustahkamlanadi, balki mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy investorlar uchun huquqiy va iqtisodiy barqarorlik, shaffoflik va ochiqlik tamoyillari yanada chuqurlashtiriladi. Forumning ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ular zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, yashil iqtisodiyot va energetika sohasidagi investitsiyalarni rag‘batlantirish, infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish, raqamli transformatsiya va innovatsion ishlab chiqarishlarni rivojlantirish kabi dolzarb masalalarni qamrab oladi. Ayniqsa, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining joriy etilishi va investorlar uchun yaratilgan soliq imtiyozlari, subsidiya va kafolat mexanizmlarining takomillashuvi O‘zbekiston investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshirmoqda. Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa nufuzli moliyaviy institutlarning ishtiroki esa forumning xalqaro nufuzi va ishonchliligini yana bir bor tasdiqlaydi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, forum natijasida ko‘plab yirik loyihalar, jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika, axborot texnologiyalari va energetika sohalarida xalqaro sarmoyalar oqimi ortib bormoqda. Bunday loyihalar nafaqat moliyaviy kapitalni jalb etishga, balki yuqori texnologiyalarni transfer qilish, mahalliy ishchi kuchini tayyorlash va mahalliy kompaniyalar bilan kooperatsiyani kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda. Shu tarzda Toshkent Investitsiya Forumi orqali iqtisodiyotda barqaror o‘sish, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi, eksport salohiyatining oshishi va mintaqaviy integratsiyaning jadallashuvi kabi muhim ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga erishilmoqda. Forumning yana bir muhim jihati – bu islohotlar samaradorligini amalda namoyon etishdir. O‘zbekiston hukumati tomonidan taqdim etilayotgan islohotlar yo‘nalishidagi konseptual yondashuvlar, yangi qonunchilik tashabbuslari, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish borasidagi chora-tadbirlar xalqaro investorlar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Ayniqsa, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonuniy kafolatlar, investitsiyalarni himoyalovchi xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish, valyuta siyosatining liberallashuvi va tashqi savdo tartibotlarining soddalashtirilishi — sarmoyadorlar uchun qulay va ishonchli biznes muhitini shakllantirayotgan asosiy omillardir.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent Investitsiya Forumi O‘zbekistonning zamonaviy, ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyot sari olib borayotgan yo‘nalishlarining amaliy ifodasidir. Forum orqali nafaqat iqtisodiy aloqalar mustahkamlanmoqda, balki xalqaro sarmoyadorlar bilan o‘zaro ishonchga asoslangan strategik sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratilmoqda. Kelgusida bu kabi forumlarning muntazam tashkil etilishi va ularning mazmunan boyitilishi O‘zbekistonning global investitsiya makonidagi mavqeini mustahkamlashda, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda va islohotlarning uzviyligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib qoladi.
Raximov Eshmurod Normuradovich