DUNYOGA O‘RNAK BO‘LAYOTGAN MUSHTARAKLIK

noyabr 20, 2025 - 10:34
 0  12
DUNYOGA O‘RNAK BO‘LAYOTGAN MUSHTARAKLIK

Bugungi kunda turkiy tilda so‘zlovchi xalqlar istiqomat qiladigan hududlar soni qirqdan ortiq bo‘lib, turli manbalarda mazkur hududlarda qariyb 200 millionga yaqin aholi yashashi qayd etiladi. Aholining 65 foizi o‘z davlatchiligiga ega davlatlarda, 25 foizi esa avtonom maqomidagi davlat tuzilmalarida istiqomat qiladi.

Nihoyalayotgan hafta davomida Ozarbayjonning Gabala shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti turkiy tillarda so‘zlovchi barcha xalqlar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatildi. Chunki globallashuv sharoitida, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy mavqelaridan qat’i nazar, ayniqsa keskin geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqirozlar hamda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari girdobida qolayotgan Turkiy davlatlarning o‘zaro yaqinlashuvi va birlashuvi dolzarb ehtiyojga aylangan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil  Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari sammitida ta’kidlab, shunday degan edi:

“Hozirgi tahlikali vaziyatda eng dolzarb muammolar echimi bo‘yicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirishi nihoyatda muhimdir. Biz har qanday qiyinchiliklarni do‘stlik, hamkorlik va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash orqali yengib o‘tishga qodirmiz”.

O‘zbekiston mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishidan avval ham Turkiy davlatlar hamkorligining murakkab jarayonlarini boshdan kechirganini alohida ta’kidlash lozim.

Fransuz olimi va mutafakkiri Pyer Teyyar de Sharden o‘zining mashhur fikrida shunday yozadi:

“Barcha zamonlarda inson o‘zini tarixiy burilish davrida yashayapman, deb hisoblagan. Taraqqiyot nuqtai nazaridan bu muayyan ma’noda to‘g‘ri. Lekin ba’zan shunday pallalar bo‘ladiki, bu evrilish taassuroti yanada kuchliroq va ayniqsa o‘rinliroq bo‘ladi”.

Ushbu fikrni zamonaviy voqelik bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, insoniyat bugun misli ko‘rilmagan sur’atlarda kechayotgan taraqqiyot davrini boshdan kechirmoqda. Fan va texnologiyalarning rivojlanishi, turli sohalarda innovatsion texnologiyalarning jadal tatbiqi bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi, atmosfera va atrof-muhitning izchil ifloslanishi, ommaviy migratsiya jarayonlarining kuchayishi, ishsizlikning ortishi hamda an’anaviy qadriyatlarning qadrsizlanishi kabi tashvishli omillar xalq va davlatlarni birlashish zaruriyatiga olib kelmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda, dunyo tuzilishining yangi modeli uchun kechayotgan kurashlar ham yangi xalqaro tashkilotlarning shakllanishi tasodifiy emasligini namoyon etadi.

Shu nuqtai nazardan, Turkiy davlatlar tashkilotining vujudga kelishi xalqaro munosabatlarda yagona ildizga ega bo‘lgan mamlakatlar yakdilligini ifodalovchi XX asrning eng muhim voqealaridan biri sifatida baholanadi. Tashkilotning poydevori o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida qo‘yilgan bo‘lsa-da, o‘zaro hamkorlik rishtalari ancha uzoq tarixga ega. Turk davlatlarining Yevroosiyodagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy mavqei, ularning qo‘shni mintaqalar va davlatlar bilan aloqalari chuqur ildizlarga ega bo‘lib, doimiy ravishda global kuchlarning diqqat markazida bo‘lib kelgan. Chunki turkiy dunyoning markazi bo‘lgan Markaziy Osiyo qadimdan Sharq va G‘arbni bog‘lovchi strategik nuqta bo‘lgan. Ushbu hududda nafaqat savdo-sotiq, balki bilim, tafakkur va sivilizatsiyalar chorrahasida boy tarixiy meros shakllangan.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarigacha turkiy dunyoning bir qator xalqlari sobiq Ittifoq tarkibida mustamlaka holida qolgan va istiqlolga erishgach ham mintaqadan tashqaridagi geosiyosiy kuchlarning ta’sir doirasidan chiqib ketish oson bo‘lmagan. Hududda beqarorlik saqlanib, iqtisodiy hamkorlik turli omillar bilan cheklanib turgan. Bu esa o‘z navbatida xalqaro siyosatda yangidan paydo bo‘layotgan subyektlarning turkiy o‘zlik asosida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun yangi platforma zaruratini yuzaga keltirdi.

Shu tariqa, 1992-yil 30-oktabr kuni, Anqara shahrida ilk bor turkiy tilli davlatlar rahbarlarining sammiti o‘tkazildi va Turkiy davlatlar tashkiloti uchun mustahkam poydevor yaratildi. Mazkur sammitda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya rahbarlari ishtirok etdi.

1992–2006-yillar oralig‘ida turkiy tilli davlatlar rahbarlarining jami 10 ta sammiti o‘tkazilib, ular asosan maslahatlashuv xarakteriga ega bo‘lgan yig‘ilishlar sifatida maydonga chiqdi. Siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan, muntazam faoliyat yurituvchi va o‘z kotibiyatiga ega xalqaro tashkilot tuzish yo‘lida esa 2009-yilda muhim va dadil qadam tashlandi. Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini (Turkiy kengash) tuzdilar.

Turkiy dunyoning muhim qismi bo‘lgan O‘zbekiston mazkur tashkilotga 2017-yildan boshlab a’zo bo‘lish jarayoniga kirishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil  3-sentyabr kuni, Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning VI sammitida ishtirok etdi. Davlat rahbari yig‘ilishga faxriy mehmon sifatida taklif etilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi va tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylandi.

O‘zbekistonning Turkiy kengashga qo‘shilishi mazkur tuzilmaning xalqaro nufuzini oshirdi hamda a’zolar o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Natijada 2021-yil — Istanbul shahrida o‘tkazilgan VIII sammitda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining nomi Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb o‘zgartirildi.

Qisqa davr mobaynida O‘zbekiston tashkilotni modernizatsiya qilish jarayonining asosiy tashabbuskorlaridan biriga aylandi. Ayni paytda mamlakatimizning a’zoligi ortidan tuzilma ichida dinamik va tizimli o‘zgarishlar kuzatildi. Tashkilotning 2022-yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan qator tashabbuslar ma’qullandi. “Samarqand deklaratsiyasi”, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan TDT strategiyasi hamda “Turkiy dunyo nigohi 2040” konsepsiyasi ana shular jumlasidandir. Ushbu hujjatlar iqtisodiyot, transport, raqamlashtirish, ta’lim, fan, “yashil” energetika va madaniyat kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikning yangi kun tartibini belgilab berdi.

Bugungi kunda tashkilotning shtab-kvartirasi Istanbul shahrida faoliyat yuritmoqda. Mazkur tuzilma a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, tashqi siyosat masalalarida umumiy pozitsiyalarni shakllantirish, shuningdek savdo va investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish kabi vazifalarni bajaradi.

Shu bilan birga, TDT yetakchilari tomonidan 2021-yilda umumiy konsensus asosida qabul qilingan qaror maslahatlashuv formatidagi tuzilmani to‘laqonli xalqaro institut maqomiga ko‘tardi. Tashkilot faoliyati Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Yuqori mansabdor shaxslar qo‘mitasi va Oqsoqollar kengashi orqali amalga oshiriladi. Kotibiyat esa ushbu tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, zarur tashkiliy, ma’muriy va texnik choralarni ko‘rish hamda hujjatlar loyihalarini tayyorlash vazifalarini bajaradi.

O‘zbekistonning 2022–2023-yillarda TDTga raislik qilishi davrida Turkiy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu jamg‘arma a’zo davlatlarda qo‘shma sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga ixtisoslashgan ilk moliyaviy institut sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi. Shuningdek, savdo va transport aloqalarini mustahkamlash, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda O‘rta (Transkaspiy) transport yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘lak Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi eng qisqa, xavfsiz va istiqbolli yo‘l sifatida TDTning strategik maqsadlaridan biriga aylandi.

Bugungi kunda turkiy davlatlar o‘rtasidagi mintaqaviy va xalqaro aloqalar global chaqiriqlar ta’siri ostida yanada mustahkamlanib, strategik bosqichga ko‘tarilmoqda. Bunga Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar hamkorlikning izchil taraqqiyoti yaqqol misoldir. Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, 2016-yilda O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3,34 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich qariyb 4,5 milliard dollarga yetdi. Bu kabi yuksalishlar ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida sezilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonning Gabala shahrida “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida bo‘lib o‘tgan sammitdagi nutqi ushbu yo‘nalishdagi ishlarga yangi sur’at, mazmun va strategik ruh bag‘ishladi. Xususan, Prezidentimiz o‘z nutqida dunyoda yuzaga kelgan murakkab geosiyosiy vaziyatga e’tibor qaratib, tinchlik, xavfsizlik va adolat singari umuminsoniy qadriyatlar jiddiy sinovlar qarshisida turganini ta’kidladi. G‘azo sektoridagi fojealar, Ukrainadagi urush, Afg‘oniston muammosi va boshqa nizolar nafaqat o‘sha mintaqalardagi xalqlar hayotini izdan chiqarmoqda, balki turkiy davlatlar xavfsizligiga ham bevosita tahdid solmoqda. Shu bois Turkiy davlatlarning xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, ekstremizm va radikalizmning oldini olish, tashqi siyosatda esa muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishi zarurligi haqida tashabbus ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining qisqa vaqt ichida nufuzli xalqaro tuzilmaga aylanganini alohida qayd etib, davlatlar o‘rtasidagi siyosiy ishonchning mustahkamlanishi, savdo-iqtisodiy hamkorlikning kengayishi va gumanitar aloqalarning jadallashuvi yo‘lida bir qator takliflarni bildirdi. Xususan, mazkur jarayonlarni institutsional asosda mustahkamlash maqsadida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarni — Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash taklifini o‘rtaga tashladi. Shuningdek, 2030-yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi va aniq “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini taklif etib, bu hujjatlar tashkilot faoliyatini tizimlashtirish hamda uning amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Nutqda Turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish eng muhim vazifalardan biri sifatida e’tirof etildi. Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish, savdo va investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Turkiy davlatlar iqtisodiy kengashini tuzish, uning loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish, Sanoat alyansi va “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimini joriy etish, yashil energetika va transformatsiya konsortsiumini tashkil etish taklifi bildirildi. Bu tashabbuslar turkiy davlatlar sanoati va energetika tizimida uzviy integratsiyani kuchaytirishi qayd etildi. Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining “xomashyo – qayta ishlash – ilm-fan – mahsulot” zanjiri asosida hamkorlik modelini joriy etish g‘oyasi strategik yondashuv sifatida alohida ahamiyatga ega.

Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi insoniyat uchun jiddiy tahdidga aylanayotgan bir paytda organik mahsulotlar ishlab chiqarish barcha mintaqa va davlatlar uchun umumiy muammo sifatida namoyon bo‘lmoqda. Prezident o‘z nutqida turkiy davlatlar organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sohasida dunyo yetakchilariga aylanishi mumkinligini ta’kidlab, jahon organik bozorida hamkorlikni kengaytirish har bir davlat uchun katta iqtisodiy va strategik imkoniyat ekani, bu jarayonni yagona “Turkiy brend” ostida ilgari surish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Xususan, Xitoydan Yevropa bozorlarigacha cho‘ziluvchi eng muhim transport yo‘lagini rivojlantirish tashabbusi ushbu g‘oyaning uzviy davomi sifatida ilgari surildi. Prezident mazkur yo‘lakni raqobatbardosh, samarali va to‘liq raqamlashtirilgan tizimga aylantirish zarurligini qayd etdi. Bu yo‘lakni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on transport yo‘lagi bilan integratsiya qilish orqali uning ahamiyatini yanada oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Mazkur tashabbus nafaqat logistika imkoniyatlarini kengaytiradi, balki turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiya ko‘lamini ham yanada kengaytiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gabala sammitidagi nutqi turkiy dunyoning yaqin istiqboldagi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beradigan keng qamrovli takliflar majmuasi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi. Xalqaro vaziyatga real baho berilgan holda xavfsizlik sohasidagi tahdidlarga nisbatan aniq yechimlar, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, ta’lim, fan, madaniyat va yoshlar siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar asosli takliflar sifatida ilgari surildi.

Chunonchi, yoshlar orasida “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi radikal mafkuralar tarqalishining oldini olish, islamofobiyaga qarshi kurash, ekologik bilimlarni kengaytirish — bular zamonaviy tahdidlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lidagi tashabbuslardan. Kezi kelganda ta’kidlash joiz, mazkur muammolar nafaqat turkiy olam, balki butun taraqqiyparvar insoniyatni tahlikada ushlab turibdi. Shu bois, Prezidentimiz “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida bir qator takliflarni ilgari surib, turkiy olamda komil inson g‘oyasi muhandislari Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviyning yubileylari munosabati bilan xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifini bildirdi. Bu turkiy ma’naviy birlik va umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘lash yo‘lida ulkan tarixiy qadamdir.

Mamlakatimiz rahbarining nutqidan o‘rin olgan takliflar amaldagi hamkorlikni qo‘shma loyihalar orqali ro‘yobini ta’minlaydigan turkiy birlikni shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Xususan, iqtisodiy hamkorlikni institutsionallashtirish, transport koridorlarini rivojlantirish, yangi texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyot sohalaridagi integratsiya tashabbuslari yaqin istiqbolda tashkilotning dunyo miqyosida o‘z ta’siriga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Boshqacharoq aytsak, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar va qabul qilingan qarorlar Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yangi bosqichga olib chiqibgina qolmay, jahon hamjamiyatida turkiy mamlakatlarning manfaatlarini ta’minlab, ishonchli hamkor sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Muxiddin KALONOV
Navoiy davlat universiteti
rektori vazifasini bajaruvchi,
iqtisod fanlar doktori, professor