Orol muammolarini oqilona bartaraf etishda xalqaro integratsiyalashuv

1. Orol muammolarini oqilona bartaraf etishda xalqaro integratsiyalashuv
Orol madaniyati sammiti doirasida Orolbo‘yi mintaqasidagi muammolarni barqaror va innovatsion yechimlar asosida hal etishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturi konsepsiyasi tahlil qilindi. Ekspertlar tomonidan sammitga muvofiq “Orol maktabi”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi qarorida belgilanganidek, keng ilmiy doira va xalqaro ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Orol maktabi” g‘oyasi zamonaviy fanlararo yondashuvni amaliyotga joriy etish, ekologik, madaniy va ijtimoiy muammolarni kompleks o‘rganish, ularga mos ravishda ilmiy asoslangan strategiyalar ishlab chiqishni nazarda tutadi. Ta’lim dasturida ekologiya, ta’lim, madaniyatshunoslik, iqtisodiyot, sotsiologiya, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarni qamrab olgan fanlararo yo‘nalishlar o‘rin oladi.
Mazkur maktab Orolbo‘yi masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlar, amaliy loyihalar, treninglar va simpoziumlar uchun platformani shakllantiradi. Shuningdek, bu maktab yosh tadqiqotchilar, olimlar, siyosatchilar, ekologlar, ta’lim mutaxassislari o‘rtasida muloqot va hamkorlikni kuchaytiradi.
Sammit ishtirokchilari ta’lim orqali faqat bilim berish emas, balki Orol fojiasining saboqlarini keng jamoatchilikka yetkazish, kelajak avlodlarda ekologik madaniyat va javobgarlikni shakllantirish zarurligini alohida ta’kidladilar.
“Orol maktabi” loyihasi nafaqat ta’lim sohasida, balki keng ijtimoiy-ilmiy muhitda ham katta amaliy ahamiyat kasb etib, mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam intellektual poydevor vazifasini o‘tashi e’tirof etildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi, ekspert
Sherzod Qurbonov