Joriy yil 2-may kuni Urganch tumanida Xorazm viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan keng qamrovli yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida viloyatda mavjud iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatga alohida to‘xtalib, kam ta’minlanganlik darajasi hali ham 12 foiz atrofida saqlanib qolayotganini, 45 ming nafardan ziyod fuqaro ishsizlik holatida ekanini ta’kidladi. Muammolarni institutsional va amaliy mexanizmlar asosida kompleks tarzda hal qilish dolzarb masala sifatida belgilandi. Shu jihatdan hokimlar va ularning o‘rinbosarlariga mavjud barcha imkoniyatlarni real loyihalarga aylantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, sanoat, xizmatlar, turizm, qishloq xo‘jaligi va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Ta’kidlash joizki, Xorazm viloyatida 2024-yil “Yoshlar va biznesni q o‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi viloyat iqtisodiyotida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Jumladan, o‘tgan yilda 7 mingga yaqin yangi tadbirkor faoliyat boshlagan, 47 ta korxona kichikdan o‘rta toifaga o‘tgan, 1 ming 700 ta korxona faoliyati qayta tiklangan. Bu esa viloyatda bir yil ichida 290 mingdan ortiq aholining doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlanishiga olib keldi.
Yig‘ilishda Xorazm viloyatining mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, mamlakatimizda turizm eksporti salohiyati 10 milliard dollar bo‘lsa, uning 2 milliard dollari aynan Xorazm hissasiga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Viloyatda mavjud 263 ta madaniy meros obidalarini tadbirkorlar bilan hamkorlikda turistlar uchun diqqatga sazovor maskanlarga aylantirish orqali qo‘shimcha daromad va ish o‘rinlari yaratish mumkin. Xorijiy malakali arxeologlarni jalb etish, tarixiy obidalarni aniqlash va tiklashga mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayonlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga qiziqmoqda. Turizm infratuzilmasini rivojlantirishda milliy taomlarimizni xalqaro miqyosda targ‘ib qilayotgan restoran egalarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ham qayd etildi. Xorijda o‘zbek restoranlarini tashkil qilishda ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnomalar olish va tashkiliy xarajatlarning bir qismini qoplash mexanizmlari joriy qilinadi.
Yig‘ilishda, mehmon o‘rinlarini ko‘paytirish, transport qatnovlarini kengaytirish, yangi ko‘ngilochar va tematik maskanlar barpo etish, gid va ofitsiantlarni tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Umuman olganda, joriy yilda umumiy qiymati 200 million dollarga teng 91 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada, turizm va xizmatlar sohasida 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, 2 million xorijiy va 10 million mahalliy sayyoh jalb etilishi ilgari surildi. Turizm eksporti hajmini 700 million dollardan oshirish ko‘zda tutildi.
Viloyat iqtisodiyot sohasida esa joriy yilda Xorazm viloyatida kamida 6 foizlik iqtisodiy o‘sishga erishish, yalpi hududiy mahsulot hajmini 60 trillion so‘mdan oshirish, 265 ming aholini band qilish va 104 ming fuqaroni kam ta’minlanganlikdan chiqarish rejalashtirilgan. Xususiylashtirish dasturi doirasida 2025-yilda viloyatda 41 ta davlat obyekti va 350 gektar yer uchastkasi savdoga chiqarilishi, xizmat ko‘rsatish, turizm va sanoat sohalarida yangi imkoniyatlar yaratadi.
Mebel sanoati Xorazmda so‘nggi yillarda 3 baravar o‘sdi. Honqa tumanida 10 gektar maydonda mebelchilik zonasi tashkil etildi. Ushbu sohani yanada rivojlantirish maqsadida xorijdan dizayner, marketolog va muhandis-texnologlarni jalb qilish belgilandi. Mazkur tarmoqni qo‘shimcha turtki bilan rivojlantirish uchun maxsus dastur ishlab chiqilishi topshirildi.
Zamonaviy sharoitda innovatsiyalar va investitsiyalarni jalb etgan davlatlar ustunlikka erishmoqda. Shu bois, Xorazmda qiymati 900 million dollarga teng 12 ta yirik va 480 ta hududiy loyiha amalga oshiriladi. 65 turdagi mahsulot va 5 turdagi uskuna ishlab chiqariladi, mahalliylashtirish hajmi 1,7 trillion so‘mga yetkaziladi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 1,5 milliard dollar, eksport esa 510 million dollarni tashkil etadi.
Qo‘shko‘pir tumanida 175 gektarda “O‘zbekiston – Xitoy texnoparki” tashkil etiladi. Unda 1 milliard dollarlik 16 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Tuproqqal’ada qiymati 10 milliard dollarga teng gaz-kimyo majmuasining birinchi bosqichi boshlanib, yiliga 2 million tonna 14 turdagi yuqori qo‘shimcha qiymatli polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Shuningdek, Xorazmda 663 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning mahsulotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilib, 100 million dollarlik yana 40 ta loyiha amalga oshiriladi. Tuproqqal’a tumanida Slovakiyaning yetakchi kompaniyasi ishtirokida 170 million dollarlik loyiha doirasida rapss ekilib, bioetanol ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Endilikda qishloq xo‘jaligi sohasida esa 60 million dollarlik 56 ta loyiha amalga oshiriladi. 3 ming 400 gektar yer qayta foydalanishga kiritilib, 1 ming 200 gektar maydonda sanoatlashgan mevali bog‘lar tashkil etiladi. Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi bilan 7,5 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etiladi. Fermerlarga ushbu texnika tayyor holda lizing asosida 10 yil muddatga, yillik 2,5 foiz stavkada taqdim etiladi.
Yig‘ilishda xorazmlik fermerlar innovatsion yondashuv asosida traktorlarni avtomatik boshqaruv tizimlari bilan jihozlangani, bu tashabbusni kengaytirish uchun imtiyozli kredit ajratilishi belgilandi. Sug‘oriladigan maydonlarga suv chiqarishdagi murakkabliklar inobatga olinib, nasoslarning 21 foizi viloyatda joylashganligi va ularning elektr xarajatlarini kamaytirish uchun quyosh panellari o‘rnatish lozimligi qayd etildi. Xorazm baliqlari mashhurligi bilan ajralib turadi. Shu bois, hududda baliqchilikni rivojlantirish, sut mahsulotlarini qayta ishlash, dalalarda qo‘shimcha mahsulot yetishtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berildiki, aholining turmush darajasini oshirish maqsadida joriy yilda 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy qurilishi, 1,5 ming kilometr yo‘l va 20 ta ko‘prik ta’mirlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, natijada 20 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi. Yig‘ilishda ijtimoiy sohalarda, jumladan, tibbiyot maskanlarini zamonaviylashtirish, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini ko‘paytirish, texnikum va oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun dual ta’limni kengaytirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalalari asosiy e’tiborda bo‘ldi.
Dilafruz NASIRXODJAYEVA
Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti
Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi professori,
iqtisod fanlari doktori