IQTISODIY O‘SISHNING YANGI BOSQICHI: SAMARADORLIK, RAQOBAT VA BOSHQARUV SIFATI

avgust 3, 2026 - 01:39
 0  3
IQTISODIY O‘SISHNING YANGI BOSQICHI: SAMARADORLIK, RAQOBAT VA BOSHQARUV SIFATI

Joriy yil 21-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlar hamda iqtisodiyot tarmoqlarining birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyotining joriy holati har tomonlama tahlil qilinib, yilning ikkinchi yarmida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilandi. Muhokamalar iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolishdan ko‘ra, uning sifatini oshirish, investitsiyalar samaradorligini kuchaytirish, ishlab chiqarish unumdorligini yuksaltirish hamda hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligini ta’minlash masalalariga qaratildi. Shundan kelib chiqib, iqtisodiy siyosatning asosiy mezoni raqamlar emas, balki ular orqali yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, ish o‘rinlari va aholi farovonligidagi o‘zgarishlar ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Birinchi yarim yillik yakunlari mamlakat iqtisodiyotida barqaror o‘sish saqlanayotganini tasdiqladi. Yalpi ichki mahsulot 8,5 foizga o‘sdi. Xizmatlar sohasi 16,9 foiz, qurilish 13,8 foiz, sanoat 8 foiz, qishloq xo‘jaligi esa 4,7 foiz o‘sishga erishdi. Shu davrda iqtisodiyotga 28 milliard dollar investitsiya jalb qilindi, oltinsiz eksport hajmi 32,2 foizga oshib, 14,4 milliard dollarga yetdi. Moody’s Ratings agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘ona yuqoriga ko‘tardi, Fitch Ratings esa reyting prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi. Ushbu baholar xalqaro moliya bozorlarida mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan ishonch mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Erishilgan natijalar bilan bir qatorda, iqtisodiyot oldida turgan yangi vazifalar ham ochiq ko‘rsatib o‘tildi. Aholi sonining 40 million nafarga yaqinlashayotgani ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va mehnat unumdorligini oshirishni yanada dolzarb masalaga aylantirmoqda. Shu bois iqtisodiyotning yillik o‘sish sur’atlarini 9–10 foiz darajasiga olib chiqish strategik vazifa sifatida belgilandi. Bunday yondashuv iqtisodiy o‘sishni oddiy statistik ko‘rsatkich emas, balki fuqarolar daromadi va turmush sifati bilan baholash zarurligini anglatadi.

Yig‘ilish davomida ishlab chiqarish xarajatlari alohida tahlil qilindi. Ayrim yirik korxonalarda mahsulot tannarxining ortishi ularning bozor imkoniyatlarini cheklayotgani qayd etildi. Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida oltin, O‘zbekiston metallurgiya zavodida po‘lat sharlar hamda «O‘zkimyosanoat» tizimida karbamid va ammiakli selitra ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi samaradorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar zarurligini ko‘rsatmoqda.

Sanoat korxonalarida xarajatlarni boshqarish bugun strategik ustunlikni belgilovchi omillardan biriga aylanmoqda. Xarajatlarning har bir elementi chuqur tahlil qilinishi, energiya va xomashyo resurslaridan oqilona foydalanilishi hamda ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy boshqaruv usullari asosida tashkil etilishi korxonaning raqobatbardoshligini bevosita belgilaydi. ERP tizimlari, Business Intelligence (BI), Big Data va sun’iy intellekt asosidagi tahliliy platformalar xarajatlarning shakllanish manbalarini real vaqt rejimida kuzatish, samarasiz jarayonlarni aniqlash va boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish imkonini bermoqda. Natijada mahsulot tannarxi pasayadi, rentabellik oshadi va eksport bozorlarida raqobat ustunligi kuchayadi.

Davlat kompaniyalari faoliyatini takomillashtirish ham yig‘ilishning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Xalqaro «Franklin Templeton» kompaniyasi tahliliga ko‘ra, «Uzbekistan Airways»da marshrutlar tarmog‘ini qayta ko‘rib chiqish, parvozlar jadvalini optimallashtirish, xizmatlar bozorida raqobatni rivojlantirish va operatsion boshqaruvni takomillashtirish orqali sezilarli iqtisodiy samara olish mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mavjud kamchiliklar sabab aviakompaniya har yili qariyb 120 million dollar daromaddan mahrum bo‘lmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish masalalari ham muhokama qilindi. Mutaxassislar baholashicha, zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish «Hududiy elektr tarmoqlari», «O‘zbektelekom» va «Uzbekistan Airways» kabi yirik kompaniyalar qiymatini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Shu asosda davlat ulushi mavjud korxonalarda boshqaruv samaradorligini kuchaytirish va xususiylashtirish jarayonlarini davom ettirish rejalashtirilmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Ko‘plab nazorat organlari va ularning jarima qo‘llash vakolatlari biznes yuritish xarajatlarini oshirayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan nazorat mexanizmlarini soddalashtirish, profilaktik yondashuvni kuchaytirish hamda tadbirkorlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Eksport salohiyatidan foydalanish darajasi ham tanqidiy baholandi. So‘nggi uch yil davomida ishga tushirilgan 509 ta eksportbop ishlab chiqarish quvvatining 208 tasi hali eksportni boshlamagan. Erkin iqtisodiy zonalarning aksariyatida ham eksport faoliyati kutilgan darajaga chiqmagan. Shu sababli sertifikatlashtirish, logistika, marketing va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq muammolarni joyida hal qiladigan ishchi guruhlar tashkil etilishi belgilandi. Asosiy e’tibor yangi loyihalarni boshlashga emas, mavjud ishlab chiqarish salohiyatidan to‘liq foydalanishga qaratildi.

Yig‘ilish yakunlari iqtisodiy siyosatda yangi yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatdi. Endilikda iqtisodiy natijalar investitsiyalarning qaytimi, ishlab chiqarish samaradorligi, eksport hajmi, tadbirkorlik muhiti sifati va aholi real daromadlari orqali baholanadi. Bunday mezonlar iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, davlat ishtirokini maqbullashtirish va xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Belgilangan vazifalar iqtisodiy rivojlanishning navbatdagi bosqichi samaradorlik va natijadorlikka tayanishini ko‘rsatmoqda. Xarajatlarni maqbullashtirish, davlat kompaniyalarida zamonaviy boshqaruvni joriy etish, eksport salohiyatidan to‘liq foydalanish va investitsiyalar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar iqtisodiy o‘sishning sifat jihatidan yangi bosqichini shakllantiradi. Mazkur yo‘nalishlarda izchil ish olib borilishi ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va aholi farovonligini barqaror oshirish uchun mustahkam iqtisodiy asos yaratadi.

Sevara Aytieva Allaberdievna,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, “Biznes boshqaruvi” kafedrasi dotsenti, PhD