BO‘LAJAK TASVIRIY SAN’AT O‘QITUVCHILARINING GRAFIK MATERIALLARDA TASVIRLASH IJODIY KOMPETENSIYALARINI TAKOMILLASHTIRISH PEDAGOGIK MUAMMO SIFATIDA
O‘zbekistonning taraqqiyoti malakali kadrlar tayyorlash bilan, ayniqsa, badiiy pedagogika sohasidagi zamonaviy texnologik jarayonlar bilan bevosita bog‘liqdir. Yosh avlodni barkamol inson qilib tarbiyalashda o‘qituvchi va uning roli yuqori baholanadi. Shu nuqtayi nazardan, bo‘lajak tasviriy san’at o‘qituvchilarining grafik materiallarda tasvirlash ijodiy kompetensiyalarini takomillashtirish masalasi zamonaviy pedagogikada nihoyatda dolzarb hisoblanadi. Ta’lim tizimida tasviriy san’at ta’limining sifat va samaradorligi bevosita o‘qituvchining kasbiy kompetentligiga bog‘liq bo‘lib, bu jarayon o‘qituvchining nafaqat kasbiy tayyorgarligi, balki uning ijodiy salohiyati, metodik mahorati va badiiy-estetik qarashlari bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Shu sababli umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun tasviriy san’at o‘qituvchilarini tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoni, mazmuni va metodikasini bugungi kun ijtimoiy-pedagogik talablari asosida takomillashtirib borish muhim vazifalardan biridir.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablari ayrim o‘qituvchilarining kasbiy bilimlari zamon talablari darajasida yetarli darajada shakllanmagan. Ushbu holat bir qator omillar bilan bog‘liq bo‘lib, ayrim tasviriy san’at o‘qituvchilari ongida “men rassom emasman, men tasviriy san’at o‘qituvchisiman, rasm chizishni chuqur bilishim shart emas” degan noto‘g‘ri tushunchaning mavjudligi ularning o‘z ustida ishlamasligiga olib kelmoqda. Vaholanki, amaliy ko‘rsatmalar o‘quvchilarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada oshiradi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida auditoriya mashg‘ulotlariga ajratilgan soatlarning kamligi hamda nazariy bilimlarni amaliy ijodiy kompetensiyaga aylantirish uchun didaktik va metodik rejalashtirishning yetishmasligi nazariya va amaliyot o‘rtasida uzilish yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada bo‘lajak o‘qituvchilar turli grafik materiallarda tasvirlash jarayonida qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Bundan tashqari, pedagogik oliy ta’lim muassasalarining “Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi” ta’lim yo‘nalishlari mutaxassislik fanlari o‘quv dasturlarida atigi ikki yoki uch turdagi grafik materiallarda tasvirlashga o‘rgatish bilan cheklanib qolinishi sababli talabalar ko‘plab grafik materiallarning xususiyatlari va tasvirlash texnikalari haqida yetarli bilimga ega bo‘lmaydilar. Ayrim muassasalarda tasviriy san’at faniga ikkinchi darajali fan sifatida qaralishi hamda zarur sharoitlarning yetarli darajada yaratilmasligi talabalar orasida fanga bo‘lgan qiziqishning susayishiga, darslarning yuzaki o‘tilishiga olib kelmoqda. Shu bilan birga, baholash jarayonida ijodiy yondashuvning yetarli darajada inobatga olinmasligi talabalarning motivatsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mazkur pedagogik muammoni bartaraf etish va bo‘lajak tasviriy san’at o‘qituvchilarining ijodiy kompetensiyalarini takomillashtirish uchun ta’lim mazmuni va metodikasini integratsiyalash, amaliy mashg‘ulotlarni bosqichma-bosqich tashkil etish muhim hisoblanadi. Dastlab sodda topshiriqlar orqali asosiy texnika va materiallar bilan tanishtirish, keyinchalik murakkab topshiriqlar, kreativ g‘oyalar ishlab chiqish va ijodiy loyihalarni amalga oshirish talabalarda ijodiy erkinlikni rivojlantiradi hamda ularning individual xususiyatlarini inobatga olish imkonini beradi. Grafik materiallarda tasvirlashga o‘rgatish jarayonida qalam, ko‘mir qalam, rangli qalamlar, pastel, sangina, sous, akvarel, guash kabi materiallardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish nafaqat texnik mahoratni, balki badiiy tafakkur va ijodiy tasavvurni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, milliy va xalq amaliy san’ati merosidan foydalanish, milliy an’analarga xos texnika va uslublarni zamonaviy metodlar bilan uyg‘unlashtirish orqali yangicha badiiy-uslubiy sintez yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Baholash tizimini ijodiy parametrlarga asoslangan holda tashkil etish, ya’ni g‘oya yangiligi, texnik ijro sifati, kompozitsiya yaxlitligi, badiiy obraz chuqurligi va shaxsiy yondashuv kabi mezonlarni joriy etish talabalarning ijodiy faoliyatini har tomonlama rag‘batlantiradi. Pedagogik refleksiya orqali bo‘lajak o‘qituvchilarning bajarilgan ishlarni tanqidiy tahlil qilishi, xatolar ustida ishlashi va ularni konstruktiv tarzda tuzatib borishi ijodiy kompetensiyaning oshishiga xizmat qiladi. Pedagogik jarayonda avtoritar yondashuvdan ko‘ra ijodiy hamkorlikka asoslangan munosabatni yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchining rag‘batlantiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi pozitsiyasi talabalarda ijodga bo‘lgan qiziqishni saqlab qolishga yordam beradi.
Shuningdek, amaliy muhit va texnologik imkoniyatlarni kengaytirish, xorijiy tajribada qo‘llanilayotgan akademik studiya shaklidagi mashg‘ulotlar, stajirovkalar, san’at galereyalari, ko‘rgazmalar va rassomlar ustaxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘lajak o‘qituvchilarning ijodiy salohiyatini oshiradi. Ustoz-shogird tamoyiliga asoslangan faoliyat orqali bo‘lajak o‘qituvchilarning amaliyotchi rassomlar bilan birgalikda ijodiy loyihalarni amalga oshirishi yuqori samaradorlik beradi. Masofaviy ta’lim platformalaridan foydalanish, onlayn master-klasslar, virtual ko‘rgazmalar, raqamli portfolio yuritish va ijodiy loyihalarni onlayn himoya qilish imkoniyatlari ham ijodiy kompetensiyalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ijodiy ustaxonalar, raqamli studiyalar va zamonaviy resurslar bilan ta’minlash esa ushbu jarayonning samaradorligini yanada oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, bo‘lajak tasviriy san’at o‘qituvchilarining grafik materiallarda tasvirlash ijodiy kompetensiyalarini takomillashtirish murakkab va ko‘p qirrali pedagogik muammo bo‘lib, uni hal etish tizimli va izchil yondashuvni talab qiladi. Natijada, bo‘lajak o‘qituvchilar nafaqat texnik jihatdan puxta, balki san’atga innovatsion, tanqidiy va ijodkorona yondasha oladigan, milliy va zamonaviy san’at yutuqlarini uyg‘unlashtira oladigan yetuk mutaxassislar sifatida shakllanadi. Bu esa jamiyatda san’at ta’limi sifatini yaxshilash, o‘quvchilarni badiiy-estetik ruhda tarbiyalash va ijodiy fikrlash madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ismatov Ulfat Shuhratovich,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti,
San’atshunoslik fakulteti,
“Tasviriy san’at va dizayn” kafedrasi dotsenti.