YOSHLAR TADBIRKORLIGI – O‘ZBEKISTONNING IQTISODIY TARAQQIYOTI POYDEVORI

Iyun 9, 2025 - 16:42
Iyun 9, 2025 - 16:44
 0  4
YOSHLAR TADBIRKORLIGI – O‘ZBEKISTONNING IQTISODIY TARAQQIYOTI POYDEVORI

O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligi va uzluksiz rivojlanishida yosh avlodning tadbirkorlik faoliyati muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakatning kelajak taraqqiyotida yoshlar salohiyati va tashabbuskorligi asosiy o‘rin tutadi. Yoshlar – mamlakatning intellektual va ijtimoiy salohiyatining asosiy manbalaridan biri bo‘lib, ularning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish davlat siyosatida ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

O‘zbekistonda 14-30 yoshdagi yoshlar soni umumiy aholining taxminan 26 foizini tashkil etadi, bu ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda yoshlarning faol ishtirokini taqozo etadi. Shu jihatdan, 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan “Yoshlar biznesi” dasturi yoshlarning biznesga kirishishini rag‘batlantirish va 350 ming nafar yoshni qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga 100 mingta yangi ish o‘rni yaratishga qaratilgan. Ushbu dastur doirasida yosh tadbirkorlarga mikrokreditlar va grantlar ajratish, biznes-inkubatorlar tashkil etish, moliyaviy va konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatish kabi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ammo, yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi yoki samarali yuritishida bir qator to‘siqlar va muammolar mavjud. Birinchi navbatda, moliyaviy resurslarga kirish imkoniyati cheklanganligi muhim masala hisoblanadi. Ko‘p hollarda yosh tadbirkorlarda garov uchun taqdim etiladigan manbalarning yetishmasligi yoki mavjud emasligi tufayli kredit olishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.

Yoshlar orasida tadbirkorlik asoslari va biznes-reja tuzish bo‘yicha malaka yetishmasligi ham to‘siq hisoblanadi. Axborot kamligi va biznes muhitiga oid bilimlarning cheklanganligi yoshlarning biznes loyihalarini amalga oshirishda qiynalishiga sabab bo‘ladi.

Ba’zi ijtimoiy-maxsus muammolar ham uchraydi. Masalan, oilaviy bosim va yoshlarga nisbatan ijtimoiy stereotiplar, ularni tadbirkorlikka kirishishdan to‘sib qo‘yish holatlari. Shu boisdan, quyida ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar taklif etiladi:

tadbirkorlik sohasida mavjud imkoniyatlar, davlat dasturlari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida axborot xabardorligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari, raqamli platformalar va ta’lim muassasalari orqali samarali axborot tarqatish tizimini yo‘lga qo‘yish zarur;

maktab, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida tadbirkorlik, marketing, moliya va biznes boshqaruvi sohalariga oid amaliy va nazariy ta’limni joriy etish, shu orqali yoshlarda tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish muhim ahamiyatga ega;

yoshlar tomonidan tadbirkorlikni boshlashda duch kelinadigan asosiy to‘siq bo‘layotgan moliyaviy resurslar yetishmasligini bartaraf etish maqsadida mikrokreditlar va imtiyozli moliyalashtirish dasturlarini kengaytirish, kredit olish shartlarini soddalashtirish hamda jarayonlarni to‘liq darajada shaffoflashtirish lozim;

har bir hududda faoliyat yurituvchi biznes-inkubatorlar, maslahat markazlari va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa infratuzilmalarni yaratish va ularning samaradorligini oshirish orqali yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatish mexanizmi ishlab chiqilishi lozim;

yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi ijtimoiy muhitni shakllantirish muhim. Buning uchun ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali ijtimoiy islohotlarni olib borish, yosh tadbirkorlar hayoti va muvaffaqiyatli tajribalarni targ‘ib qilish zarur.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, yoshlar tadbirkorligi – O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishining muhim drayveri hisoblanadi. Shu boisdan, yoshlarning biznesga bo‘lgan qiziqishi va tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakat iqtisodiyotiga yangi ish o‘rinlari, innovatsion g‘oyalar va barqaror rivojlanish imkoniyati yaratiladi.

 

Sharopova Nafosat Radjabovna 
 Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Marketing kafedrasi dotsenti, 
iqtisodiyot fanlari doktori (DSc)