O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishda institutsional yondashuvlar va xalqaro hamkorlik

aprel 9, 2025 - 13:13
 0  99
O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishda  institutsional yondashuvlar va xalqaro hamkorlik

O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishda institutsional yondashuvlar va xalqaro hamkorlik

Globallashuv sharoitida bolalar huquqlarini har tomonlama va tizimli himoya qilish masalasi jahon hamjamiyati kun tartibida doimiy ravishda o‘rin olmoqda. 
XXI asrda globallashuv, urbanizatsiya, raqamli muhitning kengayishi, mintaqaviy nizolar va iqtisodiy tengsizlik kabi omillar bolalar salomatligi, xavfsizligi, huquqlari va erkinliklariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. 
Shu sababli jahonda bolalarning ijtimoiy, huquqiy, psixologik va ma’naviy manfaatlarini to‘liq ta’minlashga qaratilgan kompleks yondashuvlar zamonaviy davlat siyosatining ajralmas tarkibiy qismiga aylanmoqda.

Joriy yil 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150–Assambleyasi doirasida BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maala xonim bilan uchrashuvi xalqaro miqyosda bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan strategik hamkorlikning mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. 

Mazkur uchrashuv nafaqat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol ishtirokini aks ettirdi, balki bola huquqlari sohasidagi innovatsion yondashuvlarga xalqaro e’tiborning yuksakligidan dalolat beradi.

O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar zamirida bolalarning sog‘lom ulg‘ayishi, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi hamda mazmunli hayot tarziga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan barqaror institutsional yondashuv yotadi. 

Xususan, voyaga yetmaganlar va o‘smirlar bilan tizimli ishlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish borasida davlat siyosati izchil rivojlanmoqda.

Mamlakatimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar, jumlan, bolalarni har qanday zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va diskriminatsiyadan himoya qilish, mojaroli hududlardan qaytarilgan ayollar va bolalarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish,  bolalar mehnatiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan tizimli islohotlar xalqaro ekspertlar hamda inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu esa O‘zbekistonning global miqyosda inson huquqlari sohasidagi ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini mustahkamlamoqda.

Shu bilan birga, davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi samarali ko‘p tomonlama aloqalar bolalar manfaatlariga xizmat qiluvchi barqaror institutsional mexanizmlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, xususan, uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan olib borilayotgan hamkorlik bola huquqlarini kompleks tarzda himoya qilish, huquqiy asoslarni takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga integratsiyalash yo‘lida yangi istiqbollarni ochmoqda.

Bola huquqlari bilan bog‘liq xalqaro normativ–huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, ularni milliy qonunchilikka uyg‘unlashtirish, shu orqali bola manfaatlarini ilgari suruvchi institutlar faoliyatini takomillashtirish hozirgi zamon talablariga to‘liq javob beruvchi strategik yo‘nalishdir. Bu boradagi faoliyatning samaradorligi, avvalo, xalqaro huquqiy standartlarga tayanuvchi siyosiy iroda va institutsional imkoniyatlar bilan belgilanadi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga bag‘ishlangan mintaqaviy konferensiya o‘tkazilishi,  O‘zbekiston tajribasining BMT Bosh qarorgohida taqdim etilishi mamlakatimizning bu yo‘nalishdagi prinsipial pozitsiyasini namoyon etadi. Bunday tashabbuslar nafaqat milliy manfaatlarga xizmat qiladi, balki xalqaro miqyosda bola huquqlari himoyasiga oid zamonaviy, innovatsion va barqaror yondashuvlarni shakllantirishga ham amaliy hissa qo‘shadi.

Gulsanam Ibragimova
Pedagogika fanlari doktori (DSc)