Turizim nafaqat iqtisodiyot, balki aholi farovonligini oshiradi
Joriy yilning 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turizm sohasini jadal rivojlantirish va zamonaviy bunyodkorlik tashabbuslarini ilgari surishga qaratilgan yirik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Mazkur taqdimotda Toshkent viloyati uchun belgilangan strategik yo‘nalishlar muhokama qilinib, joriy yil yakuniga qadar hududga 1,5 millionga yaqin xorijiy va 10 millionga yaqin mahalliy sayyohni jalb etish hamda umumiy eksport hajmini 429 million AQSH dollariga yetkazish maqsad qilib belgilangani alohida ta’kidlandi.
Bu salmoqli ko‘rsatkichlar Toshkent viloyatini nafaqat mamlakat miqyosidagi yetakchi turistik markazlardan biriga aylantirish, balki milliy iqtisodiyotga barqaror daromad keltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va infratuzilmalarni zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Taqdimotda Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi hududiy rivojlanishning namunali loyihasi sifatida taqdim etildi. Ushbu hududda 2024 yilda boshlangan qurilish ishlari natijasida majmuaning birinchi bosqichi to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Majmua tarkibiga zamonaviy arxitektura va ekologik barqarorlik me’yorlariga to‘liq javob beradigan 16 ta ko‘p qavatli turar-joy binosi, 3 ta mehmonxona, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank filiallari hamda avtoturargohlar kiritilgan. Ushbu inshootlarning barchasi quyosh panellari bilan jihozlangan bo‘lib, bu esa energiya manbalaridan oqilona foydalanish va ekologik tozalikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shu tarzda, mazkur majmua sayyohlar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, shuningdek, yashash va dam olish uchun barqaror ekologik infratuzilmani shakllantirishda o‘ziga xos namuna bo‘lmoqda.
Majmuaning keyingi bosqichlarida hududni yanada kengroq qamrab olish, qurilish ishlarini kengaytirish hamda rekreatsion infratuzilmalarni rivojlantirish rejalashtirilgan. Xususan, turizm hududini barqaror va ekologik toza energiya bilan ta’minlash maqsadida Chortoq daryosida kichik gidroelektr stansiya (GES) qurish loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu tashabbus faqatgina energetik mustaqillikni mustahkamlash bilan cheklanmay, balki “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga to‘la mos kelib, barqaror turizmni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytganda, taqdim etilgan loyihalarni samarali va maqsadli amalga oshirish uchun huquqiy-me’yoriy bazani takomillashtirish, moliyaviy manbalarni aniqlash hamda infratuzilmaviy sharoitlarni baholab, har bir bosqich uchun aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, Prezident ta’lim tizimi va iqtisodiy loyihalarni uzviy bog‘lash, xususan, dual ta’lim modeli orqali yosh mutaxassislarni amaliyotga yaqin sharoitda tayyorlash zarurligini ham ta’kidladi. Bu esa mehnat bozori ehtiyojlariga mos, malakali kadrlar tayyorlashga keng yo‘l ochadi.
Sarvar Turabov