Turizm – zamonaviy iqtisodiyotning ustuvor tarmog‘i 

Zamonaviy iqtisodiyotda turizm nafaqat xizmat ko‘rsatish sohasining muhim tarmog‘i, balki davlatlararo madaniy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi kuchli infratuzilma omili sifatida e’tirof etilmoqda. Bugungi global tendensiyalar shuni ko‘rsatmoqdaki, turizm sohasi jahon bozoridagi raqobatbardoshlikni belgilovchi strategik yo‘nalishga aylanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida qabul qilingan islohotlar natijasida so‘nggi yillarda mamlakatimiz turizm sohasida Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egalladi. Ayniqsa, global tarmoqda tarixiy mashxur qadimiy shaharlar  va  obidalarimiz qatorida Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm infratuzilmasining institutsional rivojlanishi amalga oshirilmoqda. Natijada ushbu hudud o‘ziga xos sayyohlik maskaniga aylanib, xorijiy turistlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb qilmoqda.

aprel 9, 2025 - 17:26
aprel 9, 2025 - 20:21
 0  187
Turizm – zamonaviy iqtisodiyotning ustuvor tarmog‘i 

Joriy yil 9-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi 2040-yilgacha turizim islohotlarini qamrab olgani bilan ahamiyatli.

So‘nggi sakkiz yil davomida O‘zbekistonda turizm va servis infratuzilmasi izchil rivojlanib, muhim natijalarga erishildi. Jumladan, turizm eksporti 1,6 barobarga oshib, 3,5 milliard AQSh dollariga yetdi. Sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyat boshlagan bo‘lib, bu jarayon xorijiy sayyohlar oqimini 2024-yilda 10 million kishiga yetkazdi. Bunday iqtisodiy ko‘rsatkichlar milliy yalpi ichki mahsulotda turizm ulushining oshishiga sezilarli hissa qo‘shmoqda.

Sohaga yo‘naltirilgan yirik investitsiyalar, xususan, mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan jalb qilingan 6,5 milliard AQSh dollari miqdoridagi sarmoyalar hisobiga 130 ming yotoq o‘ringa ega zamonaviy mehmonxona tarmoqlari barpo etildi. Bu esa xizmatlar sektorida qo‘shimcha qiymat zanjirining shakllanishiga zamin yaratdi. 2025-yil yakuniga qadar turizm sohasi bo‘yicha 30 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning tabiiy-iqlimiy sharoiti, to‘rt faslli qulay muhit va yuridik kafolatlar tufayli yurtimiz qishki turizm uchun ham jozibador maskanga aylanishi mumkin. Parkent tumanining “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro standartlarga javob beradigan yangi tog‘-chang‘i zonasining barpo etilishi buning amaliy dalilidir. Fransiyaning mashhur “Kurshavel” kurorti tajribasidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston tog‘li hududlarida Yevropa andozasidagi zamonaviy turizm maskanlarini tashkil etish taklif etildi.

Davlat rahbarining turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan topshiriqlarida betakror tarixiy–madaniy meros, o‘ziga xos tabiiy landshaftlar va xalqning turizmga nisbatan ijobiy munosabati alohida ta’kidlandi. Mazkur omillar asosida O‘zbekiston turizm eksportini 2040–yilga borib 10 milliard AQSh dollariga yetkazish va turizmning YaIMdagi ulushini 7 foizgacha oshirishni nazarda tutuvchi strategik dastur ishlab chiqilmoqda.

Shu bilan birga, turizm qishloqlari tashkil etish tashabbusi doirasida o‘ziga xos yondashuv shakllanmoqda. So‘nggi uch yilda ayrim hududlarda ijobiy natijalar ko‘zga tashlangan bo‘lsa-da, ba’zi viloyatlarda bu loyiha sust amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatida Janubiy Koreya tajribasi asosida rejalashtirilgan turizm qishlog‘i loyihasi amalda natija bermagan. Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida esa bor-yo‘g‘i bittadan qishloq tashkil etilgan. Navoiy, Sirdaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida hunarmandchilik, gastronomik turizm va boshqa yo‘nalishlardagi infratuzilma yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan.

Eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham hududlar o‘rtasida nomutanosiblik mavjud: Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida turizm eksporti 65 million dollarga, Sirdaryoda esa atigi 30 million dollarga yaqinlashgan. Eng achinarlisi, mamlakatimizning birorta ham chegara hududida sayyohlar e’tiborini jalb qiluvchi maxsus “turizm burchagi” tashkil etilmagani tanqid qilindi.

So‘nggi yillarda trekking (tog‘li hududlarga sayohat) mashhurlashmoqda. Biroq turfirmalar tomonidan bu kabi yo‘nalishlar uchun ruxsatnoma olish 2–3 oy vaqt talab qilmoqda. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan ushbu tartibni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 10 kun ichida amalga oshirish tizimini joriy etish topshirig‘i berildi.

Zamonaviy turizm yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish maqsadida 36 ta tuman va shaharda etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, tarixiy–madaniy, ziyorat, qishki va agro–turizm yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yirik dastur ishlab chiqilmoqda. Masalan, Sariosiyo tumani qishki turizm uchun salohiyatli hudud bo‘lib, bu yerda umumiy qiymati 200 million AQSh dollariga teng bo‘lgan mehmonxona, dor yo‘li va servis xizmatlari loyihasini amalga oshirish mumkin.

Chortoq tumanining shifobaxsh mineral suvlari bo‘lishiga qaramay, bu resurslar xorijiy sayyohlarni jalb qilishda yetarlicha foydalanilmayapti. Mo‘ynoqda o‘tkaziladigan “Stixiya” xalqaro musiqiy festivali esa turizm salohiyatini oshirishda katta imkoniyatga ega bo‘lib, sayyohlarni uzoqroq muddatga jalb etish uchun yangi tashabbus va infratuzilma zarur. Shu bois, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga barcha hududlar bo‘yicha master-rejalarni ishlab chiqish va ularni tezkor moliyalashtirish vazifasi yuklatildi.

Xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli xalqaro ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarda O‘zbekiston turizm salohiyati keng targ‘ib qilinmoqda. Diplomatik vakolatxonalar ishtirokida targ‘ibot ishlarini boshqa mamlakatlarda ham faollashtirish zarur. Masalan, Xitoyning eng chekka provinsiyalari va Gonkongdan ham sayyohlar kela boshladi. Polsha bilan aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ushbu davlatdan sayyohlar sonining 7 barobarga oshishiga sabab bo‘ldi.

Transport infratuzilmasini kengaytirish ham turizm rivojining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Fransiyaga tashrif davomida 14 ta “Airbus” samolyoti xarid qilinib, yana 5 tasi ijaraga olinadigan bo‘ldi. “Boeing” kompaniyasi bilan 12 ta havo kemasini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Turizmda viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha ham yangi takliflar ilgari surildi. Mongoliya bilan hamkorlik natijasida sayyohlar soni 100 nafardan 4 ming nafargacha oshdi. Ko‘rfaz davlatlarida 3 millionga yaqin sayohatchi mavjud bo‘lib, ular ko‘pincha Ozarbayjon, Gruziya, Albaniya va Xorvatiya kabi vizasiz kirish imkoniyati mavjud mamlakatlarni tanlamoqda. Shuning uchun ushbu mamlakatlar uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish muddatini 10 kundan 30 kungacha uzaytirish taklif qilindi. Bundan tashqari, Hindiston, Pokiston, Misr va Eron fuqarolari uchun vizani soddalashtirish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi.

Rossiya va Xitoy bilan yo‘lga qo‘yilgan manzilli hamkorlik natijasida turizm oqimi keskin oshdi. Endilikda bu tajribani Yaponiya, Koreya va Yevropa davlatlari bilan ham kengaytirish vazifasi belgilandi. Milliy turizmning yagona platformasini joriy etish, elektron viza olish va chipta xarid qilish tizimini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, “Umra plus” dasturi doirasida Malayziya va Indoneziyadan 100 ming nafar ziyoratchini O‘zbekistonga jalb etish ishlari boshlanmoqda. Bu borada Kuala-Lumpur va Jakarta shaharlaridan Samarqand va Buxoro orqali Jidda shahriga aviareyslar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashabbuslar diniy va madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi hamda xalqaro maydonda O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada yuksaltiradi.

Zufarova Nozima
Iqtisodiyot fanlari doktori (DSc)
TDIU “Turizm” fakulteti dekani