QASHQADARYO MODELI – BARQAROR RIVOJLANISH VA “YASHIL” IQTISODIYOT SARI QADAM

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar nafaqat yalpi iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, balki ekologik barqarorlik, resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni ham strategik ustuvor yo‘nalish sifatida ilgari surmoqda. Ushbu yondashuv mamlakatning barqaror rivojlanish yo‘lida bosib o‘tayotgan yo‘lini yaqqol ifodalaydi. Bu holat, ayniqsa, Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Qashqadaryo viloyatining katta hajmdagi tabiiy resurslari, xususan, 1,3 million gektar yaylov va o‘rmon yerlarini iqtisodiy aylanishga jalb etish masalasi muhim vazifa sifatida ilgari surildi. Davlat rahbari bu borada quyidagi fikrni ta’kidladi:
“Buncha yer bilan butun respublikaning go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini bemalol qoplash mumkin. Agar ilm, texnologiya va investitsiya to‘g‘ri yo‘naltirilsa, bu yerlar barqaror daromad manbai bo‘ladi.”
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil yakunida O‘zbekistonda chorvachilik mahsulotlarining atigi 25–30 foizi sanoat usulida qayta ishlangan. Bu ko‘rsatkich rivojlangan davlatlardagi — masalan, Xitoy, Germaniya va Janubiy Koreyadagi 70–80 foizlik darajadan ancha past. Bu esa qayta ishlash sanoatini rivojlantirish zaruratini ochiq ko‘rsatmoqda [1].
Viloyatda tashkil etilgan maxsus aksiyadorlik jamiyatiga 100 million dollar miqdorida davlat mablag‘lari ajratildi, shuningdek, 500 million dollarlik xususiy va xalqaro investitsiyalar jalb etilishi belgilandi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 200 ming gektarga yaqin yaylov va o‘rmon yerlari obodonlashtirilib, iqtisodiy aylanishga kiritilishi rejalashtirilgan. Bu orqali nafaqat ichki bozorda go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash, balki sifati yuqori, xavfsiz va gigiyena talablariga javob beruvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Aholi salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik muvozanatni ta’minlash kabi dolzarb masalalarning yechimiga zamin yaratiladi.
Ushbu tashabbuslar doirasida suv tejamkor texnologiyalar — xususan, tomchilatib sug‘orish, yerlarni lazer yordamida tekislash, quyosh energiyasiga asoslangan infratuzilmani shakllantirish va zamonaviy agrobiznes klasterlarini tashkil etish kabi innovatsion yondashuvlar keng joriy etilmoqda. Bularning barchasi iqtisodiy samaradorlikni oshirish bilan birga, atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtirishga xizmat qiladi.
Misol uchun, Miraki hududida 520 gektar maydonda terrasalar asosida tashkil etilgan uzum, gilos va olma bog‘lari yangi tashkil etilgan kompaniya uchun amaliy-metodik baza sifatida xizmat qilmoqda. Qo‘shquduq hududida esa suvni tejamli ishlatish imkonini beruvchi agrotexnologiyalar tatbiq qilinib, energiya va suv sarfini 40 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Bu kabi tajribalar “yashil texnologiyalar”ning mahalliy sharoitlarga moslashuvchanligini sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.
Agar viloyatdagi tabiiy va iqtisodiy resurslardan ilm-fan va ilg‘or texnologiyalar asosida oqilona foydalanilsa, hozirgi 43 trillion so‘mlik mahsulot hajmini besh yil ichida 100 trillion so‘mgacha yetkazish mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bu esa mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishning ulkan salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyatida agro-sanoat, qayta ishlash, energiya va infratuzilma yo‘nalishlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli loyihalar O‘zbekistonda “yashil rivojlanish modeli”ni shakllantirishda namunaviy hudud sifatida qaralmoqda. Qashqadaryo modeli — bu iqtisodiy samaradorlik, ekologik barqarorlik va ijtimoiy farovonlik o‘rtasida muvozanatga erishishga yo‘naltirilgan kompleks yondashuvdir.
Xulosa qilib aytganda, Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar faqat iqtisodiy o‘sish emas, balki atrof-muhitni muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish va inson farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu yondashuv O‘zbekistonda kambag‘alliksiz, ekologik barqaror va innovatsion iqtisodiyot sari yo‘naltirilgan barqaror rivojlanish strategiyasining tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, kelajak — yashil iqtisodiyot va ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslangan taraqqiyot sari birgalikda tashlanayotgan izchil qadamlardadir.
Haydarova Sitora Suranbay kizi
[1] OECD members Manufacturing Output 1997-2025 https://www.macrotrends.net/globalmetrics/countries/OED/oecd-members/manufacturing-output