OʻZBEKISTON-ROSSIYA KOʻP VEKTORLI HAMKOR

Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi koʻp vektorli strategik hamkorlik tarixiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar asosida shakllangan. Mustaqillik yillaridan beri ikki davlat oʻzaro ishonch va oʻzaro manfaat tamoyillariga asoslangan mustahkam diplomatik munosabatlarni rivojlantirib kelmoqda. Globallashuv sharoitida ishonchli hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki mintaqaviy barqarorlikda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yil 23-aprel kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi keng qamrovli siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar oʻzaro ishonch va amaliy sheriklikni kuchaytirish maqsadida dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Muzokaralar jarayonida, ayniqsa, iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, savdo aylanmasini oshirish, investitsiyalarni faol jalb qilish va istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, Rossiya Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2024-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 9,8 milliard dollarga etdi, Oʻzbekistonning Rossiyaga eksporti 2,0 milliard dollardan 3,8 milliard dollarga oshdi, import hajmi esa 3,2 milliard dollardan 6,0 milliard dollarga oʻsdi.
Investitsiya sohasida ham yuqori sur’at kuzatilmoqda – 2023-yilda Rossiya investitsiyalari hajmi 10 milliard dollardan oshdi va energetika, transport, bankchilik hamda sanoat tarmoqlarida “Gazprom”, “Lukoyl”, “Sberbank” va “VEB.RF” kabi yirik kompaniyalar faoliyat olib bormoqda.
Takidlash joizki, mehnat migratsiyasi sohasidagi aloqalar ham ahamiyatli oʻrin tutadi. Hozirgi kunda Rossiyada 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonlik muhojirlar mehnat qilmoqda va ular tomonidan yuborilayotgan mablagʻlar Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun muhim resurs hisoblanadi. Jahon banki ma’lumotlariga koʻra, 2023-yilda mehnat muhojirlari tomonidan yuborilgan mablagʻlar miqdori 8 milliard dollardan oshgan. Bu holat Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy barqarorligiga ijobiy ta’sir koʻrsatmoqda.
Ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish jarayonida ayrim toʻsiqlar ham mavjud ekanligi qayd etildi. Jumladan, logistika infratuzilmasining yetarli darajada rivojlanmaganligi, chegaradagi byurokratik toʻsiqlar, bojxona va texnik tartib-taomillardagi murakkabliklar hamda xalqaro geosiyosiy tahdidlar sababli Rossiyaning tashqi iqtisodiy faoliyatiga bosimlar kuchayganligi bu sohadagi asosiy muammolardan sanaladi.
Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik tarixiy tajriba, oʻzaro ishonch va amaliy manfaatlarga tayanadi. Mavjud muammolarni samarali hal qilish va yangi imkoniyatlardan foydalanish orqali ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash va yangi bosqichga koʻtarish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida energetika sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, ya’ni gaz va neft mahsulotlari boʻyicha yangi kelishuvlarga erishish hamda Oʻzbekistonda quvvatli energetik inshootlarni modernizatsiya qilishda Rossiya ishtirokini kuchaytirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, agrosanoat sohasida ham katta imkoniyatlar mavjud boʻlib, Rossiya bozorida oʻzbek qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boʻlgan talab ortib borayotganini inobatga olgan holda qoʻshma agrosanoat loyihalarini amalga oshirish va qoʻshma korxonalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Transport sohasida esa “Oʻzbekiston – Rossiya – Yevropa” transport yoʻnalishini rivojlantirish, qurilayotgan temir yoʻl va avtomobil yoʻllar infratuzilmasini yangilash orqali ikki mamlakat iqtisodiyotini yanada integratsiyalashtirish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida hududlar va etakchi sanoat korxonalari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish va sanoat infratuzilmasini oʻzaro bogʻlash masalalari yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu chora-tadbirlar nafaqat sanoat, balki iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham yangicha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, madaniyat, san’at, fan, ta’lim, sogʻliqni saqlash, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari ham keng muhokama qilindi. Akademik almashinuv dasturlari, qoʻshma forumlar va konferensiyalarni tashkil etish orqali ikki xalq oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Mazkur tashabbuslar ikki mamlakat jamiyatlari oʻrtasidagi madaniy va ma’naviy aloqalarni yanada boyitishga xizmat qiladi.
Samarali kechgan muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro maydondagi global jarayonlarga nisbatan yagona pozitsiya shakllantirish va yirik xalqaro tashabbuslar doirasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari boʻyicha ham fikr almashildi. Bu borada Oʻzbekiston va Rossiyaning yaqin hamkorligi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki butun mintaqa barqarorligi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi qoʻshimcha qiymat yaratuvchi iqtisodiy munosabatlar tarixiy asoslarga ega boʻlib, hozirgi kunda sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Har ikki davlat oʻrtasidagi strategik manfaatlar, oʻzaro konstruktor, pragmatik muloqotlarga asoslangan hamkorlik yaqin istiqbolda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi shubhasizdir.
Dilmurod SUYUNOV
iqtisodiyot fanlari doktori (DSc), professor,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi kafedra mudiri