TIJORAT BANKLARIDA MIJOZLARGA XIZMAT KO‘RSATISHDA XODIMLARNING YUKSAK MA’NAVIYATI

Fevral 5, 2025 - 14:33
Iyun 14, 2025 - 02:33
 0  7
TIJORAT BANKLARIDA MIJOZLARGA XIZMAT KO‘RSATISHDA XODIMLARNING YUKSAK MA’NAVIYATI

Zamonaviy bank tizimi rivojlanib borayotgan bir sharoitda, xizmatlar sifati, mijoz bilan muloqot madaniyati, xodimlarning kasbiy salohiyati bilan bir qatorda, ularning yuksak ma’naviy darajasi ham alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, tijorat banklarida mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning bevosita insoniy omillarga bog‘liqligi, mijozlarning ishonchi, sadoqati va uzoq muddatli hamkorlikning asosi sifatida ma’naviy qadriyatlarning ahamiyatini yanada oshiradi.

Ma’naviy barkamollik – bu nafaqat axloqiy fazilatlar majmui, balki xizmat ko‘rsatish jarayonida halollik, e’tibor, madaniy muomala va adolatli yondashuvning jamlanmasidir. Bank xodimining yuksak ma’naviyati, u qanday lavozimda ishlamasin, mijozning talab va ehtiyojiga hurmat bilan qarash, o‘z faoliyatida ijtimoiy mas’uliyatni his qilish, kasbiy etika va muloqot madaniyatini saqlashda namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida inson kapitaliga, shu jumladan, xodimlarning ma’naviy va axloqiy yetukligiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, bank xodimlari o‘z kasbiy faoliyatida mijoz manfaatlarini ustuvorlikka qo‘ygan holda, jamoat ishonchini qozonishi lozim.

Ma’naviyat – xizmat sifatining asosi

Xodimning ichki madaniyati, kasbiy etikasiga sodiqligi va halollik kabi fazilatlari mijozda ishonch uyg‘otadi. U bank xizmatlarini faqat texnik xizmat emas, balki insoniy munosabatga asoslangan yondashuv deb biladi.

Muloqotda samimiyat va hurmat

Yuqori ma’naviyatli xodim muloqotda samimiy, ehtiromli va muloyim bo‘ladi. Bu esa bank-mijoz o‘rtasida ijobiy psixologik muhitini yaratadi.

Mijoz manfaatlariga sodiqlik

Ma’naviy yetuk xodim mijozga mahsulotni sotishdan ko‘ra, unga haqiqatan mos va foydali xizmatni taklif etadi. Bu uzoq muddatli mijozlar bazasini shakllantiradi.

Etika va kasbiy fazilatlar

O‘zbekiston bank sektorida xodimlar uchun axloqiy kodeks joriy etilgan bo‘lib, ushbu kodeksga amal qilgan holda ish yuritish – ma’naviy yuksaklikning belgilaridan biri hisoblanadi.

Tijorat banklarining muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi bevosita mijozlar bilan samarali munosabat va ishonchli kommunikatsiyaga bog‘liqdir. Bunday ishonchli muhitni shakllantirishda xodimlarning yuksak ma’naviyati, professionalligi, axloqiy qadriyatlarga sadoqati hal qiluvchi o‘rin tutadi.

O‘tkazilgan tahlillar va amaliy kuzatuvlar asosida quyidagi xulosalarga kelindi:

Ma’naviy yetuklik — mijoz ishonchining poydevori: Xodimlarning halolligi, vijdonlilik, adolatparvarlik kabi fazilatlari bankka bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, bu esa uzoq muddatli hamkorlikni ta’minlaydi.

Yuqori madaniyatli muomala — xizmat sifati mezoni: Muloqotdagi xushmuomalalik, sabr-toqat, mijozni tinglash madaniyati bank xizmatlarining professional darajasini ko‘rsatadi.

Ma’naviy qadriyatlarga tayanish — brend imidjini shakllantiradi: Bank xodimlarining yuqori ma’naviy fazilatlari institutning obro‘sini oshiradi, ijtimoiy mas’uliyatli brend sifatida tanilishiga olib keladi.

Ichki muhit va ma’naviy muvozanat — xodimlar barqarorligini ta’minlaydi: Ma’naviy qadriyatlarga asoslangan ichki siyosat xodimlarning motivatsiyasi, sadoqati va ijtimoiy o‘zaro hurmatini oshiradi.

 

Sattorova Nasiba G‘anijon qizi
 “Bank ishi” kafedrasi katta o‘qituvchisi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti