“BILIMLI AYOL – YORQIN KELAJAK TARBIYACHISI!”

Iyul 10, 2025 - 03:17
Iyul 10, 2025 - 03:19
 0  9
“BILIMLI AYOL – YORQIN KELAJAK TARBIYACHISI!”

Yangi O‘zbekiston – taraqqiyot sari dadil odimlayotgan, jamiyatning har bir qatlamini faol hayotga jalb etishga intilayotgan yurtdir. Ayniqsa, mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga oid chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 500-son qarori bilan mustahkamlanmoqda. Ushbu hujjatlar ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-fan, ta’lim va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Ana shunday ezgu maqsadlar asosida Respublikamizning 10 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan xotin-qizlar jamoalari, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy faol ayollar ishtirokida “Bilimli ayol – yorqin kelajak tarbiyachisi!” shiori ostida “Zakovat” intellektual shou-musobaqasi tashkil etildi.

Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, professor M. Hakimova boshchiligidagi “Femonomika” jamoasi ushbu bellashuvda ishtirok etdi. Intellektual musobaqaga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti mezbonlik qildi. Bellashuv davomida ishtirokchi ayollar o‘zlarining boy ilmiy salohiyati va hayotiy tajribalarini namoyon etib, bilim va tafakkur sinovida munosib qatnashdilar. Shuningdek, ular o‘zaro hamkorlik ruhi va jamoaviy uyg‘unlikni namoyish etdilar.

Musobaqada bilimi, zukkoligi, tafakkuri va hozirjavobligi bilan ajralib turgan ko‘plab jamoalar faol ishtirok etdilar. Natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti xotin-qizlar jamoasi, 2-o‘rinni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti jamoasi, 3-o‘rinni esa Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xotin-qizlar jamoasi egalladilar.

Bu kabi tadbirlar ayollar uchun nafaqat foydali, balki intellektual va emotsional ozuqa manbai hamdir. Zero, oila, ish va ilm oralig‘ida doimiy harakatda bo‘lgan ayollar uchun bunday musobaqalar o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish, tafakkur va bilim darajasini namoyon etish, o‘ziga ishonch hissini oshirish imkoniyatini yaratadi.

Mazkur intellektual bellashuv nafaqat bilimlar sinovi, balki jamiyatda ayol ziyolilarning o‘rnini mustahkamlash, ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish, mamlakat taraqqiyotiga ularning qo‘shayotgan hissasini yoritishga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy-ma’naviy va ilmiy-amaliy maydonga aylandi.

Tadbirda Toshkent shahar “Olima ayollar” uyushmasi raisi, siyosiy fanlar doktori, professor E’tibor Sultanova hakamlar hay’ati raisi sifatida qatnashdi. Kamoliddin Behzod nomidagi MRDI xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi S. Jumayeva tashabbusi bilan o‘tkazilgan musobaqa yuqori saviyada tashkil etildi.

Ishtirokchilar san’at asarlari ko‘rgazmasi, go‘zal kuy va qo‘shiqlardan bahramand bo‘lish bilan birga, o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Musobaqa yakunida “Femonomika” jamoasi sardori Fariza Xoldarova universitet rahbariyatiga, ayniqsa, S. Jumayevaga bilimlar bellashuvini yuksak saviyada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi.

TDIU jamoasi universitet rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu esa yurtimizda ayol professor-o‘qituvchilarga bo‘lgan yuksak e’tibor va hurmatni yaqqol ifoda etadi.


Fariza Xoldarova
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi katta o‘qituvchisi,

Fakultet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi