“Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi – o‘ksik qalblarga najot

aprel 17, 2025 - 16:10
aprel 28, 2025 - 10:26
 0  86
“Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi – o‘ksik qalblarga najot

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar asosida ijtimoiy davlat konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish jarayoni olib borilmoqda. Ushbu tizimda har bir ehtiyojmand fuqaro va har bir oila davlat e’tiboridan chetda qolmasligi prinsipi ustuvorlik kasb etmoqda. Xususan, kam ta’minlangan aholiga, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga, shu jumladan, tug‘ma imkoniyati cheklangan bolalar va ularning oilalariga ko‘maklashishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur siyosiy yondashuvning mantiqiy davomida, 2024-yil 27-fevral kuni Prezident qarori asosida “Tug‘ma imkoniyati cheklangan bolalarga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar” belgilab berildi. Ushbu hujjat asosida ilk bor Andijon shahrida “Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi o‘z faoliyatini boshladi. Bu markaz zamonaviy ijtimoiy siyosatning amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand guruhlar hayot sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli xizmatlarni o‘zida mujassam etgan.

Aholimizda qadimdan ehtiyojmandlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, tug‘ma nuqsonli bolalarga g‘amxo‘rlik qilish odat tusiga kirgan. Bugungi kunda mazkur qadriyatlar institutsional asosda mustahkamlanib, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning zamonaviy mexanizmlari shakllantirilmoqda. Davlat rahbari tashrif buyurgan 5 gektarlik markaz hududida ma’muriyat binosi, faollar zali, inklyuziv ta’lim, kasbga yo‘naltirish markazlari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi va suzish havzasi faoliyat yuritmoqda.

Markazda tug‘ma imkoniyati cheklangan bolalar hamda kundalik yordamga muhtoj shaxslar uchun qatnov asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Xizmatlar tarkibida ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya, kasb-hunar yo‘nalishida maslahatlar, xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kurslar, shuningdek, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga mo‘ljallangan qo‘shimcha ta’lim dasturlari mavjud.

Mazkur tajriba markazida 60 nafardan ortiq malakali mutaxassis faoliyat olib bormoqda. Bu markaz nafaqat Andijon, balki butun respublika miqyosida innovatsion xizmatlar tizimi sifatida sinovdan o‘tkazilmoqda. Kelgusida ushbu model boshqa hududlarda ham tatbiq etilib, ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatishda institutsional baza rolini bajaradi. Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj bo‘lganlarni aniqlash va markazga yo‘naltirish vazifalari “Inson” markazlari orqali amalga oshiriladi.

Prezident markazda ilk bor yo‘lga qo‘yilgan erta aralashuv xizmati bilan ham tanishdi. Bu bo‘lim chaqaloqlik davridan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarning sog‘lom rivojlanishini ta’minlash, ularda aniqlangan imkoniyat cheklovlarini erta bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan. Bungacha bu yoshdagi bolalar faqat ota-ona parvarishida bo‘lgan, maxsus muassasalarga esa uch yoshdan so‘ng qabul qilingan. Endilikda esa, homiladorlik jarayonidanoq nogironlik xavfi aniqlanganda, markaz onalarga maxsus xizmatlar, maslahatlar va psixologik ko‘mak ko‘rsatadi. Bu esa sog‘lom avlodni shakllantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezident qo‘shimcha ta’lim binosida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. Bu yerda tug‘ma imkoniyati cheklangan bolalar maktabdan tashqari vaqtlarini samarali o‘tkazish, bilim olish, internetdan foydalanish imkoniyatiga ega. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari ingliz, rus, koreys va boshqa tillarni o‘rganishlari uchun ham shart-sharoitlar yaratilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Andijon viloyatida 10 mingga yaqin kam ta’minlangan oila farzandi maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirildi, 29 mingga yaqin fuqaro tibbiy xizmatlar bilan ta’minlandi, 20 ming nafardan ortiq ehtiyojmand shaxs ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Ushbu chora-tadbirlar ijtimoiy himoya tizimining amaliy samaradorligini ko‘rsatmoqda.

Markazda kunduzgi parvarish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu doirada tug‘ma imkoniyati cheklangan shaxslar jismoniy va intellektual rivojlanish mashg‘ulotlariga jalb qilinadi. Ularning kundalik ehtiyojlari ijtimoiy xodimlar tomonidan qondiriladi. Bu esa ularning oila a’zolariga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini yaratadi.

Yana bir muhim yo‘nalish – markazdagi sport majmuasidir. Unda tug‘ma imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus moslashtirilgan badantarbiya zali va suzish havzasi mavjud. Sport jihozlari AQSh va boshqa ilg‘or davlatlardan keltirilgan bo‘lib, ular adaptiv sport talablariga to‘liq moslashtirilgan. Suzish havzasi ham bolalar yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda zamonaviy standartlarga javob beradi.

Kamilova Sanobar Mirdjamalovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi 
“Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va
muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi mustaqil izlanuvchisi