DAVLAT BOSHQARUVIDA AYOLLAR ROLI VA GENDER TENGLIK SIYOSATINI RIVOJLANTIRISH YO‘NALISHLARI: O‘ZBEKISTON TAJRIBASI VA XALQARO HAMKORLIK
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida “Davlat boshqaruvida ayollarning roli: O‘zbekiston kelajagini shakllantirayotgan islohotlar ovozi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi — 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish jarayonida 2025-yil uchun belgilangan kompleks chora-tadbirlar dasturining ijrosini muhokama qilish, davlat xizmatida ayollar o‘rnini mustahkamlash, ularning boshqaruvdagi rolini oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), xorijiy mamlakatlar elchixonalari vakillari, xalqaro ekspertlar, shuningdek, “Rahbar ayollar maktabi” dasturi bitiruvchilari ishtirok etdilar.
Muhokamalar davomida davlat xizmatini isloh qilish jarayonida ayollar ishtiroki, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan institutsional kafolatlar, xalqaro gender indekslar bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rni va uni yaxshilash yo‘llari, shuningdek, ayollar yetakchilik salohiyatini rivojlantirish masalalari muhim o‘rin tutdi. OECD, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’ruzalar orqali davlat boshqaruvida gender tengligini ta’minlash, inklyuziv yondashuvni kengaytirish va ayollar salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ilg‘or xalqaro amaliyotlar taqdim etildi.
Panel sessiyalarda gender siyosati, teng imkoniyatlar yaratish, ta’lim orqali ayollar intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda ularning faolligini oshirish bo‘yicha samarali tajribalar muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish, rahbar ayollar sonini ko‘paytirish, mavjud ijtimoiy va institutsional to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu tavsiyalar O‘zbekistonning milliy gender siyosatini yanada rivojlantirish, davlat boshqaruvida ayollar ishtirokini kengaytirish hamda gender tengligini ta’minlash yo‘lida muhim hujjat sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.