XALQARO INVESTORLAR KENGASHI: STRATEGIK ISHONCH VA IQTISODIY MODERNIZATSIYANING MUHIM BOSQICHI

Iyun 12, 2025 - 13:00
Iyun 12, 2025 - 13:01
 0  22
XALQARO INVESTORLAR KENGASHI: STRATEGIK ISHONCH VA IQTISODIY MODERNIZATSIYANING MUHIM BOSQICHI

Bugun 2025-yil 12-iyun kuni Toshkent shahrida Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Xalqaro investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli anjumanda dunyoning yetakchi kompaniya va banklari, global moliyaviy institutlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etayotgani — mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy makondagi mavqeining ortib borayotganini yaqqol namoyon etadi.

Majlis doirasida Prezidentimiz tomonidan 10 dan ortiq yirik kompaniya rahbarlari va xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu tashabbus bevosita investitsion hamkorlikni chuqurlashtirish, innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy qilish va O‘zbekistonning global iqtisodiy integratsiyasini jadallashtirishga xizmat qiladi.

Xalqaro investorlar kengashi — bu O‘zbekiston hukumati bilan xalqaro moliya va biznes doiralari o‘rtasida muloqot va strategik hamkorlikni mustahkamlovchi institutsional platformadir. Kengash faoliyati orqali nafaqat mavjud loyihalar muhokama qilinadi, balki yangi investitsion g‘oyalar, raqamli texnologiyalarni joriy etish, yashil iqtisodiyot, energetika va infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda ham aniq natijalarga erishiladi.

So‘nggi yetti yilда O‘zbekiston iqtisodiy siyosatda ochiqlik, institutsional islohotlar va biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha ulkan siljishlarga erishdi. Xususan:

· Investitsion qonunchilik liberallashtirildi;

· Tashqi savdo tartiblari soddalashtirildi;

· Xususiy mulk daxlsizligi qonun bilan kafolatlandi;

· Davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda.

Shuningdek, xalqaro reyting agentliklarining baholashlariga ko‘ra, O‘zbekistonning kredit reytingi ijobiy dinamikaga ega bo‘либ, bu chet ellik investorlar uchun moliyaviy xavflarning pasayishi va barqarorlik kafolati сифатида хизмат қилмоқда.

Hozirgi global iqtisodiy tizimda mamlakatlar o‘rtasida raqobat nafaqat resurslar, balki investorlar ishonchi uchun kechmoqda. O‘zbekiston bu borada aniq strategik pozitsiyani tanladi: ochiqlik, qonun ustuvorligi va institutsional barqarorlik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan Xalqaro investorlar kengashi — nafaqat investorlar bilan muloqot vositasi, balki ularni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish, ularning tajribasini davlat siyosatida inobatga olishga qaratilgan yangicha boshqaruv modelidir.

Bunday yondashuv iqtisodiy o‘sishning faqat sonli emas, balki sifatli omillariga asoslanayotganini ko‘rsatadi. Yangi texnologiyalar, yuqori malakali ishchi kuchi, infratuzilmaviy loyihalar — bularning barchasi investorlar uchun O‘zbekistonni jozibador hududga aylantiradi.

Xalqaro investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi nafaqat O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini tasdiqlovchi muhim dalil, balki mamlakatimizning uzoq muddatli strategik rivojlanish konsepsiyasining ajralmas qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu muloqot maydoni orqali xorijiy kapital bilan samarali aloqalar o‘rnatilishi, yuqori texnologiyalar, ilg‘or boshqaruv tajribasi hamda global bozorlar bilan integratsiyalashuv imkoniyatlari yanada kengaymoqda.

Kelgusidagi istiqbollar – bu, avvalo, iqtisodiy o‘sishni yangi bosqichga olib chiqish, bandlik darajasini oshirish, eksport salohiyatini mustahkamlash va mahalliy ishlab chiqarish zanjirlarini chuqurlashtirishdan iborat. Ayniqsa, yashil energetika, raqamli transformatsiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda xorijiy sarmoyaning ishtiroki hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Biroq bu jarayonlar bir tomonlama emas – ular o‘zaro mas’uliyat va majburiyatlar asosida quriladi. Davlat tomonidan investorlar uchun kafolatlangan huquqiy muhit, moliyaviy barqarorlik va institutsional ishonch ta’minlanishi zarur bo‘lsa, xorijiy hamkorlardan esa mahalliy bozor sharoitlariga hurmat bilan yondashish, ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga sodiqlik va uzoq muddatli sheriklik ruhida faoliyat yuritish talab etiladi.

Shunday ekan, O‘zbekiston oldida turgan strategik vazifa — investorlar bilan hamkorlikni faqat moliyaviy manba sifatida emas, balki barqaror taraqqiyotning muhim omili sifatida ko‘rishdir. Shu yo‘lda xalq manfaatlarini ta’minlaydigan samarali, shaffof va adolatli tizimni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Investitsiya — bu faqat pul emas, bu bilim, innovatsiya, texnologiya va madaniyatlar muloqotidir. O‘zbekiston aynan shu muloqotni anglagan, uni qadrlagan va unga tayyor ekanini bugungi majlis yana bir bor amalda isbotlamoqda.

 

Nigmatullayeva Gulchexra 
 
“Yashil” iqtisodiyot kafedrasi dotsenti, TDIU