KAMBAG‘ALLIKSIZ KELAJAK SARI: YANGI O‘ZBEKISTONNING QASHQADARYO TAJRIBASI

Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar – “O‘zbekiston–2030” strategiyasining amaldagi yorqin ifodasi, kambag‘allikka qarshi kurashning real mexanizmi sifatida o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryoni kompleks rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyat salohiyati to‘liq ishga solinmagani, ishsizlik va kambag‘allik hali ham hudud uchun dolzarb muammo ekani ta’kidlandi. Shu asosda, davlat rahbari tomonidan qat’iy vazifalar va aniq moliyaviy mexanizmlar belgilab berildi.
Qashqadaryoda “Islohotlar shtabi” tashkil etilishi – bu yangi bosqichdagi kompleks yangilanishning boshlanishidir. Shtabning maqsadi — mahalliy imkoniyatlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish, turli sohalarda to‘siq bo‘layotgan masalalarni hal etish va aholining hayot sifatini oshirishga qaratilgan loyihalarni nazorat qilishdan iborat.
Davlat raxbari ta’kidlaganidek, “Qashqadaryoda hali ishga solinmagan kamida 15 milliard dollarlik salohiyat bor. Bu imkoniyatlarning uchdan biri loyihaga aylansa, yalpi hududiy mahsulot 10 milliard dollardan oshib ketadi”.
Joriy yilda Qashqadaryoda 470 ming nafar aholini band qilish, 150 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish, Kitob, Qarshi va Shahrisabz kabi shaharlarni "ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud"ga aylantirish belgilangan.
Bu maqsadlarga erishish uchun “Har bir mahalla – manzilli yondashuv” dasturi asosida yoshlar uchun “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari, ayollar uchun “Ayollar daftari” orqali subsidiya va kreditlar, fermer va chorvadorlar uchun imtiyozli moliyalashtirish tizimi joriy etilmoqda.
Masalan, chorvachilik sohasida 127 ta chorvador to‘liq quvvatga chiqishi uchun 14 foizli, 12 oylik kreditlar, 630 nafar chorvadorga esa mol sonini ko‘paytirish uchun arzon resurslar ajratiladi.
Viloyatning har bir tumanida hududiy ehtiyoj va imkoniyatlarga mos quyidagi loyihalar amalga oshirilmoqda. Bularga: Ko‘kdala tumanida 120 km suv va 210 km elektr tarmog‘i tortildi. 605 km tuproq yo‘llar ta’mirlandi, 22 ta bog‘cha, 19 ta maktab, 220 ta ishlab chiqarish korxonasi ishga tushganligini, Yakkabog‘ markazida 1400 xonadonli 54 ta ko‘p qavatli uy, zamonaviy “Eko bozor”, savdo va ko‘ngilochar markaz qurilganligini, Shahrisabz shahrida esa 10 million dollarlik ko‘p tarmoqli xususiy klinika ochilganligini aytish mumkin.
Bundan tashqari, viloyatning har bir tumanida shunday loyihalarning amalga oshirilishi, mamlakatimizda olib borilayotan iqtisodiy islohotlarning natijasi sifatida namoyon bo‘ladi va joylarda aholining turmush trazi yaxshilanib, farovon hayot va muhit shakllanadi.
Albata, aholining turmush farovonligini oshirish bevosita, bandlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, energiya, suv ta’minoti va boshqa sohalarda qilingan ishlar faqat moliyaviy ko‘mak bilan emas, zamonaviy bilim va texnologiyalar bilan ta’minlash bilan bog‘liq o‘lib, shu orqali amalga oshiriladi.
Bugungi kunda viloyatda, CYMMIT (Meksika) bilan hamkorlikda 500 turdagi yangi urug‘ va tez yetiladigan g‘alla navlari olib kelingan. Agro-innovatsiyalar orqali 43 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotini 100 trilliongacha oshirish ko‘zda tutilgan. Quyosh panellari, geliokollektorlar va energiya samarador texnologiyalar har bir mahallada tatbiq etilayotganligi ham fikrimz isbotidir.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar davlat siyosatining haqiqiy insonparvarlik va manzilli yo‘nalishda rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Har bir insonning imkoniyati ochilsa — u ish topadi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, yaxshi ta’lim va tibbiyotga ega bo‘ladi. Shunda kambag‘allik tabiiy ravishda bartaraf etiladi.
Shu bois, Prezident ta’kidlaganidek:
“Belni mahkam bog‘lab ishga kirishsak, biz ololmaydigan marra yo‘q. Qashqadaryo ahli islohotlarning oldingi safida bo‘ladi, men bunga aminman”.
Haydarova Sitora Suranbay kizi