Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish: iqtisodiy taraqqiyot va gender tengligida yangi yondashuvlar

Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti jadallik bilan rivojlanib, turli sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri - barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish bilan birga, fuqarolarning, xususan, ayollarning iqtisodiy jarayonlardagi faolligini oshirishdan iborat. Ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish nafaqat gender tengligini ta’minlash, balki iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va innovatsion yondashuvlarni kengaytirish orqali raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishda ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil yanvar oyida o‘tkazilgan “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni tashkil etish”ga bag‘ishlangan uchrashuvda ayollarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning iqtisodiy faolligini oshirish masalalari alohida e’tiborga olingani, bu yo‘nalishdagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek: “Ayollarni iqtisodiy jarayonlarga jalb qilmasdan turib, jamiyatni va mamlakatni to‘liq rivojlantirish mumkin emas. Ularning iqtisodiy faolligini oshirish orqali biz nafaqat gender tenglikni ta’minlaymiz, balki iqtisodiy o‘sishning barqaror bo‘lishiga ham erishamiz.”
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy-me’yoriy asoslar mustahkamlanib, subsidiyalar, imtiyozli kreditlar, soliq yengilliklari, biznes-inkubatorlar va boshqa iqtisodiy chora-tadbirlar tizimli ravishda joriy etilmoqda. Bu esa ayollar uchun qulay va rag‘batlantiruvchi biznes muhitini yaratmoqda.
Ayollar tadbirkorligining iqtisodiy ahamiyati keng qamrovli bo‘lib, u mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayollar tomonidan tashkil etilgan biznes subyektlari nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda, balki ularning faoliyati ko‘pincha ijtimoiy masalalarga yo‘naltirilgan bo‘lib, zaif qatlamlarni ish bilan ta’minlashga va teng imkoniyatlar muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Ayollar tadbirkorligining bu xususiyati ularni barqaror va ijtimoiy mas’uliyatli iqtisodiy subyektlar sifatida ko‘rsatadi.
Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish — bu faqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlash vositasi emas, balki keng qamrovli ijtimoiy va institutsional islohotlar orqali gender tenglikni chuqurlashtirish, jamiyat farovonligini oshirish va zamonaviy inklyuziv iqtisodiyotga asos solish yo‘lidir. Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan siyosat va amaliy choralar O‘zbekistonning demokratik va iqtisodiy taraqqiyotini mustahkamlashda muhim omil sifatida xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalasi nafaqat iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, balki jamiyatda gender tengligini ta’minlash nuqtayi nazaridan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada bir qancha samarali yo‘nalishlar mavjud bo‘lib, ularni kompleks yondashuv asosida amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, ayollarni tadbirkorlikka tayyorlashda ta’limning roli katta. Zamonaviy biznes yuritish, moliyaviy savodxonlik va menejment bo‘yicha maxsus kurslar, seminar-treninglar tashkil etilishi lozim. Bu jarayonda davlat tomonidan zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va ularda ayollarni tadbirkorlikka tayyorlashga ixtisoslashgan metodik materiallar bilan ta’minlash muhimdir. Bunday dasturlar ayollarni nafaqat yangi biznes ochishga, balki uni muvaffaqiyatli boshqarish va barqaror rivojlantirishga ham tayyorlaydi.
Ikkinchidan, ayollar tadbirkorligini moliyaviy resurslarga samarali jalb qilish zarur. Davlat tomonidan imtiyozli kreditlar, grantlar va investitsiya imkoniyatlarini yanada kengaytirish lozim. Ayniqsa, kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy vositalarning qulay va shaffof mexanizmlar asosida taqdim etilishi, ayollarning biznes boshlashi va uni kengaytirishiga turtki bo‘ladi.
Uchinchidan, ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishda huquqiy asoslarning mustahkamligi muhim omil hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikda ayollarga teng huquq va imkoniyatlar yaratish, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik subyektlari sifatida faoliyat yuritishlari uchun qulay muhitni shakllantirish zarur. Huquqiy bazani takomillashtirish esa nafaqat ayollarni iqtisodiy faollashtiradi, balki mamlakatning umumiy iqtisodiy barqarorligini ham mustahkamlaydi.
To‘rtinchidan, gender tengligini ta’minlashda oilalarda va mahalla institutlari tomonidan ijtimoiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish, aholining xabardorligini oshirish hamda ayollarni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni institutsional tarzda joriy etish zarurdir.
Beshinchidan, ayollar o‘rtasidagi biznes hamkorlik va mentorlik tizimini rivojlantirish katta ahamiyatga ega. Ayollar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashi, tajriba almashuvi asosida bilim va ko‘nikmalarini boyitishi, tarmoq asosida ishlashi ularning biznesdagi muvaffaqiyatini oshiradi. Bu yo‘nalishda ayol tadbirkorlarni birlashtiruvchi uyushmalar, klublar va platformalar faoliyatini rivojlantirish muhim sanaladi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish — mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, ijtimoiy tenglikka erishishga hamda oilalarda mavjud gender stereotiplarini bartaraf etishga xizmat qiladi. Davlat tomonidan olib borilayotgan kompleks siyosat va islohotlar bu yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlarni jadallashtiradi. Ayniqsa, moliyaviy, huquqiy va ta’lim sohalaridagi qo‘llab-quvvatlovchi chora-tadbirlar ayollarning tadbirkorlikdagi ishtirokini kuchaytirish orqali mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shadi.
Nafosat SHAROPOVA
TDIU Marketing kafedrasi dotsenti