O‘ZBEKISTON MARKAZIY OSIYODA SHAKLLANAYOTGAN YANGI SUN’IY INTELLEKT MARKAZI SIFATIDA YOSHLARGA KENG IMKONIYAT VA YUKSAK ISHONCH BERMOQDA
Sun’iy intellekt (SI) bugun shunchaki texnologik yangilik emas, balki dunyo taraqqiyotining yangi “dvigateli”ga aylanmoqda. Telefonimizdagi tarjimon dasturlar, yo‘lni ko‘rsatuvchi navigatsiya, ijtimoiy tarmoqlardagi tavsiyalar, hatto shifokorga tashxis qo‘yishda yordam berayotgan tizimlar — bularning barchasi sun’iy intellektning kundalik hayotimizga qanchalik chuqur kirib kelganidan dalolat beradi. Shunday qudratli vosita bilan ishlashda, ayniqsa yoshlar uchun eng asosiy masala — undan oqilona, to‘g‘ri maqsadlarda va mas’uliyat bilan foydalanish, sun’iy intellektni o‘qish, izlanish, kasb tanlash va jamiyatga foyda keltiradigan sohalarda ishga solishdir. Buning uchun esa nafaqat texnik ko‘nikmalar, balki axborot madaniyati, tanqidiy fikrlash va sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha mustahkam bilim zarur.
Xalqaro tahlillar sun’iy intellektning iqtisodiy ta’siri qanchalik ulkan bo‘lishini yaqqol ko‘rsatib bermoqda. 2025-yilda global sun’iy intellekt bozori qiymati qariyb 391 milliard dollarga baholanmoqda va 2030-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,8 trillion dollardan ortiq darajaga yetishi prognoz qilinmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, SI texnologiyalari 2030-yilga borib jahon yalpi ichki mahsulotiga 15,7 trillion dollargacha qo‘shimcha qiymat qo‘shishi, ya’ni dunyo iqtisodiyoti hajmini o‘rtacha 14 foizga oshirishi mumkin. Bu raqamlarning o‘ziyoq sun’iy intellekt endi nafaqat dasturchilar yoki IT-mutaxassislarning qiziqish doirasi, balki ta’lim, tibbiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, hatto san’at va madaniyatning ajralmas qismiga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, SI’ning bu darajadagi qudrati bilan keladigan xavf va mas’uliyat ham katta. Sun’iy intellektdan noto‘g‘ri maqsadlarda — yolg‘on axborot tarqatish, plagiat, shaxsiy ma’lumotlarni suiiste’mol qilish yoki zo‘ravonlikni targ‘ib etish kabi holatlarda foydalanish jamiyatga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu sababli dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan O‘zbekiston misolida ham, yoshlar uchun sun’iy intellektni ilmiy maqsadlarda ishlatish, uning imkoniyatlarini halol mehnat, ijodkorlik va tadbirkorlikka yo‘naltirish, eng muhimi — etik me’yorlarga qat’iy amal qilish masalasi kun tartibiga chiqmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida mamlakatimiz IT-xizmatlar eksporti 170 million dollardan 1 milliard dollargacha oshib, qariyb 4,5 barobar o‘sishga erishdi. Bu esa O‘zbekistonning nafaqat ichki bozor, balki xalqaro raqobat maydonida ham sun’iy intellekt va IT-xizmatlari eksportchisi sifatida tobora faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi. Hukumatning maqsadli rejalari orasida IT-xizmatlari eksportini 2030-yilga borib 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi ham belgilangan. Bunday raqamlar ortida esa minglab yosh dasturchilar, startapchilar, ilmiy izlanuvchilar va raqamli soha vakillarining mehnati, bilimga chanqoqligi va intilishi turibdi.
Shunday bir sharoitda sun’iy intellekt bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni bosqichma-bosqich maktab, kollej, texnikum va oliy ta’lim tizimiga integratsiya qilish, yoshlarni global raqobatga tayyorlash dolzarb vazifaga aylandi. Aynan shunday tarixiy pallada poytaxtimizda o‘tkazilgan sun’iy intellektga bag‘ishlangan xalqaro forum va unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki alohida ramziy ma’noga ega. Davlatimiz rahbari forumda “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi, “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi”, “Ipak yo‘li sun’iy intellekt forumi”ni muntazam o‘tkazish kabi tashabbuslar orqali sun’iy intellektni avvalo yoshlar ta’limi, kasb tanlashi va ma’naviy tarbiyasi bilan chambarchas bog‘lash zarurligini ta’kidladi. Bu ezgu tashabbuslar O‘zbekiston uchun nafaqat texnologik sakrash, balki ma’naviy mas’uliyatni ham o‘z ichiga olgan yangi bosqichni boshlab bermoqda — sun’iy intellektni yaxshi biladigan, lekin undan yanada ongli foydalanadigan yoshlar avlodini tarbiyalash bosqichi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston sun’iy intellekt texnologiyalarini yaratish, joriy etish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi davlatga aylanmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga ko‘ra, maktablar o‘rtasida har yili eng yaxshi SI-startap g‘oyasi bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi, g‘olib maktablarda eng zamonaviy SI-laboratoriyalar tashkil etiladi, Sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi joriy etilib, har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar AQSH, Yevropa va BAA kabi texnologik yetakchi davlatlarda stajirovkaga yuboriladi. Bu tashabbuslar nafaqat texnik bilim beradi, balki yoshlar ongida sun’iy intellektdan ilmiy, mas’uliyatli va etik asosda foydalanish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Biroq har bir qudratli texnologiya singari, sun’iy intellekt ham axloqiy me’yorlar asosida boshqarilgandagina foyda keltiradi. Shu sababli davlatimiz rahbari tomonidan “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi”ni joriy etish tashabbusi ayni muddao bo‘ldi. Bu loyiha yosh avlodga SI bilan ishlashda ma’lumotlar xavfsizligi, intellektual mulk, inson huquqlariga hurmat, ishonchli algoritmlar yaratish kabi tamoyillarni o‘rgatishni ko‘zda tutmoqda.
Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar — “5 million sun’iy intellekt yetakchilari”, maktablarda SI-laboratoriyalar tashkil etish, o‘quvchilar o‘rtasida startap tanlovlarini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilarni MIT bilan hamkorlikda tayyorlash, har yili “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi”ni o‘tkazish kabi loyihalar — o‘z mohiyatiga ko‘ra, bugungi yoshlarning nafaqat texnik ko‘nikma, balki kelajak kasblariga tayyorgarligi, raqamli tafakkuri, innovatsion fikrlashi va eng muhimi — sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha yetuk bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi. Bu tashabbuslarning dolzarbligi shundaki, ular yoshlarning bugungi ehtiyojlari va kelajakdagi global raqobat talablari bilan to‘la uyg‘unlashgan. Sun’iy intellektga oid yirik forumning o‘tkazilgani esa mamlakatimizning bu sohadagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamladi. Prezidentimizning forumdagi chiqishi, unda bildirilgan ishonch va qat’iy pozitsiya O‘zbekistonni mintaqada SI bo‘yicha HUBga aylantirish yo‘lida mustahkam zamin yaratmoqda. Bu tashabbuslar yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochibgina qolmay, ularni butunlay yangi — intellektual raqobatga asoslangan davrga tayyorlaydi.
Natijada, sun’iy intellektni o‘rganayotgan yoshlar nafaqat texnologiyani biladigan mutaxassisga, balki uni jamiyat manfaatiga yo‘naltira oladigan ma’rifatli, mas’uliyatli va halol yetakchiga aylanishi mumkin. Bunday avlodni tarbiyalash esa bugungi kunning eng asosiy vazifalaridan biridir. Zero, ertangi kunning eng katta yutug‘i — texnologiyani yaratgan emas, balki uni insoniyat farovonligi uchun to‘g‘ri yo‘naltira olgan millatga nasib etadi.
Mohigul Nazarova
ZARMED universiteti o‘qituvchisi