IV – TOSHKENT XALQARO INVESTITSIYA FORUMI: YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTINING KATTA QADAMI

Iyun 28, 2025 - 09:59
 0  13
IV – TOSHKENT XALQARO INVESTITSIYA FORUMI: YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTINING KATTA QADAMI

2025-yil 10–12-iyun kunlari Xalqaro kongress markazida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan IV – Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimiz iqtisodiy diplomatiyasining yangi bosqichini belgilovchi tarixiy voqea sifatida tarixda muhrlandi. Mazkur forumda 3 000 dan ziyod mehmon ishtirok etdi. Bu raqam oddiy statistik ma’lumot emas, balki O‘zbekistonga nisbatan global e’tiborning sezilarli darajada ortganini ko‘rsatadigan muhim dalildir.

Forumning eng diqqatga sazovor jihati shundaki, ilk marotaba investitsiya ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bu esa nafaqat xorijlik investorlar, balki mahalliy yirik xususiy kompaniyalar uchun ham betakror imkoniyatlar eshigini ochdi. Milliy korxonalarimiz o‘z salohiyatini jahon miqyosida namoyish qilish, xorijiy investorlar bilan bevosita muloqot o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, forum doirasida turli panel muhokamalar, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etilib, iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarida amaliy hamkorlik istiqbollari keng yoritildi.

Forumning yuqori darajada o‘tkazilgani — bu sohadagi an’anaviy yondashuvlarning davomiyligidan dalolat beradi. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev forumni quyidagi so‘zlar bilan ochib berdi: “Hech shubhasiz, bugungi Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorligimizni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonaman.” Bu fikrlar davlat rahbari tomonidan olib borilgan izchil siyosatning mantiqiy natijasidir.

Forum doirasida alohida e’tiborga molik tadbir — bu 11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisidir. Ushbu uchrashuv hukumat bilan xorijiy investorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda samarali platforma sifatida xizmat qildi. Unda mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash masalalari, shuningdek, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, 2022-yildan buyon o‘tkazilgan uchta forum doirasida umumiy qiymati 44 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 357 ta investitsiya kelishuvi imzolangan. Bu esa xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan izchil siyosatning muhim yutug‘idir. 2024-yilda bo‘lib o‘tgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida 93 ta davlatdan 2 500 dan ortiq vakil ishtirok etgan va natijada 26,6 milliard dollarlik investitsion bitimlar imzolangan. Ushbu raqamlar O‘zbekistonning global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvi sur’at bilan kechayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Prezidentimizning “Biz mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashladik” degan fikrlari — izchil amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasini umumlashtiradi. Global iqtisodiyotda noaniqliklar kuchaygan bir vaqtda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini saqlab qolayotgani — “Yangi O‘zbekiston” siyosatining barqarorligidan dalolat beradi.

Dunyo miqyosida chuqur transformatsiya jarayonlari, xalqaro savdo hajmining qisqarishi, logistika zanjirlaridagi uzilishlar va investitsiya oqimlarining kamayishi kabi xavf-xatarlar fonida mamlakatimizning barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotgani alohida e’tirofga loyiqdir. Xalqaro investitsiya tashkilotlari tomonidan O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch mustahkamlanib, ularning yirik loyihalarimizda faol ishtirok etishga tayyor ekani — bunga yaqqol dalildir. Ayniqsa, fransuz investorlarining bevosita o‘z tashabbuslari bilan forumda ishtirok etish istagini bildirgani va rasmiy taklifnoma so‘raganligi — bunga yorqin misoldir.

To‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat iqtisodiy mazmunga ega tadbir, balki O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi siyosiy va iqtisodiy obro‘sini mustahkamlash vositasidir. Forum orqali O‘zbekiston barqaror, ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida global maydonga chiqmoqda. Har bir imzolangan investitsiya bitimi — xalqimiz farovonligiga qaratilgan amaliy qadam, har bir yangi loyiha esa kelajak avlodlarimiz uchun mustahkam poydevordir. Shu boisdan, mazkur forum faqat iqtisodiy voqelik emas, balki milliy g‘urur va faxr manbaidir.

To‘xtayeva Xurshida Farhodovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi