XOTIN-QIZLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH VA GENDER TENGLIKNI TA’MINLASH — BARQAROR TARAQQIYOTNING MUHIM OMILI

aprel 21, 2026 - 10:29
aprel 21, 2026 - 11:47
 0  20
XOTIN-QIZLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH VA GENDER TENGLIKNI TA’MINLASH — BARQAROR TARAQQIYOTNING MUHIM OMILI



Ayol — ona, oila va jamiyat tayanchi, millat kelajagining poydevoridir. Ayollari sog‘lom, bilimli va kasb-hunar egallagan jamiyatda ijtimoiy barqarorlik, ma’naviy yuksalish hamda iqtisodiy taraqqiyot uzviy ravishda shakllanadi. Ana shunday ayol tarbiyalagan farzand kelajakda davlat va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shadigan shaxs sifatida kamol topadi. Shu jihatdan, xotin-qizlarning har tomonlama rivoji mamlakat taraqqiyotining strategik omillaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi.

Bugungi kunda hukumat tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimida yaratilayotgan imkoniyatlar alohida e’tiborga molikdir. Xususan, ayollar uchun oliy ta’limdan keyingi bosqichlarda, jumladan, magistratura ta’limining bepul shaklda tashkil etilishi ularning ilmiy salohiyatini oshirish va professional rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida maxsus markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali ayollar bepul kasb-hunar egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydi, balki o‘zini o‘zi band qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda daromad manbalarini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Mazkur chora-tadbirlar ayollarning jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy maqomini oshirishga xizmat qilmoqda.

Natijada xotin-qizlarning faolligi ortib, ular jamiyatning barcha sohalarida, xususan, ta’lim, iqtisodiyot va boshqaruv tizimlarida faol ishtirok etmoqda. Bu esa nafaqat gender tengligini ta’minlash, balki mamlakatning barqaror rivojlanishi va inson kapitalining yuksalishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimiz xotin-qizlari hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar nafaqat milliy darajada, balki xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘onaga yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” hisobotida esa mamlakat o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi. Ushbu natijalar mamlakatda olib borilayotgan tizimli islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etadi.

Mazkur yo‘nalishdagi islohotlar PF-21-sonli farmon doirasida yanada izchil davom ettirilmoqda. Ushbu hujjatda 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar asosida gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash qamrovini 80 foizga yetkazish, boshqaruv va davlat xizmatida ayollar ulushini mos ravishda 35 va 40 foizgacha oshirish, davlat korxonalari kuzatuv kengashlarida ularning ishtirokini 9 foizga yetkazish orqali gender muvozanatini mustahkamlash nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, iqtisodiy faollikni oshirish maqsadida 500 ming nafar xotin-qizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga jalb etish, 31–60 yoshdagi ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish qamrovini kengaytirish, 100 ming nafar ehtiyojmand ayolni tadbirkorlik faoliyatiga integratsiya qilish kabi vazifalar belgilangan. Bandlikni ta’minlash, ishsizlik darajasini 5 foizgacha qisqartirish, mahallalarda 3 940 ta maxsus markaz tashkil etish hamda ijtimoiy xizmatlar qamrovini 60 foizga yetkazish orqali xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada mustahkamlanadi. Natijada 300 ming nafar ayolni ehtiyojmandlikdan chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur ko‘rsatkichlar jamiyat ijtimoiy rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash darajasining 80 foizga yetkazilishi ajrimlar sonining kamayishiga va sog‘lom ijtimoiy muhit shakllanishiga xizmat qiladi. Mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazlarining tashkil etilishi hamda ijtimoiy xizmatlar hajmining kengaytirilishi aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytiradi. Bu esa jamiyatda barqarorlikni mustahkamlab, ijtimoiy tenglikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Iqtisodiy nuqtayi nazardan, xotin-qizlarning tadbirkorlik, kasb-hunar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga keng jalb etilishi muhim multiplikativ samara beradi. Xususan, 500 ming nafar ayolning AKT sohasiga jalb etilishi mehnat bozorining kengayishiga, ishlab chiqarish samaradorligining oshishiga hamda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining jadallashishiga olib keladi. Shu bilan birga, ishsizlik darajasining 5 foizgacha qisqartirilishi kambag‘allikni kamaytirish va oilaviy daromadlarni oshirishga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Siyosiy va boshqaruv tizimida xotin-qizlar ulushining oshirilishi esa qaror qabul qilish jarayonlarida gender muvozanatini ta’minlaydi. Bu esa davlat siyosatining yanada inklyuziv va adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, davlat fuqarolik xizmati va korporativ boshqaruv tizimida ayollar ishtirokining kengayishi boshqaruv sifatini oshiruvchi muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi.

Mazkur islohotlar gender tengligini ta’minlash orqali nafaqat ijtimoiy adolatni qaror toptiradi, balki iqtisodiy o‘sishning yangi drayverlarini shakllantiradi. Natijada inson kapitali rivojlanadi, jamiyatning barcha qatlamlari uchun teng imkoniyatlar yaratiladi hamda mamlakatning barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Jasmina Xamitillayeva 
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Moliya fakulteti, 3-bosqich talabasi