O‘ZBEKISTON VA QATAR: YO‘LBOSCHILAR MULOQOTI STRATEGIK SHERIKLIKNI YANGI BOSQICHGA OLIB CHIQMOQDA

Iyul 10, 2025 - 03:27
Iyul 10, 2025 - 03:30
 0  9
O‘ZBEKISTON VA QATAR: YO‘LBOSCHILAR MULOQOTI STRATEGIK SHERIKLIKNI YANGI BOSQICHGA OLIB CHIQMOQDA

2025-yil 8-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Saniy o‘rtasida telefon orqali samimiy va mazmunli muloqot bo‘lib o‘tdi. Mazkur suhbat ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qilish, do‘stona munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim siyosiy voqelik sifatida tarixga kiradi.

Suhbat davomida davlat rahbarlari o‘zaro hurmat va ishonch ruhida, barqarorlik, taraqqiyot hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha aniq maqsad va vazifalarni muhokama qildilar. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar Amirining Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholar ekan, uning xalqaro siyosatdagi o‘rni va ta’sirini e’tirof etdi.

Mazkur muloqot doirasida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada faollashtirish, iqtisodiy hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, savdo aylanmasini oshirish, shuningdek, energetika, sanoat, moliya, investitsiya, turizm va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladilar. Bunda, ayniqsa, Qatar tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar va yoshlar uchun ta’lim va stajirovka dasturlarini kengaytirishga tayyorlik bildirilgani alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, suhbatda oliy darajadagi uchrashuvlar va davlat tashriflari rejasi hamda ikki tomonlama hamkorlikni institutsional asosda rivojlantirish uchun hukumatlararo komissiya va ishchi guruhlar faoliyatini faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Prezidentlar O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni real mazmun bilan boyitish, xalqlar farovonligiga xizmat qiladigan yangi tashabbuslar va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishdilar.

Bu muloqot O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Davlat rahbarlarining ochiq va mazmunli muloqoti ikki tomonlama strategik sheriklikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu suhbat yaqin kelajakda hamkorlikni yangi loyihalar, tashabbuslar va qo‘shma dasturlar bilan boyitishga yo‘naltirilgan ezgu intilishlarning yana bir tasdig‘i sifatida qayd etiladi. Ushbu siyosiy muloqot ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan mushtarak harakatlarning uzviy davomi bo‘lib xizmat qiladi.

F.A. Doniyorova
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Mehnat iqtisodiyoti” kafedrasi dotsenti v.b.