YANGI O‘ZBEKISTON – BARQAROR TARAQQIYOT VA SARMOYADORLAR UCHUN YANGI QADAMLAR

XXI asrda globallashuv jarayonining jadallashuvi har bir davlatdan zamonaviy yondashuv, strategik islohotlar va ochiqlikka asoslangan iqtisodiy siyosatni talab qilmoqda. Bugungi kunda iqtisodiy barqarorlik, investitsiyaviy jozibadorlik va institutsional islohotlarga sodiqlik har qanday mamlakatning raqobatbardoshligini belgilovchi muhim omilga aylangan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston ham yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tib, “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi asosida iqtisodiy, institutsional va ijtimoiy sohalarda keng qamrovli islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Bu jarayon, avvalo, mamlakat ichki imkoniyatlarini safarbar etish, tashqi investorlar uchun ochiq va barqaror muhit yaratish orqali jahon iqtisodiy makonida O‘zbekistonning munosib o‘rnini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatda shakllanayotgan ochiq va raqobatbardosh iqtisodiy muhit, sarmoya jalb qilishda shaffof va samarali mexanizmlarning joriy etilishi, qonun ustuvorligi va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli yondashuvlar xalqaro investorlar e’tiborini tobora jalb qilmoqda. Ayniqsa, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlik, sarmoyadorlar huquqlarini kafolatlovchi qonunchilik bazasining takomillashuvi, erkin iqtisodiy zonalar va innovatsion klasterlar faoliyatining kengaytirilishi O‘zbekistonni investitsiya kiritish uchun ishonchli makon sifatida shakllantirmoqda. Jahon banki, Fitch, Moody’s kabi nufuzli reyting agentliklarining mamlakat iqtisodiy muhitini ijobiy baholashi ham amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinayotganidan dalolat beradi. Bu boradagi eng muhim platformalardan biri sifatida Toshkent Investitsiya forumi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu forum O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi, xorijiy investorlar bilan bevosita va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Forum doirasida yuzlab xalqaro moliyaviy institutlar, kompaniyalar va davlat vakillari ishtirokida istiqbolli investitsion loyihalar muhokama qilinadi, yangi hamkorlik mexanizmlari shakllantiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning iqtisodiy ochiqligi va yangilangan imijini dunyo jamoatchiligiga namoyon etadi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ekologik mas’uliyat ham alohida o‘rin egallaydi. Mamlakat yashil iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan yondashuvni joriy etish orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, quyosh va shamol elektr stansiyalarining barpo etilishi, energetika sohasida xorijiy investorlar ishtirokidagi yirik loyihalarning amalga oshirilishi ekologik barqarorlikni ta’minlash bilan birga, global sarmoyadorlar uchun ekologik jihatdan mas’uliyatli investitsiya imkoniyatlarini taqdim etmoqda. Energiya samaradorligini oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashuv choralarini ko‘rish orqali O‘zbekiston yashil o‘sish modelini tanlagan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egallamoqda.
Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi doirasida olib borilayotgan tizimli islohotlar mamlakat iqtisodiyotini yangi, inklyuziv va innovatsion model asosida shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu modelda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri sifatida inson kapitali, ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va strategik sheriklik qaralmoqda. Investitsion xavfsizlik, qonun ustuvorligi, iqtisodiy barqarorlik, ijtimoiy adolat va barqaror o‘sish kabi tamoyillar O‘zbekistonni nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham strategik hamkor sifatida ajratib turadi.
Xulosa qilib aytganda, “Yangi O‘zbekiston” – bu nafaqat ichki iqtisodiy islohotlar platformasi, balki xalqaro miqyosda sarmoyadorlar bilan ochiq, adolatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yuvchi barqaror taraqqiyot modeli sifatida qaralmoqda. Toshkent Investitsiya forumi esa bu yo‘nalishdagi amaliy sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir. Bugungi kunda O‘zbekiston sarmoyadorlar uchun geografik jihatdan qulay, huquqiy jihatdan kafolatlangan va iqtisodiy jihatdan istiqbolli davlat sifatida jahon bozorida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda.
Berdivaliyeva Madina Komiljon qizi