XALQ TA’LIMIDA “FAXRIYLAR KENGASHI” ISH BOSHLADI

noyabr 19, 2025 - 11:19
noyabr 19, 2025 - 11:21
 0  10
XALQ TA’LIMIDA “FAXRIYLAR KENGASHI” ISH BOSHLADI

Mamlakatimiz Prezidentining “Yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Nuroniyni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi huzurida “Faxriylar kengashi” tuzilib, unga viloyatning eng ko‘zga ko‘ringan o‘qituvchilari, uzoq yillar xalq ta’limi mudiri sifatida fidoyilik bilan mehnat qilgan rahbarlar, metodistlar va maktab direktorlar kiritildi. “Faxriylar kengashi”ni tuzishga doir boshqarma boshlig‘ining buyrug‘iga asosan kengash ishlarining tartibini belgilovchi Nizom hamda kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlarning mazmun-mohiyatini belgilovchi chora-tadbirlar tasdiqlandi.

 Joriy yilning 14 noyabr kuni kengash a’zolari viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga taklif qilindilar. Kengash a’zolari dastlab Qarshi shahridagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, maktab faoliyati bilan tanishdilar. Dars jarayonlariga kirib o‘quvchilar bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini tinglab, savollariga javob berdilar. Maktabning kasbga yo‘naltirish, ishlab chiqarish ustaxonalari, musiqa xonasi va fan kabinetlaridagi zamonaviy o‘quv jihozlari bilan tanishdilar.

Boshqarma faollar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda boshqarma boshlig‘i Ubaydulla Oripov so‘zga chiqib, kengash faoliyatiga doir o‘z fikr va mulohazarini bildirdi. Yig‘ilishda kengash a’zolaridan O‘zbekiston Qahramoni M. Sharapova, Murod Mominov, Abdig‘affor Eshmurodov, Meliboy Jo‘rayev, Niyozmuhammad Panjiyevlar o‘z fikr va mulohazalarini hamda faxriylar kengashiga doir asosli, jonli va hayotiy tavsiyalarini bildirdilar.

— Faxriylarmiz boy hayotiy tajribasidan kelib chiqib, yoshlarni tarbiyalash, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirishda o‘z mehnatlarini ayammasliklari lozim, — dedi U. Oripov. — Negaki, bugungi kunda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchiliklarning oldini olishga qanchalik kurashmaylik, bunga erishish mushkul bo‘lyapti. Aksincha, jinoyatlar oldingi yillarga nisbatan ortib bormoqda. Shu bois, faxriylarning ham kuchidan foydalanib, maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar o‘rtasida insoniylik, mehr-oqibat tuyg‘ularini uyg‘otish va yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishlarini yo‘lga qo‘yish kerak.

Bugungi kunda viloyatda jami 1310 ta maktablar bo‘lib, ulardan 1239 tasi umumta’lim maktablari, 15 tasi ixtisoslashtirilgan, 1 ta Prezident maktabi, 1 ta ijod maktabi, 54 ta xususiy maktablar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 4438 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, ularning 490 tasi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 10 tasi tashkilotlarga qarashli, 193 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 3733 tasi oilaviy, 12 tasi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. 17 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 17 ta “Bolalar kutubxonasi” faoliyat ko‘rsatmoqda.

 

Quvonarlisi, har yili davlat mablag‘lari hisobidan ta’lim tashkilotlari qurib foydalanishga topshirilayotgani, hududlarda aholining va o‘qituvchilarning “Tashabbusli ovoz” (Open budget)da faol harakatlari natijasida yangi maktablar hamda mavjud maktablarda qo‘shimcha binolar, zamonaviy o‘quv jihozlari yetkazib berilmoqda. Albatta, bu kabi ijtimoiy hodisalar xalqimizning, o‘qituvchi-pedagoglarimizning davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarga befarq emasliklari, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarda faol ishtirokidan dalolat beradi.

Bu kabi yutuqlar, albatta, fidoyi o‘qituvchilar va tarbiyachilarning kasbiy mahoratlarining ortayotganligi, o‘z bilim va malakalarini oshirish ustida tinmay izlanish olib borayotganliklaridan darak beradi. Aytish joizki, qaysi ta’lim maskanlarida yetarli tajribaga ega bo‘lgan, yuzlab shogirdlarga ustozlik qilgan, yoshi ulug‘ bo‘lsa-da, hali ham shogirdlarining kasbiy malakalarini oshirishga erishishda jonbozlik ko‘rsatayotgan faxriy ustozlarning mehnatlari borligini hamma yaxshi biladi. Qaysiki, tashkilotda shunday insonlar bo‘lsa, ularning maslahati, yo‘l-yo‘riqlari bilan o‘sha maktabda sog‘lom muhit, ijodiy yaratuvchanlik muhiti yaratilgan.

Yana shuni ta’kidlash joizki, bugungi yosh o‘qituvchilarning barchasini ham o‘z kasbini sevadigan, chuqur bilim va salohiyatga ega, o‘quvchilarini o‘z ortidan ergashtira oladigan darajada salohiyatli deb bo‘lmaydi. Bu holatlar boshqarma va vazirlikka kelayotgan ariza va shikoyatlardan ham bilinadi. Ayniqsa, hali rahbarlik salohiyatiga chuqur kirib bormagan, pedagogik jamoani aniq maqsadlar yo‘lida birlashtira olmaydigan rahbarlar ham bor. Shu sababli ko‘pni ko‘rgan, katta davralarni boshqargan, so‘zi va ishi bir bo‘lgan faxriylarning beminnat yordamlari, hayotiy yo‘l-yo‘riqlari, metodik tavsiyalari juda zarur.

 

Shu bilan birga, barcha tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari huzurida, shuningdek, har bir maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham shu yo‘nalishda “Faxriylar kengashi”ni tuzish, faol, ishbilarmon, o‘z fikri va so‘ziga ega, el-yurt orasida obro‘-e’tiborli faxriylarni kirita borish va shu asosda ish olib borish topshirildi. Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi tezkor davrda globallashuv va internet kabi jarayonlar yoshlarning fikru xayolini egallab olgan bir paytda, ko‘pni ko‘rgan, hayot tajribasi bilan elga tanilgan faxriylarning o‘qituvchilar va yoshlar uchun ibratli hayot yo‘llari, ilg‘or tajribalari, beminnat yo‘l-yo‘riqlari juda zarur ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, og‘riqli nuqta sanalgan ma’naviy nosog‘lom maktablardagi maktab rahbari va o‘qituvchilar hamda ota-onalar o‘rtasida ijobiy ma’noda ko‘prik bo‘lishlari, muammoning yechimini topishda to‘g‘ri tavsiyalari zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, ta’lim maskanlarida har dushanba kuni o‘tkazilayotgan “Kelajak soati”larda ularning hayot tajribasidan foydalanib darslarni yanada mazmunli o‘tkazish, shuningdek, mazkur kengash a’zolari orqali chekka-chekkalarda yoki boshqa joylarda ta’lim muassasalarida uzoq yillar ishlagan, hozirda keksalik davrida uyda o‘tirgan, kasallik tufayli yotib qolgan, boqib qo‘yuvchisi yo‘q, yolg‘iz yashayotgan keksa faxriylarni aniqlash, ularning ro‘yxatini shakllantirish, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish kabi insoniylik va mehr-muruvvat ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan nuroniy insonlarni asrab-avaylash, ularning sog‘-salomat va mazmunli umr kechirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish — xalqimizga xos azaliy fazilatlarning o‘ziga xos e’tirofidir.

Ochilov Sevin Rajaboyevich
Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi
huzurida tashkil etilgan “Faxriylar kengashi” raisi