TARRAGONADA TDIU TURIZM VA MEHMONXONA BIZNESI KAFEDRASI O‘QITUVCHILARI MALAKA OSHIRIB QAYTDI

Iyun 9, 2025 - 21:40
 0  32
TARRAGONADA TDIU TURIZM VA MEHMONXONA BIZNESI KAFEDRASI O‘QITUVCHILARI MALAKA OSHIRIB QAYTDI

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Turizm” fakulteti dekani N.Zufarova, “Turizm va mehmonxona biznesi” kafedrasi professori S.Safayeva hamda “Turizm va mehmonxona biznesi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari 2025-yil bahorida Ispaniyaning Rovira i Virgili universitetida malaka oshirib qaytdilar. Malaka oshirish dasturi doirasida ispan turizm sohasi tajribasi, ta’lim metodikasi, ilmiy yondashuvlar va shahar turizm infratuzilmasi bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Mazkur safar Kataloniya avtonom hududida joylashgan, boy tarixi va madaniyati bilan mashhur Tarragona shahrida bo‘lib o‘tdi. Tarragona - Ispaniyaning shimoli-sharqida joylashgan tarixiy shahar bo‘lib, Kataloniyaning Tarragona viloyati markazi hisoblanadi. 2024-yil holatiga ko‘ra, shahar aholisi 141151 kishini tashkil qiladi. Maydoni 57,9 km² bo‘lib, dengiz sathidan 68 metr balandlikda joylashgan. Rasmiy til sifatida katalan tili qo‘llaniladi.

Tarragonaning tarixi miloddan avvalgi V asrda iberiylar tomonidan asos solingan Kesse nomli aholi punkti bilan boshlanadi. Miloddan avvalgi 218-yilda bu hudud rimliklar tomonidan egallab olinib, Tarrakon nomi bilan rivojlantirilgan. Rim imperiyasi davrida shahar Hispania Citerior - Yaqin Ispaniya provinsiyasining poytaxtiga aylangan. Oktavian Avgustning shaxsiy tashrifi bilan bog‘liq ravishda shahar ko‘plab monumental inshootlar bilan boyitilgan. Keyinchalik shahar 400 yil davomida mahribiylar (mavrlar) hukmronligida bo‘lgan va O‘rta asrlarda Aragon qirolligining markazlaridan biriga aylangan.

Bugungi kunda Tarragona o‘zining boy tarixiy merosi, turizm infratuzilmasi va zamonaviy ilmiy salohiyati bilan tanilgan. TDIU o‘qituvchilari malaka oshirish jarayonida ushbu tarixiy meros bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, quyidagi mashhur diqqatga sazovor joylar o‘rganildi:

· “O‘rta Yer dengizi balkoni” - dengiz bo‘yidagi tepalikdan shahar va qadimiy amfiteatr manzarasi.

· Roman-gotik uslubidagi sobor - XII–XIV asrlarga oid, 382-yilda qurilgan ibodatxona o‘rnida qad rostlagan, 70 metrli qo‘ng‘iroq minorasiga ega.

·Rim amfiteatri - II asrda qurilgan, gladiator janglari va ommaviy tomoshalar uchun mo‘ljallangan, 12 000 tomoshabinga mo‘ljallangan ulkan inshoot.

· Sirkining xarobalari (Las Voltas del Circ) - I asrdan qolgan, ot poygasi o‘tkazilgan joy.

· Rim akvedugi – “Shayton ko‘prigi” nomi bilan mashhur bo‘lib, miloddan avvalgi I asrda qurilgan.

·  Tarragona tarixiy muzeylari - 25000 dan ortiq eksponatlar, qadimgi mozaikalar, Pilat saroyi, arxeologik yodgorliklar mavjud.

· Dastlabki nasroniylar nekropoli - III–V asrlarga oid dafn marosimlariga oid tarixiy qabriston.

·Tarragona porti yoki Port de Tarragona - Ispaniyadagi eng yirik dengiz portlaridan biridir.

Tarragonadagi madaniy tajribalardan biri - mashhur “kastels” (Castells), ya’ni “tirik minoralar” musobaqasidir. Bu musobaqa Kataloniya mintaqasiga xos bo‘lib, aynan Tarragona shahrida muntazam o‘tkaziladi. Unda ishtirokchi jamoalar inson tanalaridan iborat baland inshootlar - insoniy minoralar qurish bo‘yicha o‘zaro bellashadilar. Bu “tirik minoralar”ning balandligi ba’zida o‘n qavatgacha yetadi. G‘olib jamoa - eng baland va murakkab tuzilishga ega minorani barpo etgan jamoa hisoblanadi.

Kastels qurilishining o‘ziga xos tartibi bor: ishtirokchilar bir-birining yelkasiga chiqib, ko‘p qavatli vertikal inshootni tashkil qiladilar. Harakatlar katalon fleytasi va barabanlar jo‘rligida bajariladi. Eng kuchli va vazni katta bo‘lgan kastellerlar (qatnashchilar) asosiy halqa - quyi qatlamni tashkil qiladilar. Ularning ustiga esa sportcha gavdaga ega ayollar va erkaklar bosqichma-bosqich chiqib, "daraxt tanasi" - yuqori qismlarni hosil qiladilar.

2010-yilda bu qadimiy urf-odat YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi  ro‘yxatiga kiritilgan. Kastels — nafaqat jismoniy kuch va muvozanat, balki jamoaviy hamkorlik va ishonchning yorqin timsolidir.

Malaka oshirish davomida TDIU vakillari Rovira i Virgili universitetining ta’lim dasturlari, turizmni boshqarish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlari, barqaror turizm konsepsiyalari bilan tanishdilar. Shuningdek, Tarragona shahri turistik salohiyatini o‘rganish orqali O‘zbekistonda sayyohlik sohasiga moslashtirilgan innovatsion loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-ilmiy amaliy g‘oyalar shakllantirildi.

Safar davomida ispan hamkorlari bilan o‘zaro tajriba almashinuvi, hamkorlikdagi ilmiy maqolalar va kelgusidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar ham imzolandi.

Ushbu tashrif, shubhasiz, nafaqat Turizm va mehmonxona biznesi kafedrasining ilmiy salohiyatini mustahkamlashga, balki O‘zbekiston turizm sohasini yanada rivojlantirishga ham turtki bo‘ladi.

 

Xushnazarova Maxzuna Gulamjonovna 
TDIU “Turizm va mehmonxona biznesi”
kafedrasi katta o‘qituvchisi