O‘ZBEKISTONNING JAHON SAVDO TASHKILOTIGA AʼZO BO‘LISH JARAYONI: IMKONIYATLAR VA STRATEGIK YO‘NALISHLAR

Iyun 30, 2025 - 00:19
 0  3
O‘ZBEKISTONNING JAHON SAVDO TASHKILOTIGA AʼZO BO‘LISH JARAYONI: IMKONIYATLAR VA STRATEGIK YO‘NALISHLAR

Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining eng muhim masalalaridan biri – Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lish jarayonidir. Ushbu xalqaro tashkilotga qo‘shilish mamlakatimiz uchun global iqtisodiyotga chuqur integratsiyalashuv, xalqaro savdoda teng huquqli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda eksport salohiyatini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi. Shu bilan birga, bu jarayon qator murakkabliklar va muammolarni ham keltirib chiqaradi.

O‘zbekiston JSTga aʼzo bo‘lish uchun ilk bor 1994-yil dekabr oyida ariza topshirgan bo‘lsa-da, aynan so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi besh yil davomida bozor iqtisodiyotini shakllantirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va investitsiyalar uchun qulay sharoit yaratish borasida olib borilgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar JSTga aʼzo bo‘lish jarayonini sezilarli darajada jadallashtirdi. Hozirda muzokaralar faollik bilan davom ettirilmoqda, savdo qonunchiligini JST talablariga moslashtirish, institutsional tuzilmalarda zarur islohotlarni amalga oshirish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

JSTga aʼzo bo‘lish orqali O‘zbekiston global savdo qoidalariga rioya etish majburiyatini oladi. Bu esa mamlakatimiz eksportyorlari uchun xalqaro bozorlarda diskriminatsiyasiz savdo yuritish imkoniyatini ta’minlaydi. Shuningdek, JST standartlariga muvofiqlik milliy iqtisodiyotimizda xalqaro darajada raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilish talablarini kuchaytiradi.

Shu bilan birga, JSTga qo‘shilish jarayonida bir qator muammolar ham mavjud. Jumladan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning global bozordagi kuchli raqobatga tayyor emasligi, infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmaganligi, shuningdek, standartlashtirish va sertifikatsiya tizimlarining xalqaro talablar darajasiga mos kelmasligi asosiy to‘siqlardandir. Bu muammolarni bartaraf etish, ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiyotni zamonaviy talablarga muvofiqlashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, JSTga aʼzolik investitsiya oqimlarini jalb qilish uchun keng imkoniyatlar ochadi. Xalqaro tashkilotga aʼzo bo‘lgan mamlakat sifatida O‘zbekistonning investitsion jozibadorligi oshadi. Bu esa yangi texnologiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga zamin yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, JSTga aʼzo bo‘lish jarayoni mavjud imkoniyatlar bilan birga muayyan qiyinchiliklarni ham yuzaga chiqaradi. Shuning uchun mamlakatimiz oldida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va eksport salohiyatini mustahkamlashdek strategik vazifalar turibdi. JSTga aʼzo bo‘lish O‘zbekiston uchun nafaqat xalqaro savdo maydonida teng huquqli ishtirok etish imkoniyati, balki zamonaviy, barqaror va ochiq iqtisodiyotni shakllantirish yo‘lida muhim qadamdir.

Bu jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish hukumat, xususiy sektor, biznes hamjamiyati va fuqarolik jamiyati institutsiyalarining hamkorligiga bog‘liqdir. Ayniqsa, yuzaga keladigan muammolarni hal etishda davlat va tadbirkorlarning birgalikdagi harakati muhim ahamiyat kasb etadi.

Viqorjon Bahriddinov
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Makroiqtisodiy siyosat va prognozlashtirish kafedrasi dotsenti, PhD