PREZIDENT MAKTABLARI VA IXTISOSLASHTIRILGAN MAKTABLAR O‘QUVCHILARINING OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA YO‘NALISHLAR ASOSIDA BIRIKTIRILISHI: ISTIQBOLLI HAMKORLIK TAJRIBASI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF–106-sonli Farmoniga muvofiq, “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi strategik hujjat asosida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida yangi ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi. Ushbu ta’lim muassasasi, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida yuqori intellektual salohiyatga ega o‘quvchilarni tanlov asosida saralab olib, ularni chuqurlashtirilgan dasturlar asosida o‘qitishga ixtisoslashgan. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchilarda fundamental bilimlar bilan bir qatorda, ijodiy fikrlash, tashabbuskorlik va xalqaro miqyosda raqobatlasha olish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu maktab bitiruvchilari orasida dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar sonining ortib borayotgani — yurtimizda ta’lim sifatiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, izchil islohotlar va ustuvor strategik yo‘nalishlarning samarali natijasi sifatida baholanishi mumkin. Ayniqsa, yoshlar ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini erta aniqlash, ularni sohaga yo‘naltirish va oliy ta’lim tizimi bilan bog‘lash bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar muhim o‘rin tutadi.
Xususan, mazkur maktabning 10-sinf o‘quvchilari — Usmonov Muhammadamin (moliyaviy va bank ishi yo‘nalishi) hamda Xamidjonova Mohinur (biznes va marketing yo‘nalishi) 2024-yilning yozgi ta’til davrida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ilmiy tadqiqotlar olib borish va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashabbus bilan chiqdilar. Ayniqsa, Xamidjonova Mohinur universitetning Marketing kafedrasi huzuridagi ilmiy guruhlardan biriga faol jalb etilib, professor-o‘qituvchilar rahbarligida chuqurlashtirilgan amaliy va nazariy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, u universitetda tashkil etilgan ijtimoiy va volontyorlik loyihalarida faol ishtirok etib, yetuk mutaxassis sifatida shakllanish yo‘lida muhim qadamlar qo‘ymoqda.
Mazkur tajriba — maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi integratsiyani chuqurlashtiruvchi, o‘quvchilarning kasbiy yo‘nalishini erta aniqlash va ularni ilmiy faoliyatga jalb etish orqali ularda mustahkam motivatsiya va sog‘lom raqobat ruhini shakllantirishga xizmat qiluvchi ilg‘or model sifatida e’tirof etilishi mumkin. Bunday yondashuvlar, shubhasiz, mamlakatimizning intellektual salohiyatini oshirish, ilm-fanni rag‘batlantirish va kelajakda global miqyosda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Qurolov M.O.
PhD, katta o‘qituvchi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Marketing kafedrasi