TA’LIM TIZIMIDA PEDAGOG KADRLARNING KASBIY RIVOJLANISHI YO‘LIDAGI YANGI TASHABBUSLAR
Global integratsiyalashuv va raqamli transformatsiya jarayonlari sharoitida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar zamonaviy pedagog kadrlar oldiga yangi mas’uliyat va talablarni qo‘ymoqda. Bugungi kunda ta’lim sohasining raqobatbardoshligini ta’minlash, xalqaro standartlarga mos kompetensiyalarni shakllantirish hamda innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish dolzarb masalaga aylangan. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar, axborot vositalari va innovatsion boshqaruv mexanizmlarining jadal rivojlanishi pedagoglardan o‘z kasbiy salohiyatini muntazam yangilab borishni talab etmoqda.
Shu maqsadda 2025-yil oktyabr oyida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi tomonidan “Buxgalteriya hisobi” va “Menejment” yo‘nalishlarida malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli tashkil etildi. Mazkur kurslar pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda zamonaviy amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirildi.
Mazkur tashabbuslar doirasida Tarmoq markazi direktori, i.f.d., professor N. G‘. Karimov tomonidan tinglovchilar uchun “Ta’lim sifati va zamonaviy iqtisodiy siyosat” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. U o‘z ma’ruzasida ta’lim sifatini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari, o‘qituvchilarning raqobatbardosh malakasini shakllantirish, ta’lim tizimiga zamonaviy iqtisodiy siyosatning ta’siri hamda global integratsiya sharoitida pedagoglarning yangi roli va mas’uliyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Professor N.Karimovning mahorat darsi tinglovchilarni nafaqat ilmiy-analitik fikrlashga, balki ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlarni qo‘llashga ruhlantirdi.
Kurs dasturlarida buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi dolzarb masalalar, ilmiy-amaliy yutuqlar, menejmentning innovatsion yo‘nalishlari, raqamli kompetensiyalar hamda pedagogik faoliyatda zamonaviy uslublardan foydalanish masalalari keng yoritildi. Mashg‘ulotlar nazariy va amaliy shakllarda o‘tkazilib, tinglovchilarning faol ishtiroki ta’minlandi.
Darslar yuqori malakali professor-o‘qituvchilar — prof. R. Dusmuratov, prof. S. Sobirjonov, prof. B. O‘rinov, dots. M. Xodjayeva, dots. U. Yusupov, dots. B. Vafoyev, dots. M. Fayzullayeva hamda prof. Sh. Mamarajabov tomonidan olib borildi. Ularning ma’ruzalari zamonaviy boshqaruv, buxgalteriya va pedagogika sohalaridagi ilmiy yangiliklar, xalqaro tajriba almashuvi hamda ta’lim jarayoniga innovatsion metodlarni tatbiq etish bilan boyitildi.
Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar amaliy topshiriqlarni bajarish, keys-stadilarni tahlil etish va raqamli platformalarda ishlash bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Dastur yakunida esa onlayn test sinovlari va bitiruv ishlari himoyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Mazkur malaka oshirish kurslari natijasida pedagog kadrlar o‘z sohalarida zamonaviy ilmiy yondashuvlarni qo‘llash, innovatsion fikrlashni rivojlantirish va raqamli kompetensiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha yangi bilim hamda amaliy tajriba egalladilar.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi tarmoq markazining bunday tashabbuslari nafaqat o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga, balki mamlakatimiz ta’lim tizimining sifat va samaradorligini oshirish, shuningdek, global ta’lim makonida O‘zbekistonning raqobatbardosh o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.