O‘ZBEKISTON VA TURKMANISTON O‘RTASIDAGI STRATEGIK HAMKORLIK: IQTISODIY, MINTAQAVIY BARQARORLIK SARI

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik muloqot: mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyot omili sifatida
Joriy yil 24-aprel kuni Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” majmuasining Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhammedov o‘rtasida tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tayotganini yaqqol namoyon etdi.
Oliy darajadagi muzokaralar, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va uzoq muddatli strategik sheriklik tamoyillariga tayanib, siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qildi.
Bugungi global geoiqtisodiy muhitda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro strategik aloqalar butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishida asosiy determinant sifatida ko‘zga tashlanmoqda. So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada kengayib, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard AQSh dollariga yetdi. Tomonlar bu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 2 milliard dollarga yetkazishga qat’iy intilmoqda. Bunda “Shovot–Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi, zamonaviy transport-logistika infratuzilmalari va integratsiyalashgan iqtisodiy yo‘nalishlar muhim o‘rin tutmoqda.
Muzokaralar doirasida energetika, suv resurslaridan samarali foydalanish va agrosanoat majmualarini raqobatbardosh klasterlar asosida rivojlantirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi. Kooperatsiyaning mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha institutsional tus olishi, ayniqsa, yuk tashish hajmining ortib borayotgani, chegara hududlarida savdo uylari, logistik markazlar va ko‘rgazma maydonlarining yo‘lga qo‘yilishi bilan bog‘liq. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning barqaror mexanizmlar asosida shakllanayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, uchrashuvda madaniy-gumanitar sohalar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish, yoshlar almashinuvi, ta’lim, fan va texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalari muhim o‘rin tutdi. Bu esa ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va mintaqaviy integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi madaniy almashinuv borasidagi sa’y-harakatlar tobora tizimli tus olib, ikki xalq o‘rtasida o‘zaro anglashuv, ishonch va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda. Xususan, Turkmaniston madaniyati kunlarining O‘zbekistonda o‘tkazilishi, buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maktumqulining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning nashr etilishi va targ‘ib qilinishi madaniy aloqalarning amaliy ko‘rinishidir. Ushbu tashabbuslar ikki xalq o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy rishtalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi madaniy ko‘prik vazifasini bajarmoqda.
Shuningdek, Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestival doirasida qo‘shma badiiy film premyerasining namoyish etilishi ikki davlat san’atkorlari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikning yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi. Bu kabi tashabbuslar, nafaqat badiiy ifoda vositalari orqali xalqlararo do‘stlikni mustahkamlash, balki fuqarolik jamiyatining shakllanishi, madaniy integratsiya va ijtimoiy birdamlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, yoshlar va ziyolilar o‘rtasidagi madaniy va ilmiy muloqotlar faollashib borayotgani, ijtimoiy kapitalning mintaqaviy miqyosda boyishiga, bilimlar almashinuvi va zamonaviy g‘oyalar platformasining kengayishiga zamin yaratmoqda. Bu holat ikki mamlakatning strategik hamkorligini faqat ikki tomonlama manfaatlar doirasida emas, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotning muhim modeli sifatida talqin etish imkonini beradi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston–Turkmaniston hamkorligi iqtisodiy diplomatiya, ijtimoiy barqarorlik va madaniy yaqinlikning uyg‘unlashuvi asosida shakllanayotgan zamonaviy integratsiya tajribasining yorqin namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu tajriba, o‘z navbatida, butun mintaqa uchun barqaror va izchil hamkorlik platformasini taqdim etadi.
Kelajakda ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish, o‘zaro bilim va innovatsion g‘oyalar almashinuvi, zamonaviy madaniy vositalar orqali yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifadir. Bu esa, nafaqat davlatlararo munosabatlarni mustahkamlash, balki xalqlararo yaqinlikni kuchaytirish orqali Markaziy Osiyoning barqaror va taraqqiy etgan makonga aylanishini ta’minlashda muhim strategik omilga aylanadi.
Axmadaliyeva Niholaxon Foziljon qizi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,
“Xalqaro moliya” kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD.