Dzyudo sportchilari uchun muhim tashabbus

aprel 17, 2025 - 10:42
aprel 17, 2025 - 10:53
 0  17
Dzyudo sportchilari uchun muhim tashabbus

Bugungi kunda jismoniy tarbiya va sport sohasi mutaxassislarini kasbiy rivojlantirish, ularning zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarini oshirish dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jismoniy tarbiya instruktorlari, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus hamda professional ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, oliy ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan rahbar va pedagog kadrlar, shuningdek, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va sport maktablari mutaxassislarining malaka oshirishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yil 8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 355-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tomonidan navbatdagi amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.

Aprel oyida o‘tkazilayotgan malaka oshirish kursi doirasida, tinglovchining kasbiy faoliyati natijalari asosida muqobil malaka oshirish shakliga o‘tkazilgan Xalqaro toifadagi sport ustasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan “Dzyudo sportchilarining musobaqa jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar bilan ishlash” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.

Mazkur jarayonda trenerlar, psixologlar, instruktor-metodistlar, maxsus fan o‘qituvchilari, sport tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarning bilimlarini yangilash, ularni ilg‘or pedagogik texnologiyalar, amaliyotga yo‘naltirilgan innovatsion metodlar bilan tanishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Amaliy mashg‘ulot davomida dzyudo sporti bilan shug‘ullanuvchi sportchilar musobaqa jarayonida yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan texnik, taktik va psixologik xatolar hamda ularning oldini olish yo‘llari atroflicha tahlil qilindi. Professor Tangriyev amaliy misollar, videoanaliz va interaktiv uslublar orqali murabbiylar va trenerlar uchun muhim nazariy hamda amaliy tavsiyalar berdi.

Mahorat darsi sport sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun nafaqat bilim va tajriba almashinuvi platformasi, balki jismoniy tarbiya tizimida malaka oshirish jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi amaliy maydon bo‘ldi.

Mashg‘ulot yakunida tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi, shuningdek, musobaqa holatlaridagi stressni boshqarish, sportchining motivatsiyasi va o‘zini tiklash strategiyalari bo‘yicha muhim maslahatlar taqdim etildi.

 

Abdukarim TANGRIYEV 
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori