“9-may – Xotira va qadrlash kuni”

may 12, 2025 - 11:24
 0  48

Joriy yil 6-may kuni yurtimizda “9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan o‘tkaziladigan umumxalq tadbirlari doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yuksak ma’naviy ruhda, o‘tmish vorislariga hurmat, mard avlod xotirasiga sadoqat ifodasi bo‘lgan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirlar Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini ardoqlash, tarixiy xotirani asrab-avaylash, urush va mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, zamonaviy bilim va ma’naviyatga ega yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qildi.

Bayram tadbirini Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori Teshabayev To‘lqin Zakirovich ochib berdi. Ustoz “Xotira va qadrlash kuni”ning ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati, xalqimizning mardlik va sabr-toqat an’analari, ustoz va olimlarning jamiyat hayotidagi beqiyos o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Tadbir doirasida universitet hududida joylashgan “Ustozga ehtirom” yodgorlik majmuasi poyida tantanali marosim tashkil etildi.

Unda universitet rahbariyati, faxriy ustozlar, taniqli olimlar, faol talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar Vatanga sadoqat bilan xizmat qilgan, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ustozlarning xotirasini chuqur ehtirom bilan yodga oldilar, yodgorlik poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Marosim davomida ma’naviyat, e’tiqod, ustoz-shogird an’analari haqida samimiy fikrlar bildirildi. Bu esa yosh avlod qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Tadbir ishtirokchilari bayram tadbirining ikkinchi qismi uchun “Tabassum” restoraniga taklif etildi.

Bu yerda “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida tashkil etilgan bayram dasturxonida mehmonlar uchun samimiy kutib olish marosimi, musiqa chiqishlari, rasmiy nutq va tabriklar taqdim etildi. Tadbir davomida “Xotira abadiy, qadr muqaddas” mavzusidagi videorolik namoyish qilinib, tarixiy voqealarning hayotiy saboqlari, fidokor insonlar faoliyatining ibratli jihatlari esga olindi.

Shuningdek, “Maqomchilar ansambli” tomonidan tayyorlangan madaniy-ma’rifiy dastur tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishlab, ishtirokchilarda chuqur hissiyot va faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi. Mazkur bayram tadbirlari nafaqat xotira va hurmat timsoli, balki ta’lim dargohlarining ma’naviy muhitini boyitish, yosh avlodni tarixiy merosga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim madaniy-ma’rifiy an’anaga aylandi. 

Ilmurod KUNGRATOV
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi