Taʼlim va fanga qaratilayotgan ustuvor eʼtibor

Joriy yil 15-aprel kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrifda asosiy maqsad – mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish, industrial sanoat salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlim, fan va yuqori muhandislik texnologiyalar sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni hududlar kesimida yanada chuqurlashtirishga qaratildi.
Davlat rahbari tashriflari doirasida amaliy institutsional ishlar, real natijalar va istiqbolli loyihalar holati o‘rganilib, har bir hududning tabiiy-iqlim sharoiti, iqtisodiy va tabiiy resurslari, shuningdek, inson kapitali salohiyati teran tahlil etilib, kompleks yondashuv asosida baholandi. Mavjud imkoniyatlarga keng ko‘lamda konstruktiv yondashuv hududlardagi imkoniyatlarni samarali ishga tushirish va hududlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarayotganini ko‘rsatmoqda.
Institutsional islohotlar natijasida zamonaviy boshqaruv usullari joriy etilmoqda, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida innovatsion va ilmiy asoslangan texnologik yechimlar keng qo‘llanilmoqda. Bu jarayon, o‘z navbatida, oliy taʼlimda yuqori malakali, zamon talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash, ularni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish orqali milliy iqtisodiyotni barqaror va izchil rivojlantirishning muhim omiliga aylanmoqda.
Andijonga davlatimiz rahbarining tashrifi – faqatgina hududlar holatini o‘rganish emas, balki barcha sohalarda tarmoqlararo integratsiya, resurslardan oqilona foydalanish va hududlar kesimida rivojlanishning yangi strategik yo‘nalishlarini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari yuqori taʼlim tizimiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Buyuk mutafakkir va sarkarda – Zahiriddin Muhammad Bobur yetishib chiqqan Andijon zaminida bugungi ilm-fan, taʼlim, sanoat va madaniyat yo‘nalishlaridagi jadal o‘zgarishlar yuksak baholandi. Davlatimiz rahbari ushbu hududda ilmiy, texnologik va intellektual salohiyat asosida shakllanayotgan taraqqiyot jarayoniga va yoshlarmizga alohida eʼtibor qaratdi.
Andijon viloyatida tashkil etilgan hududiy sanoat yarmarkasiga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mazkur tadbirda ishtirok etayotgan yuzdan ortiq korxonaning mahsulotlari bilan tanishdi. Yarmarkada 500 ga yaqin innovatsion va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ko‘rgazmalaridan birida, Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi yosh muhandis Ilhomjon Qosimov ishlab chiqargan mini-traktor davlatimiz rahbarining eʼtiborini tortib, istiqbolli loyiha sifatida qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari yosh muhandis Ilhomjon bilan samimiy suhbatda, uning kelgusi rejalarini qiziqib so‘radi. Ixtirochi traktorni yaratish jarayonida Andijon davlat texnika instituti bilan yaqin hamkorlik qilgani, aynan shu oliy taʼlim muassasasida tahsil olish istagi borligi haqida o‘zining samimiy fikrlarini bildirdi.
Suhbat asnosida davlatimiz rahbari yoshlarning ilmga, texnik yaratuvchanlikka va amaliy faoliyatga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash har qanday taraqqiyotning asosiy tayanchi ekanini taʼkidlab o‘tdi. Shu munosabat bilan, yosh muhandis Ilhomjon Qosimovni “Mexanika muhandisligi” yo‘nalishida davlat granti asosida oliy taʼlim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha taklif berdi. Bunday yuksak eʼtibor va eʼtirof – yurtimizda iqtidorli, tashabbuskor yoshlarni aniqlash, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish hamda ilm-fan sari yo‘naltirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
Taʼkidlash joizki, xalqimizning “Ilm – insonni yuksaltiradi, hunar – boy qiladi” degan hikmati yosh avlod uchun o‘ziga xos tarbiyaviy ahamiyatga ega. Aynan ana shu hikmat hissasi Andijon viloyatida kamol topayotgan, isteʼdodi va ilmga chanqoqligi bilan ajralib turgan Ilhomjon Qosimov misolida o‘z tasdig‘ini topdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Biz shu kuni yosh ixtirochi bilan yaqindan tanishdik. Ilhomjon oddiy bir yigit – lekin u bo‘sh vaqtida kitob mutolaasiga, yangi texnik qurilmalar yaratishga va loyihalarni ishlab chiqishga qiziqarkan. Uning mehnati, sabr-toqati, bilimga bo‘lgan ixlosi nihoyat davlat rahbari eʼtiboriga tushganiga guvoh bo‘ldik. Agar u bilim olishga intilmaganida, bilim va hunar yo‘lida fidokorlik ko‘rsatmaganida, balki bugun yuksak eʼtirofga sazovor bo‘lmasdi. Yosh muhandisning shijoati, bizga shuni ko‘rsatadiki, har qanday yigit-qiz o‘z ustida ishlasa, bilimga asoslangan holda harakat qilsa, albatta, ko‘zlagan maqsadiga erishadi.
Taʼkidlash joizki, Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli izchil islohotlar O‘zbekistonning hududiy rivojlanishga qaratilgan iqtisodiy siyosatining amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda. Davlat rahbarining tashrifi doirasida 50 million dollarlik investitsiya hisobiga barpo etilgan “WBM Fabrics” korxonasi faoliyati o‘rganilganda, korxonada yuqori texnologiyali uskunalar asosida yillik 24 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgani, 600 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan taʼminlanishi og‘ishmay yuqorilayotgan industrial islohotlar samarasini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, tashrifda eʼtirof etildiki, joriy yilning birinchi choragida tijorat banklari ishtirokida moliyalashtirilgan investitsiya loyihalari natijasida 77 ming nafar aholi ishga joylashtirilgan. 2025-yilda umumiy qiymati 5,7 milliard dollarga teng 166 ta yangi loyihani amalga oshirish orqali yana 31 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Binobarin, 1,5 milliard dollarlik eksport salohiyatini shakllantirish va 31 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgani “oliy taʼlim-korxona-ishlab chiqarish” tamoyili Andijonda o‘z samarasini berishga katta ishonch beradi.
Tashrifda aholisi zich bo‘lgan Andijon viloyatida 2021-yilda boshlangan yangi shahar qurilishi doirasida hozirgacha 1 770 xonadondan iborat 63 ta ko‘p qavatli uy, 1 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bog‘cha va 250 qabulga mo‘ljallangan poliklinika foydalanishga topshirildi. Taraqqiyotimiz natijalaridan biri – mazkur infratuzilma obyektlari yoshlarga zamonaviy taʼlim, sog‘liqni saqlash va yashash sharoitlarini yaratishga katta imkoniyatlar berib, oliy taʼlimda yangi o‘quv yilida qabul rejalarini malakali kadrlarga ehtiyoj yuqoriligini olgan holda hamkorlikda ishlab chiqishni taqozo qiladi.
Muxtasar qilib aytganda, Andijon viloyatida hayotga uzluksiz tatbiq qilinayotgan salmog‘i katta, keng ko‘lamli investitsiyaviy, sanoat va infratuzilmaviy loyihalar – faqat iqtisodiy o‘sishni taʼminlash emas, balki yoshlarimizni munosib ish o‘rinlari bilan taʼminlash, ular uchun farovon hayot sharoiti va qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilgan strategik dasturlarning muhim bo‘g‘inidir.
Anglash mumkinki, zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatning kaliti – bilim, fidoyilik va yangilik sari intilishdir. Har bir yosh aynan o‘z qiziqish sohasi, o‘z iqtidori orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘sha oladi. Bunday ulug‘ yo‘lda davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish – yoshlarning qo‘lida ekanini his qilib turishning o‘zi oldimizga katta vazifalarni va zalvorli masʼuliyatni yuklaydi.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri