ILMIY MAQOLA YOZISH VA UNI IDENTIFIKATSIYA QILISHNING AHAMIYATI: TDIUDA PROFESSOR-O'QITUVCHILAR UCHUN AMALIY TRENING

noyabr 10, 2025 - 14:41
noyabr 10, 2025 - 14:52
 0  26
ILMIY MAQOLA YOZISH VA UNI IDENTIFIKATSIYA QILISHNING AHAMIYATI: TDIUDA PROFESSOR-O'QITUVCHILAR UCHUN AMALIY TRENING

Joriy yil 10-noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ilmiy jurnallar bo‘limi bosh muharriri Sherzod Qurbonov universitet huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida “Buxgalteriya hisobi” hamda “Menejment” yo‘nalishlarida malaka oshirayotgan tinglovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ilmiy maqola yozish jarayonida dolzarb mavzularni tanlashning ahamiyati, IMRAD qoidasi asosida tahliliy maqolalar tayyorlash usullari, manbalarga to‘g‘ri havola berish va ilmiy uslubda yozishning o‘ziga xos jihatlari haqida trening tashkil etildi.

Globallashuv va raqamli transformatsiya sharoitida akademik ta’lim hamda ilmiy tadqiqotlar platformalari faol integratsiyalashib borayotgan bugungi kunda tadqiqotchi faqat maqola yozish bilan cheklanib qolmasligi lozimligi ta’kidlandi. Maqolani chop etish bilan birga uni identifikatsiya qilish, ya’ni DOI raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda OAK tomonidan e’tirof etilgan ilmiy jurnallar ana shu jihatlarga ham e’tibor qaratib, tadqiqotchilar bilan hamkorlikda maqolalarni xalqaro ma’lumotlar bazalari orqali identifikatsiya qilmoqda.

Natijada tadqiqotchi o‘z ilmiy reytingiga ega bo‘lish barobarida, u faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasasi ham “aqlli platforma” orqali qayd etiladi. Bu esa universitetning xalqaro ta’lim reytinglaridagi o‘rnini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, PhD va DSc ilmiy darajasiga himoya tayyorlayotgan tinglovchilarga maqolalarni xalqaro jurnallarda e’lon qilish, maqola strukturasi va ilmiy natijalarni targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar bilan fikr va mulohazalar almashilib, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish hamda tadqiqotlarni xalqaro maydonga olib chiqish yo‘llari muhokama qilindi.