O‘ZBEKISTONDA YUK VA YO‘LOVCHI TASHISHNI TASHKIL ETISHDA KICHIK TADBIRKORLIK SHAKLLARIDAN FOYDALANISH DARAJASINI OSHIRISH YO‘LLARI

Iyul 5, 2025 - 03:57
Iyul 5, 2025 - 03:58
 0  10
O‘ZBEKISTONDA YUK VA YO‘LOVCHI TASHISHNI TASHKIL ETISHDA KICHIK TADBIRKORLIK SHAKLLARIDAN FOYDALANISH DARAJASINI OSHIRISH YO‘LLARI

O‘zbekiston transport tizimi oxirgi yillarda sezilarli darajada modernizatsiyalanmoqda. Aholi sonining ko‘payishi, urbanizatsiya jarayonlari va ichki migratsiya oqibatida transport xizmatlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu esa kichik tadbirkorlik subyektlariga transport sohasida faol ishtirok eti sh uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Ayniqsa, yo‘lovchi va yuk tashish sohasida xususiy sektorning o‘rni kundan-kunga ortib bormoqda.

Kichik tadbirkorlarning transport sohasiga kirib kelishi bir necha jihatdan ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda: xizmatlar sifati oshmoqda, raqobat kuchaymoqda, narxlar barqarorlashmoqda, mijozlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati rivojlanmoqda. Shu bilan birga, xizmatlar turlari ko‘payib, fuqarolarga qulay va moslashuvchan xizmatlar taklif etilmoqda. Misol uchun, Toshkent shahrida 2024-yil holatiga ko‘ra, 400 dan ortiq xususiy taksi kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, 'Urban Mobility Improvement Plan' dasturi doirasida raqamli texnologiyalar, onlayn xizmatlar, mobil ilovalar orqali taksi, mikroavtobus va yuk tashish xizmatlari keng joriy etilmoqda. GPS, elektron to‘lov, real vaqt monitoring tizimlari kabi yechimlar orqali xususiy transport xizmatlari jamoat transportiga muqobil sifatida faoliyat yuritmoqda.

Ammo bu jarayon bir qator muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Avvalo, yirik shaharlarda shaxsiy va xususiy transport vositalarining ortishi tirbandliklarga olib kelmoqda. Bu esa nafaqat ekologik muhitga, balki jamoat transportining raqobatbardoshligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, uni tartibga solish va muvofiqlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur yo‘nalishda quyidagi strategik chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim:

- litsenziyalash va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish.

- transport vositalari uchun ekologik va texnik talablarga rioya etilishini kuchaytirish.

- davlat-xususiy sheriklik asosida jamoat transportini rivojlantirish.

- shaharlararo va shahar ichidagi transport tizimini integratsiyalashgan shaklda boshqarish.

- transport xizmatlarini raqamlashtirish va markazlashgan monitoring tizimini yaratish.

Bu bilan birga, kichik tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish maqsadida kredit va subsidiyalar, soliq imtiyozlari, texnik yordam va maslahat xizmatlari ko‘rsatilishi lozim. Shuningdek, ularni xalqaro tajriba asosida tayyorlash va malaka oshirish dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlash zarur.

Yakuniy maqsad – davlat va xususiy sektor o‘rtasida barqaror hamkorlik asosida zamonaviy, ekologik toza, xavfsiz va samarali transport modelini yaratishdir. Bunday model orqali aholi transport xizmatlaridan keng, qulay va arzon narxlarda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda yuk va yo‘lovchi tashishni tashkil etishda kichik tadbirkorlik shakllaridan foydalanishni kengaytirish – bu nafaqat iqtisodiy jihatdan foydali, balki ijtimoiy barqarorlik, ekologik xavfsizlik va xizmatlar sifati nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.

Kelajakda ushbu yo‘nalishda davlat siyosatining davomiyligi va tizimli qo‘llab-quvvatlash asosida katta natijalarga erishish mumkin.

Sevara Aytieva Allaberdiyevna
PhD, “Biznes boshqaruvi” kafedrasi dotsenti,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti