INNOVATSION RIVOJLANISH VA IJTIMOIY-IQTISODIY TARAQQIYOT: BUXORO VILOYATI TAJRIBASINING KOMPLEKS TAHLILI

Iyun 23, 2025 - 00:46
 0  23
INNOVATSION RIVOJLANISH VA IJTIMOIY-IQTISODIY TARAQQIYOT: BUXORO VILOYATI TAJRIBASINING KOMPLEKS TAHLILI

Zamonaviy dunyo iqtisodiyotida innovatsiyalar va texnologik taraqqiyot mamlakatlar hamda hududlarning raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillardan biriga aylangan. O‘zbekiston Respublikasida ham so‘nggi yillarda innovatsion rivojlanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda Buxoro viloyati o‘zining geografik joylashuvi, boy tabiiy resurslari hamda tarixiy merosiga tayanib, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish orqali salmoqli yutuqlarga erishmoqda. Viloyatning innovatsion transformatsiyasi hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tajribasi nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham dolzarb tadqiqot obyektiga aylanmoqda.

Tadqiqotning asosiy maqsadi — 2017–2024-yillar davomidagi Buxoro viloyatining innovatsion rivojlanish jarayonlarini kompleks tahlil qilish, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasini baholash hamda ushbu tajribaning O‘zbekistonning boshqa hududlari uchun qo‘llanish imkoniyatlarini aniqlashdan iborat. Tadqiqot doirasida viloyatning rasmiy statistik ma’lumotlari, davlat dasturlari, investitsiya loyihalari hujjatlari va ilmiy-texnik rivojlanish ko‘rsatkichlari chuqur tahlil qilindi. Metodologik yondashuv sifatida tizimli tahlil, qiyosiy-taqqoslash, statistik ma’lumotlarni qayta ishlash hamda ekonometrik modellashtirish usullaridan foydalanildi.

Buxoro viloyati O‘zbekiston hududining 6,3 foizini egallaydi va o‘z hududi bo‘yicha mamlakat viloyatlari ichida Navoiy viloyatidan keyingi o‘rinda turadi. 2024-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, viloyatda doimiy yashovchi aholi soni 2 050,6 ming kishini tashkil etib, yil boshiga nisbatan 6,6 ming kishiga yoki 0,3 foizga oshgan. Demografik tarkib tahlili shuni ko‘rsatadiki, shahar aholisi 756,4 ming kishi yoki 36,9 foizni, qishloq aholisi esa 1 294,2 ming kishi yoki 63,1 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar viloyatning urbanizatsiya darajasi Respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past ekanini, ammo qishloq xo‘jaligi va an’anaviy hunarmandchilik sohasida katta salohiyatga ega ekanini bildiradi.

Iqtisodiy rivojlanish dinamikasi tahliliga ko‘ra, 2017–2024-yillar mobaynida viloyat yalpi ichki mahsuloti 1,5 barobarga oshib, 53 trillion so‘mdan yuqoriga ko‘tarilgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 26 million so‘mga yetib, respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori natijani ko‘rsatgan. 2017–2020-yillar davomida yalpi ichki mahsulot hajmi 17 foizga o‘sib, 31,5 trillion so‘mni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa 5,6 trillion so‘mdan 17,8 trillion so‘mga yoki 3,2 barobarga oshgan.

Sanoat sektori viloyat iqtisodiyotining lokomotivi hisoblanadi. 2023-yil yanvar–sentyabr oylarida viloyatda 22,1 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106 foizga o‘sishni bildiradi. Respublika sanoat hajmidagi ulushi 5 foizni tashkil etadi. Qayta ishlovchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 20 967,5 milliard so‘mni yoki umumiy sanoat hajmining 93,8 foizini tashkil qilgan. Koks va neftni qayta ishlash 48,6 foizni, to‘qimachilik, kiyim va teri mahsulotlari 20,9 foizni, oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlari 14,9 foizni tashkil etgan.

Innovatsion rivojlanish yo‘nalishida ham Buxoro viloyati ijobiy natijalarga erishgan. 2021-yil 1-apreldagi Prezident farmoniga muvofiq, 13 ta tuman innovatsion hududga aylantirilgan bo‘lib, ulardan biri — Buxoro viloyatining Romitan tumani hisoblanadi. Hozirda Romitan tumanida umumiy qiymati 10,9 milliard so‘mlik 15 ta innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan 10 tasi tijoratlashtirilib, ishlab chiqarishga joriy etilgan. Ushbu loyihalar qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, qurilish materiallari va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab oladi.

Axborot texnologiyalari sohasidagi yutuqlar viloyat innovatsion transformatsiyasining muhim jihatiga aylangan. 2020-yilda Buxoro shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega IT-markaz foydalanishga topshirildi. Bu markaz 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni, 100 dan ortiq IT-korxona va 35 ming nafardan ortiq talabalarni qabul qilish imkonini beradi. 2021-yilda "EdTech-HUB" loyihasi doirasida 1200 nafar fuqaro axborot texnologiyalariga o‘qitilib, 700 nafar mutaxassis va 500 nafar frilanser tayyorlash rejalashtirilgan. Loyihani moliyalashtirish uchun 800 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Investitsiya jalb qilish borasida Buxoro viloyati Respublikada yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. So‘nggi yetti yil mobaynida viloyatga 4 milliard dollarlik investitsiyalar yo‘naltirilgan. 2024-yilda qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lgan 607 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, umumiy qiymati 14 milliard dollarlik 80 ta yirik tashabbus ishlab chiqilgan. Investitsiyalar tarmoqlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan: sanoat – 45 foiz, qishloq xo‘jaligi – 25 foiz, turizm va xizmatlar – 20 foiz, infratuzilma – 10 foiz.

Qurilish materiallari sanoati viloyat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. 2021–2024-yillarda 269 million dollarlik 110 ta yangi loyiha, shuningdek, 139,2 million dollarlik 74 ta mavjud korxonaning modernizatsiyasi rejalashtirilgan. 2023–2024-yillarda qiymati 112,4 million dollarga teng 89 ta loyiha amalga oshirilib, 1 358 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

2024-yilgi Global innovatsiya indeksida O‘zbekiston 133 davlat ichida 83-o‘rinni egalladi. Bu yutuqda Buxoro viloyatining ulushi salmoqli hisoblanadi. O‘zbekiston quyi o‘rta daromadli 38 davlat ichida 10-o‘rinda, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari ichida esa 4-o‘rinda turadi. Xususan, tadbirkorlik siyosati va madaniyati bo‘yicha – 4-o‘rin, yalpi kapital shakllanishi YaIMga nisbatan – 7-o‘rin, mehnat unumdorligi o‘sishi bo‘yicha – 7-o‘rin qayd etilgan.

Bandlik sohasida ham sezilarli natijalarga erishilgan. So‘nggi yillarda 4 600 ta yangi korxona tashkil etilib, 90 mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilgan. Oxirgi besh yillikda esa 129 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. 2024-yilda kichik biznesga 5,9 trillion so‘m, qo‘shimcha 2,1 trillion so‘m kredit ajratilishi, turizm va servis sohalariga esa 100 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Eksport salohiyati ham ortib bormoqda. Viloyat eksporti 215 million dollarga yetgan. 2022-yilda qurilish materiallari eksporti 11,4 million dollarni tashkil qilgan. Qorako‘l, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yiliga 1 trillion so‘mdan oshgan.

Turizm sohasi iqtisodiyotning istiqbolli tarmog‘i sifatida jadallik bilan rivojlanmoqda. 2019-yilda 37 ta turistik tashkilot tomonidan 12,4 ming nafar mehmonlarga xizmat ko‘rsatilgan. Mehmonxona va joylashtirish maskanlari soni 173 taga yetib, ularda 220,6 ming nafar mehmon joylashtirilgan.

Tadqiqot natijalari asosida Buxoro viloyatining innovatsion rivojlanish modeli quyidagilarni o‘z ichiga oladi: davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan innovatsion infratuzilma; investitsiya jalb qilish mexanizmlari; tarmoqlarni zamonaviylashtirish; inson kapitaliga sarmoya kiritish; eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni rivojlantirish. Ushbu model O‘zbekistonning boshqa hududlari uchun ham universal va samarali yechim bo‘la oladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Buxoro viloyati innovatsion rivojlanish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida izchil yutuqlarga erishmoqda. Romitan tumanining innovatsion hududga aylanishi, zamonaviy texnoparklar, IT-markazlar va yirik investitsion loyihalarning amalga oshirilishi viloyat taraqqiyotining barqaror asoslarini yaratmoqda. Buxoro tajribasi mamlakatning boshqa hududlari uchun ham amaliy ahamiyatga ega model sifatida baholanishi mumkin.

Dexkanova Nargiza Sharifovna
“Yashil” iqtisodiyot kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD. TDIU