“Davlat xizmatida xotin-qizlar: faollik, muvaffaqiyat, tenglik” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamkorligida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida muhim tadbir – “Davlat xizmatida xotin-qizlar: faollik, muvaffaqiyat, tenglik” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Unda universitetning fakultet xotin-qizlar maslahat kengashi raislari, “Qizlarjon” klubi a’zolari va faol talaba-qizlar ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – davlat boshqaruvida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning rahbarlik salohiyatini rivojlantirish hamda teng imkoniyatlar yaratish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, zaxira kadrlar ro‘yxatiga kiritilish tartibi, bo‘sh ish o‘rinlariga onlayn tarzda ariza topshirish, xususan, @vacancy_argos rasmiy platformasidan samarali foydalanish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Davra suhbatida ishtirok etgan malakali mutaxassislar tomonidan liderlik ko‘nikmalari, kreativ fikrlash, o‘zini namoyon qilish, tadbirkorlikni boshlashda dastlabki qadamlar haqida qizlarimizga amaliy va nazariy tavsiyalar berildi. Talabalar uchun motivatsion chiqishlar va real hayotiy misollar orqali yoshlar o‘zlarining salohiyatini aniqlash hamda uni rivojlantirish yo‘llarini anglab yetishdi.
✅ Tadbir doirasida universitet talabalari uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etildi. Yarmarka davomida ishtirokchilar turli davlat tashkilotlari, ta’lim muassasalari va ijtimoiy soha vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, bo‘sh ish o‘rinlari elektron platformasi orqali ishga joylashish bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘riqnomalar taqdim etilib, ularni keng miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, bu kabi tadbirlar nafaqat xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, balki ularning davlat xizmatidagi ishtirokini kengaytirishga, o‘zini o‘zi anglash va o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yishga bo‘lgan intilishlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Davra suhbati barcha ishtirokchilar uchun o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘ldi.